Buning uchun eng avvalo aniq, tushunarli va amalda ishlaydigan huquqiy mexanizmlar zarur. Chunki zoʻravonlik — bu oila ichida “oʻzi hal boʻladigan” shaxsiy masala emas, balki inson qadri, xavfsizligi va huquqlariga tajovuzdir.
Oʻzbekiston Konstitutsiyasida insonning shaxsiy daxlsizligi kafolatlangan, zoʻravonlik, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala taqiqlangan. Demak, har bir ayol va har bir bola oʻz uyida ham, jamiyatda ham xavfsiz yashash huquqiga ega. Bu huquqni taʼminlash esa davlat organlari, mahalla, tibbiyot muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va butun jamiyatning birgalikdagi masʼuliyatidir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bu sohada muhim qadamlar qoʻyildi. 2019 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun ayollarni himoya qilish boʻyicha dastlabki kompleks huquqiy asoslardan biri boʻldi. Unda zoʻravonlikning jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va jinsiy turlari belgilandi, himoya orderi instituti joriy etildi. Masalan, 2025 yilning birinchi yarmida zoʻravonlikdan jabrlangan 55 ming nafar ayolga himoya orderi berilgani bu mexanizmning amalda qoʻllanilayotganini koʻrsatadi.
Biroq raqamlar bir haqiqatni ham ochiq koʻrsatmoqda: muammo hali ham jiddiy. Himoya orderi berilishi yaxshi, ammo eng muhim savol — u ayolni haqiqatan ham himoya qila olyaptimi? Zoʻravonlik haqida murojaat qilingan zahoti kim birinchi harakat qiladi? Ariza qanday roʻyxatga olinadi? Qaysi organ qancha muddatda chora koʻrishi shart? Bu kabi savollarga amaliyotda har doim ham aniq javob topilmayapti.
Shu sababli idoralararo hamkorlikni kuchaytirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Ichki ishlar organlari, tibbiyot muassasalari, mahalla, xotin-qizlar masalalari boʻyicha masʼullar va ijtimoiy xizmatlar yagona tartib asosida ishlashi kerak. Har bir murojaat boʻyicha kim, qachon va qanday harakat qilishi huquqiy jihatdan aniq belgilab qoʻyilishi lozim. Aks holda, zoʻravonlikdan jabr koʻrgan ayol idorama-idora yurib, yana ruhiy bosim ostida qolishi mumkin.
Eng ogʻriqli masalalardan biri — ayol murojaat qilgan paytda uni zudlik bilan himoya qilishdir. Baʼzan zoʻravonga ogʻzaki ogohlantirish berish bilan cheklanish holatlari uchraydi. Ammo zoʻravonlik xavfi mavjud boʻlgan vaziyatda ogʻzaki ogohlantirish yetarli emas. Ayolning hayoti va sogʻligʻi xavf ostida boʻlsa, himoya choralari kechiktirilmasdan qoʻllanishi shart.
Bu borada ayrim xorijiy tajribalar ham eʼtiborga loyiq. Masalan, baʼzi davlatlarda xavf yuqori boʻlsa, himoya choralari jabrlanuvchining arizasisiz ham qoʻllanishi mumkin. Bu yondashuvning maʼnosi oddiy: agar inson qoʻrquv, bosim yoki tahdid sabab ariza yozishga jurʼat qila olmasa, davlat uni himoyasiz qoldirmasligi kerak.
Yana bir muhim masala — jabrlanuvchi ayolning protsess davomida himoyalangan boʻlishidir. Koʻp hollarda ayollar bosim, qoʻrquv yoki oilaviy munosabatlar buzilishidan xavotir qilib, bergan arizasidan voz kechadi. Lekin hayot va sogʻliqqa jiddiy xavf boʻlgan holatlarda ishni faqat jabrlanuvchining arizasiga bogʻlab qoʻyish toʻgʻri emas. Bunday vaziyatlarda davlatning oʻzi faol pozitsiyada boʻlishi, zarur hollarda advokat yordami ham taʼminlanishi kerak.
Zoʻravonlikka qarshi kurashda elektron roʻyxat va yagona davlat maʼlumotlar bazasi ham juda muhim. Har bir murojaat, berilgan himoya orderi, koʻrilgan chora, maʼmuriy yoki jinoiy ish yagona tizimda qayd etilishi lozim. Bu nafaqat statistika uchun, balki real nazorat uchun ham kerak. Chunki qayd etilmagan holat — koʻrinmagan muammo degani. Koʻrinmagan muammoni esa hal qilish qiyin.
Javobgarlik masalasida ham qatʼiylik zarur. Oilaviy zoʻravonlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilangani muhim yangilik boʻldi. Ammo amaliyotda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik oʻrtasidagi chegara baʼzan yetarlicha aniq emas. Takroriy zoʻravonlik holatlarida javobgarlik kuchayishi kerak. Aks holda, bir necha bor maʼmuriy jazo olgan shaxs oʻz harakatini davom ettirishi mumkin.
2025-yilning birinchi yarmida oilaviy-maishiy zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar boʻyicha 6000 dan ortiq shaxs javobgarlikka tortilgan. Ulardan minglab holatlar maʼmuriy ishlar, yuzlab holatlar esa jinoiy ishlar bilan bogʻliq. Bu raqamlar, bir tomondan, huquqiy mexanizmlar ishlayotganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, zoʻravonlik hali ham keng tarqalgan muammo ekanini anglatadi.
Tibbiyot muassasalarining roli ham alohida ahamiyatga ega. Zoʻravonlik oqibatlarini toʻgʻri qayd etish keyingi huquqiy jarayon uchun muhim dalil hisoblanadi. Agar tan jarohatlari toʻliq va sifatli hujjatlashtirilmasa, jabrlanuvchini himoya qilish qiyinlashadi. Shuning uchun barcha tibbiyot muassasalari uchun zoʻravonlik oqibatlarini qayd etishning yagona standarti ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, davlat organlari xodimlarining masʼuliyati ham kuchaytirilishi kerak. Arizani qabul qilmaslik, murojaatni kechiktirish, profilaktik suhbatni rasmiyatchilik uchun oʻtkazish yoki himoya choralarini oʻz vaqtida qoʻllamaslik — bularning barchasi jabrlanuvchi uchun katta xavf tugʻdirishi mumkin. Shu bois bunday holatlar uchun alohida intizomiy va huquqiy javobgarlik belgilanishi zarur.
Zoʻravonlikka toqatsiz jamiyat faqat qonun bilan emas, balki qonunni toʻgʻri qoʻllaydigan mutaxassislar bilan ham shakllanadi. Ichki ishlar xodimlari, sudyalar, shifokorlar, psixologlar, ijtimoiy xodimlar va mahalla masʼullari bu sohada maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi kerak. Ular zoʻravonlikni “oilaviy kelishmovchilik” deb emas, inson huquqlarining buzilishi deb baholashi shart.
Xulosa qilib aytganda, ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashishda asosiy vazifa — mavjud qonunlarni hayotda toʻliq ishlatishdir. Himoya orderi qogʻozda emas, amalda himoya berishi kerak. Murojaat qilgan ayol idoralar eshigi oldida sarson boʻlmasligi, aksincha, birinchi daqiqalardanoq davlat himoyasini his qilishi lozim.
Zoʻravonlikka toqatsiz munosabat — bu faqat jamiyatning axloqiy talabi emas. Bu huquqiy davlatning asosiy belgisidir. Ayollar va bolalar xavfsizligi taʼminlangan jamiyatdagina adolat, ishonch va barqarorlik haqida gapirish mumkin.
Iroda Yakubova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Intellektual mulk huquqi shoʻbasi
professori v.b., yuridik fanlari doktori (DSc)