Shu paytgacha Qusam ibn Abbos, Abu Hafs Kabir kabi shaxslarning hayoti va ilmiy merosi yetarli darajada oʻrganilmagan. Ekspozitsiyada esa ular haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Vaqt
devori
Ushbu boʻlimdan islom dinining tarqalishi, Bayt ul-hikma akademiyasida faoliyat
yuritgan allomalar, Maʼmun akademiyasi tasvirlangan uchta yirik, mahobatli rangtasvir
asari oʻrin olgan. Shuningdek, devor boʻylab turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika
namunalari, xarita, videorolik, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan.
Zal markazida Birinchi Renessans davrida barpo etilgan somoniylar maqbarasi,
Magʻoki Attoriy masjidi, Chashmai Ayyub yodgorligi, Qusamiya madrasasi singari yodgorliklar
maketini koʻramiz. Shuningdek, saljuqiylar davrida tayyorlangan zargarlik buyumlari,
ikki boshli burgut tasvirlangan davlat tugʻrosi ham ziyoratchilarni befarq qoldirmaydi.
Bu osori atiqalar Prezidentimizning topshirigʻi asosida xorijdan qaytarib olib
kelingan.
Zal toʻrida
muqaddas Kaʼbaning eshigi nusxasi va 1988-yili ishlatilgan kaʼbapoʻsh
(kisva)ning asl nusxasi joylangan. Shuningdek, bu yerda Kaʼbaning XIII-XIV
asrlarda Misrda mamluklar davrida yasalgan kalitlarini, kisvaning 2023-yili
Saudiya Arabiston Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Oʻzbekiston rahbariga tuhfa
qilgan parchasini koʻrish mumkin.
Shuningdek, ushbu
zaldan Birinchi Renessansga bagʻishlangan 4 daqiqali rolik ham oʻrin olgan.
Kapsulalar
Zalning oʻng
tomonida yettita kapsula boʻlib, ularning har biri Birinchi Renessansga
aloqador mavzularga qaratilgan. Mazkur kapsulalarda turli videorolik,
qoʻlyozma, tarixiy artefakt, maket va mulyajlarga duch kelasiz.
Masalan, birinchi
kapsulada islom dinining tarqalishi bilan bogʻliq maʼlumotlar, video va
interaktiv matnlar, Muhammad alayhissalomning jahon hukmdorlariga yuborgan
maktublari nusxasi, Kaʼba surati va duolar bitilgan kashtalar, Qurʼoni
karimning IX-XI asrlarga oid sahifalari va qoʻlyozmalari oʻrin olgan.
Ikkinchi kapsula
Bayt ul-hikmaga bagʻishlangan. Buyuk olim Muhammad Xorazmiy unda rahbar
sifatida faoliyat yuritgan, algebra faniga asos solgan. Bayt ul-hikmada faoliyat
yuritgan yana bir olim Ahmad Fargʻoniydir. U Nil daryosida qurilgan maxsus suv
oʻlchovchi asbob — nilometrni tubdan takomillashtirgan. Bu nilometr
gidrostatika qonuniga asosan ishlagan. Shu qurilma yordamida Nil daryosidagi
suv hajmi oʻlchangan. Bir yillik suv miqdori, Nil deltasida olinadigan hosil
oldindan hisoblab berilgan. Shunga qarab, davlat aholidan soliq undirgan.
Qurgʻoqchilik yoki suv toshqinlari oldindan taxmin qilingan va ularga
tayyorgarlik koʻrilgan.
Abu Nasr Forobiy
siyosiy falsafa va ijtimoiy psixologiyaga bagʻishlangan “Fozil odamlar shahri”
asarini yozgan. Unda namunaviy davlat modelini tavsiflab bergan. Shuningdek,
“Musiqa haqidagi katta kitob”ida musiqa nazariyasi va tarixi haqida tizimli
maʼlumot bergan, ud cholgʻu asbobini yaratgan. Prezidentimiz alloma merosiga
alohida toʻxtalib, Forobiyning Markaziy Osiyo tarixidagi muhim siymolardan biri
ekanini taʼkidlagan edi.
Uchinchi kapsula
Maʼmun akademiyasi, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari allomalar
merosiga bagʻishlangan. Beruniy yashagan davrni dunyo olimlari “Beruniy asri”
deb atagan. Bu eʼtirofni Frederik Starr ham koʻp taʼkidlagan. Beruniyning
“Tafhim”, “Osor ul-boqiya” asarlari, Abu Ali ibn Sino asarining XIV asrga oid
ibroniy tilidagi tarjimasi faksimile nashri hamda “Kitob ush-shifo”ning
1494-yili Hirotda koʻchirilgan nusxasi joylangan.
Toʻrtinchi
kapsulaning quyi qavatida ushbu ekspozitsiyaga doir ikki daqiqali rolik tomosha
qilasiz. Ikkinchi qavatda Abu Rayhon Beruniy 1037-yili ishlab chiqqan va oʻzbek
olimlari qayta tiklagan yarim sharni koʻrishingiz mumkin.
Markaz faoliyatida
somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshohlar davridagi sivilizatsiya
jarayonlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Vitrinalarda har bir davr boʻyicha
alohida artefaktlar, miniatyuralar, maʼlumotlar jamlangan.
Shuningdek,
keyingi uchta kapsula islom ilmlarining buyuk namoyandalari Imom Buxoriy, Imom
Termiziy, Abu Mansur Moturidiy singari allomalarga bagʻishlangan. Ularning
maqbaralari maketi, asarlari, hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoni
mavjud.
Firuza ABDUSAGATOVA,
OʻzMU katta oʻqituvchisi