Qiziq holat, shunday emasmi? Odatda, ko‘pchilik yoshlar bilim olish maqsadida o‘z qishlog‘ini tashlab, shaharga yo‘l oladi. Yuqoridagi holatda esa o‘quvchi barcha imkoniyatga ega katta shaharni tark etib, yurtimizning chekka tumanidagi bir maktabga ketdi.

Nega bu voqeani esladim? Gap shundaki, keyingi paytlarda odamlar o‘rtasidagi muloqotlarda, suhbat va uchrashuvlarda “Bolalar o‘qimay qo‘ydi” degan bahsli mulohazalar ko‘p aytiladigan bo‘lib qoldi. Xo‘sh, haqiqatan shundaymi? Rostdan ham hozirgi avlod o‘qimay qo‘ydimi? Bolalar savodsiz bo‘lib voyaga yetyaptimi?

Keling, ushbu savollarga javob topish uchun atrofga bir nazar tashlab, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi holat va jarayonlarni tahlil qilib ko‘raylik.

Kutubxonalarda joy yo‘q

Hozir dunyoda, jumladan, O‘zbekistondagi yoshlar hayotida ham juda qiziq jarayon kechmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar farzandlarimizning vaqtini band etayotgani va tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bor gap. Aslida, ijtimoiy tarmoqlar faqat o‘quvchilar, o‘smirlar va yoshlarni emas, balki beshikdagi go‘dakdan tortib, yetmish-sakson yoshni qoralagan kampiru chollarni, dalada dehqonchilik qilayotgan dehqondan tortib, ko‘chada kirakashlik qilayotgan haydovchilarni ham domiga tortib bo‘lgan. Bunga isbot izlab yurish shart emas, e’tiroz bildirishga ham o‘rin yo‘q. Har qadamda bu holatga duch kelyapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda bugun har bir soha vakillarining, bundan tashqari, qarindoshlar, sinfdoshlar, kursdoshlar va armiyada birga xizmat qilgan safdoshlarning muntazam muloqot qilib turadigan o‘z guruhlari bor.

Lekin shunday sharoitda ham o‘qiyman degan bola o‘qiyapti, izlanyapti, foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanyapti. Ulardan biri haqida yuqorida aytib o‘tdik: u ilm o‘rganish maqsadida uyidan olis bir tumanga yo‘l olgan. Qolaversa, maktablarga borib ko‘ring, o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan gaplashing. Bu dargohga chin ma’noda o‘qish istagida borayotgan o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular o‘qituvchilari atrofida birlashib, kitob o‘qiyapti, turli mashg‘ulotlarga qatnayapti, qo‘shimcha darslarga boryapti.

Albatta, ota-onasidan qo‘rqib yoki ularning zo‘rlovi va qistovi bilan maktabga keladiganlar, o‘qishni ikkinchi darajali ish yoki ortiqcha yumush deb biladiganlar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Lekin ular unchalik ko‘p emas, nazarimda. Aksariyat bolalar o‘qishni, hunar o‘rganishni va kelajakda yaxshi kasb egasi bo‘lishni istaydi.

Keyingi bir yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga uch-to‘rt marta bordim. Kutubxonada o‘tirib kitob o‘qishga joy yo‘q, o‘rindiqlarning barchasi band. Kimlardir hatto yerda o‘tirib, kitob mutolaa qilyapti. Demoqchimizki, kitob o‘qiyotganlar juda ko‘p. Ayrimlar badiiy asarlarni va o‘ziga kerakli adabiyotlarni smartfoni yoki noutbukiga yuklab olgan. Shuning uchun ular yo‘lda ham, metroda ham, uyda ham bu kitoblardan bemalol foydalanmoqda.

Poytaxtimizdagi boshqa kutubxona va axborot-resurs markazlarida ham ahvol shunday: kitob o‘qishga joy yetishmaydi.

— Kitob dunyodagi eng bebaho, nondek aziz ne’matlardan, — deydi Toshkent shahridagi “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hafiza Karimova. — Bola qalbidagi eng go‘zal tuyg‘ular va chin insoniy fazilatlar badiiy asarlar hamda kitoblar mutolaasi orqali asta-sekin shakllanib boradi. Yoshlar qaysi sohani tanlamasin, oldiga qo‘ygan maqsadi va orzusini amalga oshirish uchun, albatta, kitobga murojaat qiladi. Bugun kutubxonaga mutolaa uchun kelayotganlarning aksariyatini maktab o‘quvchilari va talabalar tashkil etadi. Ularning ilmga, o‘qishga intilishini ko‘rib, havasim keladi.

O‘tmishga nazar

Ba’zilarning fikricha, ilgari, ayniqsa, sho‘rolar davrida odamlarda kitob o‘qishga ishtiyoq juda baland bo‘lgan. Shuning uchun ham kitoblar bugungidek 500, 1000 yoki 2000 nusxada emas, balki 50-100 ming adadda chop etilgan. Taniqli shoir va yozuvchilarning kitoblari do‘konlarda hatto yashirincha sotilgan.

To‘g‘ri, o‘sha paytda badiiy adabiyot o‘qishga qiziqish nisbatan kuchli edi. Odamlar kitob do‘konlaridan o‘zi yaxshi ko‘rgan asarlarni izlab topib o‘qirdi. Lekin maktab dasturlari va darsliklarni o‘qish hamda o‘zlashtirish hozirgi darajadan baland emasdi. Xulosa shuki, o‘sha paytlarda ham o‘qishni istaganlar o‘qigan, istamaganlar esa yo‘q.

Gap isboti bilan. Bir do‘stimning aytishicha, 1977-yili 10-sinfni 50 o‘quvchi bitirgan. Shuncha yigit-qizdan bor-yo‘g‘i to‘rt nafari institutga o‘qishga kirib, oliy ma’lumotli bo‘lgan. O‘sha to‘rt o‘quvchining ikki nafari ham maktabni bitirgan yili emas, balki keyingi yili oliy o‘quv yurtiga kirgan. “Sinfdoshlarimiz orasida o‘qishga kelmay, qo‘y boqib yuradiganlar ham, otasining o‘rniga dalaga ishga chiqadiganlar ham, shunchaki o‘qishni istamaydiganlar ham bor edi, — deydi do‘stim. — Maktabni bitirgandan so‘ng ularning ayrimlari xo‘jalikda traktorchi, brigadir, suvchi, oddiy ishchi bo‘lib ishladi. Maoshi tirikchiligiga yetmaganidan noliganlari ham bo‘ldi”.

Xo‘sh, bu borada bugungi ahvol qanday? Tan olib aytish kerak, hozir ayrim maktablarning bitiruvchilari yuz foiz oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lmoqda. Albatta, keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalari soni nisbatan ancha ko‘paydi, lekin bu bir maktab o‘quvchilarining yuz foiz o‘qishga kirishiga asosiy sabab shu bo‘ldi deyish noto‘g‘ri.

Haqli xavotir

Bu yilgi o‘qishga kirish jarayoni yoshlarimizning ko‘pchiligi bilim olishni muhim maqsad sifatida ko‘rayotganini tasdiqladi. Joriy yilda mamlakatimiz maktablarini salkam 500 ming o‘quvchi bitirdi. Ularning 333 ming 463 nafari oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etdi. Bu — har 100 bitiruvchidan taxminan 73 nafari oliy ma’lumot egasi bo‘lishga qaror qilgan deganidir. Ular to‘plagan o‘rtacha ball ham avvalgi yillardagiga qaraganda sezilarli darajada yaxshilanib, 92,5 ballni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yili 80,9 ball edi.

Maktablardagi ta’lim sifatini hududlar misolida olib ko‘rsak, quyidagi manzara hosil bo‘ladi. Joriy yilda Navoiy viloyati maktablarini bitirgan o‘quvchilarning 52,5 foizi, Buxoro viloyati maktablarini bitirgan o‘quvchilarning 37,9 foizi oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgan. Kuchli uchlikni Jizzax viloyati maktablari bitiruvchilari yakunlagan — 35,9 foiz.

Ko‘rinib turibdiki, bu yil talaba bo‘lish uchun raqobat nafaqat katta, balki juda yuqori bo‘lgan. Jumladan, 4825 bitiruvchi 189 ball, ya’ni maksimal natijani qayd etgan. 2025 yilda bunday bitiruvchilar soni 619 nafarni tashkil qilgan edi. Qarang, maksimal ball qayd etganlar soni bir yilda 8 barobar ko‘payibdi. Bu natijaga faqat test tizimi nuqtayi nazaridan emas, balki yoshlarning fanlarni chuqur o‘zlashtirishga intilishi nuqtayi nazaridan ham qarash lozim. Darvoqe, joriy yilda barcha fandan tegishli sertifikatga ega abituriyentlar test sinovlaridan ozod qilinib, to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlov bosqichiga o‘tkazildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri yaqinda muxbirlarga bergan intervyularidan birida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bu yilgi qabul vaqtida kuzatilgan holat haqida gapirib o‘tdi va hayratini yashirmadi. Uning aytishicha, universitetga 550 abituriyent qabul qilinishi kerak edi. Lekin 3200 abituriyent maksimal — 189 ball to‘plab, talaba bo‘libdi.

Kelgusi yili maksimal ball to‘playdiganlar soni bundan ham ko‘p bo‘ladi, bunga shubha yo‘q. Shunday holatda, agar yetakchi oliy ta’lim muassasalarining har biriga o‘rtacha 5000 dan abituriyent hujjat topshirib, hammasi maksimal ball to‘plasa, ahvol nima kechadi? 500 o‘ringa 5000 talaba qabul qilinaveradimi? Oliy ta’lim muassasalarida ular uchun yetarli sharoit yaratilganmi? O‘qituvchilar va auditoriyalar yetarlimi? Viloyatlardan kelgan talabalar uchun yotoqxonalar bormi? Bu savollar mutasaddilarning haqli xavotiriga sabab bo‘lishi tabiiy.

Xususiy maktabda ta’lim olmoqchimisiz?

Keyingi yillarda yurtimizda davlat maktablari qatorida xususiy maktablar ham ko‘payib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, birgina Toshkent shahrining o‘zida 100 dan ziyod xususiy maktab bor. Ulardagi to‘lov oyiga taxminan o‘rtacha 4 million so‘mdan 25 million so‘mgacha. O‘sha maktablar haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda rosa ommalashgani uchun ro‘yxatni keltirishni lozim topmadik. Viloyatlarda ham ko‘plab xususiy maktablar ochilmoqda. Ulardagi narx Toshkentdagiga nisbatan bir oz past bo‘lishi mumkin.

Nima uchun xususiy maktablar va ulardagi ta’lim narxi haqida so‘z ochganimizni tushungan bo‘lsangiz kerak. Mana shu maktablarga o‘g‘il yoki qizingizni joylashtirmoqchi bo‘lsangiz, ancha ter to‘kishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki ularda ko‘pincha bo‘sh o‘rin bo‘lmaydi. Ishonmasangiz, telefon raqamlarini topib, qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring. Bu bugun ko‘plab yoshlarimiz barcha imkoniyatga ega, xorijlik o‘qituvchilar dars beradigan maktablarda ta’lim olishni istayotgani dalolatidir.

Bilim ortidan dunyo sari

Bugun o‘zbek yoshlarining orzulari allaqachon dunyoga yuz tutgan. Ular jahonning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, zamonaviy ilm-fan va texnologiya sirlarini o‘rganmoqda. Masalan, o‘tgan yilning yanvar-oktabr oylarida xorijga 26,4 ming, jumladan, Rossiyaga 5836, Janubiy Koreyaga 3344, Turkiyaga 2256, Buyuk Britaniyaga 839, Germaniyaga 366 va AQShga 318 yigit-qiz bilim olish maqsadida yo‘l olgan.

Prezident ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan maktablar yoki oddiy qishloq maktabini tugatib, grant asosida dunyodagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan yoshlarimiz qancha! Bu yoshlarning qiziqishi turlicha, albatta. Kimdir sun’iy intellekt va dasturlash sohasida tadqiqot olib borsa, yana kimdir tibbiyot, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar yoki muhandislik yo‘nalishida bilim olmoqda. Ammo ularni birlashtirib turadigan umumiy jihat bor: ularning aksariyati bilimni faqat shaxsiy manfaat uchun emas, balki kengroq maqsadlar yo‘lida sarflashga intilmoqda. Ular olgan bilimi va tajribasini Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirish, yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish, zamonaviy biznes hamda ilmiy loyihalarni rivojlantirish va yosh avlodga o‘z tajribasini o‘rgatishni maqsad qilgan.

Bir misol keltiraman. Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida tug‘ilgan Shodiyorxon Abdivoyitov Garvard universitetini tugatgan. U bemalol AQSHda qolishi yoki Yevropaning birorta davlatiga borib, yirik kompaniyalardan birida ishlashi mumkin edi. Buning uchun uning bilimi ham, iqtidori ham, imkoniyati ham yetarli edi. Lekin Shodiyorxon o‘z yurtida ishlashga qaror qildi. Uning ta’lim sohasidagi tashabbuslari bugun ko‘plab yoshlarga ilhom bermoqda.

Ulug‘ maqsadlar yo‘lida

Oliy ma’lumot olishga intilish ortishi tabiiy ravishda “Bu ehtiyoj kitobxonlikda ham ko‘rinyaptimi?” degan savolni keltirib chiqaradi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yosh kitobxon” tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Unda yuz minglab o‘g‘il-qizlar ishtirok etmoqda. Bu esa bugun o‘quvchi va talabalar bevosita kitob mutolaasi bilan band ekanini anglatadi.

Bundan tashqari, “Yosh kitobxon oila” tanlovi ham yildan yilga ommalashib bormoqda. 2024-yilda bu tanlovda 94 ming oila qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda qariyb 96 ming yosh oila ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.

To‘g‘ri, tanlovda qatnashish ko‘rsatkichini barcha yoshlarning kitob o‘qish darajasi sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Ammo bu yurtimizda kitob o‘qishga qiziquvchi yoshlar borligini va ularning safi tobora kengayib borayotganini anglatadi.

Joriy yil boshida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi va talabalar o‘rtasida “TOP-100 kitobxon” tanlovini o‘tkazish hamda g‘oliblarni rag‘batlantirish nazarda tutildi. Har bir g‘olibga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida mukofot berilishi belgilangan. Yana bir muhim maqsad yoshlarning kitobxonlik ko‘rsatkichini yiliga o‘rtacha 12 ta kitobga yetkazish va elektron kitob platformalaridan foydalanish qamrovini kengaytirishdir.

To‘g‘ri, butun yurtimizda hamma yosh kitob o‘qiyapti degan xulosaga kelishga hali erta. 2025-2026-yillarda “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 16,4 foizi har kuni, 16,5 foizi esa haftada bir necha marta kitob o‘qishini aytgan. Bu raqamlar biz kutgandan ancha past. O‘quvchilar orasida hozirgi olim, yozuvchi va shoirlarimiz u yoqda tursin, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Forobiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi dunyo tan olgan buyuk ajdodlarimizni, yurtimiz ozodligi uchun kurashgan jadid ma’rifatparvarlarini ham bilmaydiganlar uchrab turadi.

Shunday bo‘lsa-da, xavotirlanishga asos yo‘q. Chunki keyingi yillarda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish borasida qilinayotgan ishlar o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi. So‘rovnomaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har kuni kitob o‘qiydiganlar ulushi 2025-yildagi 10,2 foizdan 2026-yilda 16,4 foizga oshgan. Demak, ijtimoiy tarmoqlarning zararli jihatlarini tushunib borayotgan va kitob o‘qishga ishtiyoqi ortayotganlar soni bir yilda 6,2 foiz ko‘paygan. Shu o‘rinda so‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pi aynan badiiy kitob o‘qish masalasida fikr bildirganini ham e’tiborga olish lozim.

Bundan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda kitob mutolaasi bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Zero, kitob o‘qiyotgan avlod faqat bugunning o‘quvchisi emas, balki ertangi kunning yetuk mutaxassisi, olimi, muhandisi, shifokori, o‘qituvchisi, tadbirkori va rahbarlari. Boshqacha ta’riflasak, ular mamlakatning ertangi intellektual salohiyatidir.

Gapimizga nuqta qo‘yishdan oldin sarlavhadagi asosiy savolga yana bir bor to‘xtalib o‘tsak: bolalar kitob o‘qimayaptimi?

Hech bir soha vakili kitob o‘qimay, kitobga oshno bo‘lmay turib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olmaydi. Ilm olmay, kasb sirlarini o‘rganmay, ilmiy asarlar va yangiliklarga tayanmay, biror ixtiro qilish juda qiyin.

Albatta, telefon va turli ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bugungi davrda kitob mutolaasi o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘yishi mumkin degan xavotirlar ham yo‘q emas. Ammo kutubxonalarimizdagi tirbandlik, qimmat bo‘lsa-da, xususiy maktablarda bo‘sh joyning yo‘qligi, maktab bitiruvchilarining katta qismi oliy o‘quv yurtlariga kirishga intilayotgani, xorijdagi yetakchi universitetlarda o‘qishni istayotganlar sonining yil sayin ko‘payib borayotgani, yoshlarning kitobxonlik tanlovlaridagi faol ishtiroki, milliy va xalqaro sertifikatlarga qiziqishi hamda yuqori natijalarga intilishi mutlaqo boshqa manzarani ko‘rsatmoqda. Ularning ko‘pi o‘qiyapti, izlanyapti va ulug‘vor maqsadlar bilan yashayapti.

Bekqul EGAMQULOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri