Xo‘sh, bu yo‘nalish qanday chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi?

Bolalar saratonini, odatda, ommaviy skrining orqali aniqlash imkoniyati cheklangan. Shu sababli o‘z vaqtida va aniq tashxis qo‘yish yashovchanlikni oshirishning eng muhim omillaridan biri.

Milliy rejaga ko‘ra, saratonga shubha qilingan har bir bola uchun “yashil yo‘lak” tamoyili joriy etiladi. U bemorning yashash joyidan qat’i nazar, dastlabki alomatlar aniqlangan paytdan boshlab zarur tekshiruv va ixtisoslashtirilgan yordamga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Buning uchun:

bemorlarni mutaxassislarga yo‘naltirishning standart protokollari joriy etiladi;

birlamchi bo‘g‘in shifokorlari bolalar saratonini erta aniqlash bo‘yicha muntazam o‘qitiladi;

hududlarda laboratoriya diagnostikasi modernizatsiya qilinadi, morfologik diagnostika bo‘yicha referens-markazlar yo‘lga qo‘yiladi;

hududiy va respublika markazlari o‘rtasida teletibbiyot maslahatlari kengaytiriladi;

MRT, MSKT, PET-KT va boshqa zamonaviy nur diagnostikasi imkoniyatlari bosqichma-bosqich rivojlantiriladi.

2030-yilga borib, tashxislarning 95 foizini bemorning sog‘liqni saqlash tizimiga birinchi murojaatidan keyin 14 kun ichida qo‘yish maqsad qilingan.

Shuningdek, birlamchi bo‘g‘in shifokorlarining 98 foizi bolalar saratonini erta tashxislash bo‘yicha xabardor bo‘lishi, birlamchi tashxislarning referens-laboratoriyadagi tasdiqlovchi diagnostika bilan muvofiqligi 95 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Asosiy maqsad bola qayerda yashashidan qat’i nazar, unga tezkor, aniq va bir xil standartdagi diagnostika imkoniyatini yaratishdan iborat.

SSV Matbuot xizmati.