Kengashning asosiy vazifalari homiladorlik va tugʻruq davrida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlarni barvaqt aniqlash, yuqori xavf guruhiga kiruvchi homiladorlarni oʻz vaqtida nazoratga olish, murakkab holatlarda yagona tibbiy taktikani belgilash hamda ona va homila hayoti va salomatligini muhofaza qilishdan iborat.

Kengashga Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Muxsin Rajabov raislik qiladi. Uning tarkibiga viloyat tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyati filiali rahbari, Buxoro shahar tugʻruq kompleksi bosh vrachi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining akusher-ginekolog mutaxassisi kiritilgan.

Zarur hollarda Kengash ishiga anesteziolog-reanimatolog, neonatolog, terapevt, kardiolog va boshqa tor soha mutaxassislari ham jalb etiladi.

Kengash majlislarida yuqori xavfli va murakkab homiladorlik hamda tugʻruq holatlari koʻrib chiqiladi. Xususan, akusherlik qon ketishi, preeklampsiya va eklampsiya, akusherlik sepsisi, homila distressi kabi ogʻir holatlarda tibbiy yordam koʻrsatish taktikasi muhokama qilinadi. Zarur hollarda bemorni yuqori darajadagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga yoʻllash masalasi hal etiladi.

Shuningdek, ogʻir akusherlik asoratlari, ona va perinatal oʻlim holatlari, shoshilinch kesar kesish operatsiyalari, akusherlik qon ketishlari, gipertenziv asoratlar va akusherlik sepsisi kabi kritik holatlar muntazam tahlil qilinadi.

Kengashning tashkil etilishi viloyatda akusherlik yordamini tashkil etishda yagona yondashuvni taʼminlash, yuqori xavfli homiladorlarni erta aniqlash, asoratlarning oldini olish va murakkab holatlarda tezkor hamda asoslangan tibbiy qarorlar qabul qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.