Qonunga ko‘ra, ta’lim muassasalarida tarbiya va ta’lim jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llagan yoki ularni tahqirlashgan shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.
Hujjat bilan davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila tarbiyasiga faqat ularning qarindoshlariga berish tartibi joriy etilmoqda.
Senatorlar ushbu qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, ta’lim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.