Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir tumanida “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish” mavzusida maxsus-taktik oʻquv seminari tashkil etildi.
Seminarning birinchi bosqichda zararli chigirtkalarning tarqalish holati va oʻtkaziladigan profilaktik chora-tadbirlar , zararli chigirtkalarga qarshi kurashda qoʻllaniladigan preparatlar bilan odamlar yoki hayvonlar zaharlanganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullari , zararli chigirtkalarga qarshi kompleks chora-tadbirlar singari mavzularda maʼlumotlar berildi . Ikkinchi bosqichda esa zararli chigirtkalarga qarshi amaliy mashgʻulotlar olib borildi .
- Qoraqalpogʻiston Respublikasida zararli chigirtkalarning rivojlanishi va tarqalishiga qulay 3 million gektardan ortiq yer maydoni bor boʻlib , oʻtgan yilgi kuzgi kuzatuv natijalari boʻyicha 95 750 gektar yer maydonida zararli chigirtkalar tuxum donachalari qoʻyilgani aniqlandi . 2025-yil yakuni boʻyicha 76 720 gektar maydonda zararli chigirtka oʻchoqlariga qarshi kimyoviy ishlov berish ishlari oʻtkazildi . Bu yilgi kimyoviy ishlov berish ishlari respublika hududida tarqalish vaqtini hisobga olib , may oyidan boshlanishi rejalashtirilgan , — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati boshliq oʻrinbosari Atabek Daukov . – Shuningdek , Qoraqalpogʻiston Respublikasi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2026-yil 16-mart sanasidan boshlab tumanlarga biriktirilgan maxsus otryadlar tomonidan zararli chigirtkalarning tuxum qoʻygan maydonlarini aniqlash maqsadida keng qamrovli kuzatuv ishlari olib borilmoqda .
Mutaxassislar taʼkidlashicha , Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqlim sharoitida may oyining ikkinchi oʻn kunligidan boshlab chigirtkalar tuxum koʻzachalaridan chiqib , faol tarqala boshlaydi . Shu sababli , kuzatuv ishlarini erta boshlash va xavfli hududlarni oldindan aniqlash katta ahamiyatga ega .
Joriy mavsumda zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida respublika boʻyicha 9 ta maxsus otryad shakllantirildi . Ushbu otryadlar zamonaviy texnika va vositalar bilan taʼminlangan boʻlib , jumladan , 8 ta VP -1 rusumli agregat , 11 ta OVX -600 purkagichli traktor , 10 ta yuqori unumli UMO purkagichli avtomashina , 90 ta motorli qoʻl apparati hamda maxsus suv tashuvchi texnikalar toʻliq shay holatga keltirilgan .
Xulosa qilib aytganda , zararli chigirtkalarga qarshi kurash ishlarini oʻz vaqtida va tizimli ravishda amalga oshirish orqali qishloq xoʻjaligi ekinlarini ishonchli himoya qilish , hosildorlikni saqlab qolish va agrar sohada barqarorlikni taʼminlashga erishiladi .
Minajatdin QUTL ЫMURATOV ,
“Yangi Oʻzbekiston ” muxbiri .