Bugun respublikaning katta qismida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

27 iyun kuni ham yog‘ingarchilik asosan Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida kuzatiladi.

28 iyun kuni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ob-havo beqarorlashib, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Respublikaning boshqa hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Shamol tezligi sekundiga 7–12 metrni tashkil etadi, ayrim joylarda 13–18 metr/sekundgacha, shimoliy va cho‘l hududlarda esa 20–22 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati asosan 32–37 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘istonning shimolida harorat 23–28 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq kuzatiladi. Shuningdek, ushbu hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Toshkent shahrida bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo 37–39 darajagacha isiydi. Shanba kuni qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, harorat 38–40 daraja bo‘ladi. Yakshanba kuni esa yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzgi harorat 39–41 daraja atrofida bo‘ladi. Kechasi havo 23–26 daraja bo‘lib, shamol sharqdan esadi, ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.