Yaxshigina qalami bor, biroq faqat tahririyatlardan oladigan gonorar hisobiga kun koʻradi. Aniqrogʻi, kun koʻrish uchun yozib turadi. Doim katta orzular bilan yashaydi. Ammo asar soʻngiga qadar kambagʻalligicha qoladi.
Chetdan qaraganda, buning barchasiga qahramonning oʻzi yoki taqdir aybdordek. U doim bu girdobdan chiqishga urinsa-da, jamiyatning befarqligi, atrofdagilarning sovuqqonligi, qoʻl uzatadigan kishi yoʻqligi tufayli kambagʻallik domiga tobora chuqur kirib boradi. Hech kim unga koʻmak berishni istamadi. Barchaning nazarida u nochor kimsa edi.
Kambagʻallikning ildizi koʻpincha ana shunday befarqlikka borib taqaladi. Nochor, ishsiz odam jamiyatdan uzilib qoladi, oʻzini atrofga begonadek his qiladi. Yordam beradigan bir necha kishini aytmasa, odamlar ham undan chetroq boʻlishga intiladi. Chunki qoʻldan berganga qush toʻymas. Ishsiz, doimiy daromadga ega boʻlmagan odam oʻzini oʻnglab olishi baribir qiyin. Qoʻlida hunari, kasb-kori boʻlmagan kishi tayinli ish topishi ham amri mahol. Natijada kambagʻallik faqat moddiy yetishmovchilik emas, balki ruhiy tushkunlik, oʻzini keraksiz his qilishga olib keladi.
Yangi Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash boshlangan dastlabki kunlardanoq ana shunday boshi berk koʻchaga kirib qolgan insonlarga yordam qoʻli uzatildi. Bu shunchaki moddiy koʻmak emas, balki real va doimiy daromadga ega boʻlish, farovon hayot kechirish, jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida barcha qulayliklardan foydalanish uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar edi.
Shu tariqa yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish milliy harakatga aylandi. Oʻtgan davrda bu harakat bir muddat boʻlsa- da toʻxtamadi. Yildan yilga faollashib, takomillashib boryapti. Shunga yarasha kambagʻallik koʻrsatkichi ham pasaymoqda. Oʻtgan yili kambagʻallik 8,9 foizdan 5,8 foizga tushirildi. 2026-yil yakunida 2,8 foizga tushishi, 2030-yilga borib esa mamlakatimizda kambagʻallikka toʻliq barham berish vazifasi qoʻyilgan.
Bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Ularning ortida oilalar farovonligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, chora- tadbirlar turibdi. Yoʻnalishlar, harakatlar koʻlami nihoyatda keng. Yurtimizdagi har bir soha deyarli ana shu vazifaga yoʻnaltirilgan. Birgina bandlik yoʻnalishini olaylik. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili 5,4 million yurtdoshimizning bandligi taʼminlanib, millionlab odam doimiy ish oʻrni, tadbirkorlik va yangi iqtisodiy imkoniyatlar orqali daromad manbaiga ega boʻldi. Shuningdek, hokim yordamchilari koʻmagida mahallalarda 410 mingga yaqin mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida 840 ming kishining rasmiy bandligi taʼminlandi.
Har bir xonadondan fuqarogacha
Aholi bandligini taʼminlash kambagʻallikni qisqartirishning asosiy va eng muhim qismi. Chunki kambagʻal oila aʼzolariga har qancha moddiy koʻmak berilmasin, doimiy ish joyi boʻlmasa, turmushini izga solib olishi qiyin kechadi. Bu tushunarli. Ammo masalaning boshqa jihati bor. Gap shundaki, aholi bandligini taʼminlash hamma mamlakatda dolzarb masalalardan.
— Bugun dunyo eʼtirof etayotgan, kerak boʻlsa, namuna olayotgan yangi taraqqiyot modelining oʻziga xosligi ham shunda — aholining ishsiz qatlami uchun turli yoʻnalishlarda doimiy daromad manbaini yaratishga qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishda asosiy yetti tamoyil tanlab olingan. Bu faqat moliyaviy yoki ijtimoiy xizmatlar bilan cheklanib qolmaydi, — deydi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Joʻrayev. — Bunda aholining taʼlim olishi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi, yashash sharoiti, mahalla infratuzilmasini yaxshilashi, davlat organlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilishini taʼminlash kabilar qamrab olinadi. Ana shu yoʻnalishlar boʻyicha kambagʻal oilalarga 200 dan ortiq xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Barqaror bandlik yoʻnalishida oilalarni xizmatlar bilan qamrab olish, yuqori daromad topishga qaratilgan saʼy-harakatlar shular jumlasidan. Bu yoʻnalishda 50 dan ortiq xizmat mavjud boʻlib, ular kasb-hunarga oʻqitish, doimiy ishga joylashtirish hamda tadbirkorlikka jalb qilish kabilarni qamrab oladi. 2025-yili kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan 523 ming oilaga “individual rejalar” asosida daromadini oshirishga qaratilgan qariyb 951 mingta xizmat koʻrsatildi.
Natijada 369 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 132 ming fuqaroga kredit va subsidiya ajratildi, 395 ming yurtdoshimiz tadbirkorlikka jalb qilindi, 54 mingi kasb-hunarga oʻqitildi. Shu tariqa 2 million kishining moddiy ahvoli yaxshilanib, kambagʻallikdan chiqarildi. Bundan tashqari, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 32 yoʻnalishda pilot loyihalar amalga oshirilib, 120 ming kambagʻal oilaning daromadini koʻpaytirish hisobiga reestrdan chiqarishga erishildi.
Yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoy va boshqa rivojlangan davlatlar tajribasi asos qilib olinganidan xabardormiz. Ammo bu dastlabki harakatlar uchun zarur tajriba edi. Keyingi qadamlar faollashib ketdi. Bu borada yaratilgan aholi bandligini taʼminlashdagi koʻplab yoʻnalishlar mamlakatimizgagina xos noyob amaliyotga aylandi. Xonadonlardagi tomorqani daromad manbaiga aylantirishdan tortib, boʻsh yerlarni kambagʻal oilalar, yoshlarga imtiyozli shartlarda ajratib berish, tadbirkorlar uchun tashkil etilayotgan katta-kichik sanoat zonalari soʻzimiz tasdigʻidir.
Bu borada eng katta samara bergan tajribalardan biri mahallabay ishlash tizimi va “mahalla yettiligi” faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir. U nafaqat yurtimiz, balki jahon amaliyotida oʻxshashi yoʻq, noyob tajriba. Yangicha yondashuv har bir xonadonni moliyaviy instrumentlar bilan qamrab olish imkonini berdi. Bugun aksariyat loyiha va harakatlar mahallada amalga oshirilyapti. Kambagʻallikka barham berish choralari ham mahallalarning oʻzida koʻrilyapti. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili yurtimizdagi 1435 mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylantirildi. Joriy yilda bu raqamni 3500 taga yetkazish koʻzlangan.
Sharoiti ogʻir hududlarga qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi
Bir qarashda mahalla doirasida odamlarni daromadli qilish imkonsizdek koʻrinadi. Axir kichik hududda qancha ham ish oʻrni ochish mumkin deb oʻylardik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar buning aksini koʻrsatdi. Birgina tomorqachilik yoʻnalishini olaylik. Avvallari hovlisidagi tomorqadan faqat oʻz ehtiyoji uchun foydalangan odamlar bugun kichik maydondan yaxshigina daromad topyapti. Yilda bir necha marotaba hosil yetishtirayotgan ayrim oilalar shuning oʻzidan roʻzgʻor tebratib, kam-koʻstini butlayapti. Masalan, 10 sotix yerdan baʼzi xonadonlar yiliga 5-10 million soʻm daromad topayotgan bir vaqtda xuddi shuncha maydondan 150-200 million soʻm pul ishlayotgan oilalar bor. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan ana shunday ilgʻor tajribalar turli hududlarda ommalashtirilmoqda. Xonadonlarda tomorqa maktablari tashkil etilib, aholining dehqonchilik koʻnikmalarini oshirish boʻyicha ishlar bajarilyapti. Joriy yilda 84 ta koʻrgazmali oʻquv-tajriba maydonini barpo etish koʻzda tutilgan.
Qolaversa, bir turdagi mahsulotni yetishtirib, katta miqdorda eksport qilayotgan ixtisoslashgan mahallalar paydo boʻldi. Oʻtgan yili “Bir mahalla — bir mahsulot” dasturi doirasida 1944 mahallada ayni shu tamoyil yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bu yil ularning sonini kamida 2500 taga yetkazish maqsad qilingan. Yaxshi jihati, bir hududda bir turdagi mahsulotlarni ekish agrotexnik jihatdan parvarishlash, yigʻib olib sotish nuqtai nazaridan ham bir xil yondashuvni taʼminlab, eksportda katta qulaylik yaratadi. Bu tajriba katta maydonlarda qoʻllanayotgani boisi ham shunda. Joriy yilda 117 tumanda kamida 50 gektar maydonda sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil qilib, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosidagi ishlarni 145 ming gektarga yetkazish koʻzda tutilgan.
— Mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish samara beryapti, — deydi Marat Joʻrayev. — Bunday mahallada ishsizlar, migrantlar va muammoli kreditlar kam boʻladi. Chunki deyarli har bir xonadon muayyan yoʻnalishda band boʻladi. Bugun yurtimizda 8992 mahalla boʻlsa, shundan 3207 tasi chuqur ixtisoslashgan. Bu mana shu mahallalarning har birida 50 foizdan koʻproq xonadon aynan bir turdagi yoʻnalishda ish yuritadi, degani. Ushbu yoʻnalishlar har bir mahallaning oʻziga xos jihatlari, nisbiy ustunligi va boshqa omillar asosida tanlab olinib, alohida dastur ishlab chiqilgan. Uning ijrosi ham qatʼiy nazoratga olingan.
Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi Beshkapa mahallasiga borsangiz, deyarli har bir xonadon sohibini arqon toʻqiyotgan holda uchratasiz. Chunki bu manzil “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida arqon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, 300 dan ortiq xonadon shu hunar ortidan daromad topyapti. Ilgari qoʻlda, cheklangan hajmda tayyorlangan mahsulotlar bugun zamonaviy uskunalar yordamida ishlab chiqarilmoqda. Arqon toʻqish, ot-ulov anjomlari, zanjir va halqa tayyorlash jarayoni mexanizatsiyalashgan. Mahalla amalda kichik sanoat klasteriga aylandi. Shu bois, bu yerni koʻpchilik arqonchilar mahallasi sifatida yaxshi biladi.
Odamlarning oʻzi bilan gaplashsangiz, daromadi yaxshi ekanini aytadi. Xonadonida toʻrttagacha dastgohi bor kasanachilar 12 million soʻmgacha daromad topar ekan. Ayrim xonadonlarda tikuv-trikotaj sexlari uchun belbogʻ, bezak, poyabzal ishlab chiqaradigan korxonalarga bogʻich tayyorlanadi. Buning uchun oʻrtacha 15-20 ta zamonaviy uskuna oʻrnatilgan. Kasanachilar bozorni muntazam tahlil qiladi. Mijozlar talabiga qarab mahsulotlar turi va dizaynini muttasil yangilab boradi. Baʼzi xonadonlarda ish koʻlami ancha kengayib, kattaroq joyga ehtiyoj paydo boʻlgan. Shu bois, mahallada 5 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan. Xonadonlardagi ishlab chiqarish jarayoni mazkur hududga koʻchiriladi.
Gap raqamlarda emas, natijada. Mahallalarning oʻzida ish oʻrinlari ochish juda katta harakat hamda samarali imkoniyatdir. Ammo buning uchun sharoit zarur. Masalan, tomorqadan unumli foydalanishga suv taʼminoti kerak. Tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat zonalari tashkil qilish uchun yoʻllar infratuzilmasi, elektr energiyasi va koʻchalarni yoritish tizimini yaxshilash talab etiladi.
— Oʻtgan yili mamlakatimiz boʻylab eng ogʻir ahvoldagi mahallalarni tanlab olib, ularda infratuzilma, suv taʼminoti, ichki yoʻllar, koʻchalarni yoritish boʻyicha loyihalar amalga oshirilgani katta samara berdi, — deydi Marat Joʻrayev. — Chunki kambagʻallik asosan sharoiti ogʻir hududlarda koʻp boʻladi. Bu hududlarni rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish mumkin. 2025-yilda jami 1024 ta mahalla tanlab olinib, shundan suv taʼminoti ogʻir 864 mahalladagi xonadonlar sugʻorma suv bilan taʼminlandi. Baʼzi xonadonlarga ilk bor obihayot kirib bordi. Natijada 80 ming gektarga yaqin yer oʻzlashtirilib, odamlarga daromad keltiradigan aktivga aylandi. 954 mahallaning elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi. Bu yil ham sharoiti ogʻir 37 tuman va 915 mahallani tanlab olganmiz. Ushbu mablagʻ, birinchi navbatda, oʻsha tuman va mahallalardagi infratuzilmani yaxshilash, odamlarning tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
* * *
Maʼlumotlarga koʻra, bugun yurtimizda mehnat yoshidagi 21 milliondan ziyod fuqaro mavjud. Ayni paytda 38 million fuqaroga ega Oʻzbekiston uchun bu katta mehnat resursi. Joriy yil avvalida mamlakatimizdagi ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgani holda yil soʻngiga qadar buni 4,5 foizga tushirish reja qilingan. 2026-yil uchun Bandlik dasturi ham tasdiqlangan.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur dastur tarkibiy jihatdan uch qismga boʻlinadi. Birinchisi, yil oxirigacha 1 million fuqaroni doimiy ishga joylashtirish rejasi boʻlsa, ikkinchisi, 4 million kishining daromadini oshirishga qaratilgan. Bunda aholi tomorqasidan unumli foydalanish, kasanachilik, mikroloyihalarni yoʻlga qoʻyish ishlari jadal davom ettiriladi. Uchinchi reja esa norasmiy ish oʻrinlarini soyadan chiqarish boʻyicha koʻrsatkichni 1 millionga yetkazishga qaratilgan. Bu oʻtgan yillardagidan 2 barobar koʻp ekani aytilmoqda.
Bandlik dasturini amalga oshirish uchun qariyb 165 trillion soʻm ajratiladi. Bu pulni 30 dan ortiq loyihaga yoʻnaltirish koʻzlangan. Xususan, “Bandlik organlari — ish beruvchilar hamkori”, “Barqaror kelajak sari”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkoniyat” kabi yangi dasturlar ishga tushiriladi. Bu loyihalarning har biri orqali oʻnlab, yuzlab fuqarolar kasb-hunarli, ishli boʻladi. Maqsad ham shu — loyihalarni rejaning ortidan quvib emas, balki aql bilan, zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshirishga qaratilgan.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ishga tushirgan “Oson ish” platformasi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Loyiha odamlarga zamonaviy, raqamlashgan tizim orqali ish topishga koʻmaklashadi. Tizim ishi sunʼiy intellektga asoslanadi. Ish izlovchi hamda ish beruvchiga mos boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlarni saralab, avtomatik roʻyxatni shakllantirib beradi. Saralash moduli malaka, mutaxassislik, hudud, maosh kabi besh yoʻnalish boʻyicha tanlaydi. Saralangan ish oʻrinlari talabgor yoki ish beruvchiga necha foiz mos kelishigacha koʻrsatib beradi. Yaʼni mazkur platforma elektron mehnat bozori boʻlib, ish izlash va topishni tezlashtirish, shaffof mexanizm sifatida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri