«Toshshahartransxizmat« AJ axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, soat 17:50 atrofida 104-yoʻnalishda harakatlangan “Saz LE 60” rusumli avtobus haydovchisi S.A. Yangi Sergeli koʻchasida tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan fuqarolarga yoʻl bermagan. Natijada piyodalar hayotiga xavf tugʻilib, ulardan birining qoʻlidagi mobil telefon va boshqa buyumlar yerga tushib ketgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan.

Holat «Toshshahartransxizmat« AJ rahbariyati, harakat xavfsizligi boʻlinmasi, 12-avtobus saroyi masʼullari hamda Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari ishtirokida tanqidiy tarzda koʻrib chiqildi.

Tekshiruv natijalariga koʻra, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Shuningdek, mazkur holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.