Sohadagi ishlarni tanqidiy tahlil qilib, mavjud muammolar va ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Raqamli muhit shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi kunda axborot xizmatlaridan tezkorlik, tashabbuskorlik va yuqori kasbiy mas’uliyat talab etiladi. Jamoatchilik uchun muhim axborotni o‘z vaqtida, aniq va tushunarli yetkazish, ehtimoliy inqirozli vaziyatlarga oldindan tayyor bo‘lish, OAV bilan konstruktiv hamkorlik qilish hamda axborot ochiqligi va xavfsizligi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Axborot xizmatlari faoliyati bo‘yicha tahliliy o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Jurnalistlar va jamoatchilik bilan ochiq muloqot qilish asosiy vazifa, bu ishning sifati esa faoliyat samaradorligining bosh mezoni ekani ta’kidlandi. Muhokama yakunida takliflarni umumlashtirib, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ertaga seminarda sun’iy intellektdan oqilona va samarali foydalanish, raqamli vositalar yordamida kontent tayyorlash, axborotni tahlil qilish va kommunikatsiya jarayonlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimotlar bo‘lib o‘tadi. Maqsad – axborot xizmatlarining bilim va tajribasini boyitish, jamoatchilik bilan ochiq, ishonchli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdir.