Unga ko‘ra, bemor imtiyozli yo‘llanma asosida tibbiy yordam olish uchun o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi. Oilaviy shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, uning ambulator yoki statsionar davolanishga ehtiyojini belgilaydi.
Agar statsionar davolanish zarur deb topilsa, bemor DMED tizimi orqali elektron yo‘llanma asosida tuman yoki shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasidagi tor soha mutaxassisiga yo‘naltiriladi. Tor soha mutaxassisi zarur hollarda qo‘shimcha laborator va instrumental tekshiruvlar tayinlaydi.
Natijalarga ko‘ra, bemor shifoxonada davolanishi zarur deb topilsa, tegishli xulosa va tekshiruv natijalari DMED axborot tizimiga kiritiladi. Bemor imtiyozli toifaga kirishi axborot tizimlari integratsiyasi orqali aniqlanadi va uning hujjatlari hudud darajasidagi tibbiy tanlov komissiyasiga yuboriladi.
Komissiya bemor uchun qanday muolaja zarurligi va uni qaysi darajadagi tibbiyot muassasasida davolash maqsadga muvofiqligini belgilaydi. Ya’ni bemor tuman-shahar, viloyat yoki respublika darajasidagi muassasada davolanishi bo‘yicha xulosa chiqariladi.
Agar bemorni respublika darajasida davolash zarur bo‘lsa, uning o‘zi emas, hujjatlari DMED orqali respublika komissiyasiga yuboriladi. Respublika komissiyasi davolanishni ma’qullashi yoki bemorni hudud darajasida davolash mumkinligi haqida xulosa berishi mumkin.
Respublika darajasida davolanish tasdiqlangach, bemorga tibbiyot tashkilotini tanlash huquqi beriladi. Tanlov bemorning o‘zi yoki uning xohishiga ko‘ra oilaviy shifokor orqali DMED tizimida amalga oshiriladi.
Tizimda bemorning tashxisi va zarur tibbiy amaliyot bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari ro‘yxati shakllanadi.
Bemor ushbu ro‘yxatdan o‘ziga ma’qul tibbiyot tashkilotini 30 kun ichida tanlab, yo‘llanmani tasdiqlashi kerak.
Shundan so‘ng bemor tegishli yo‘nalish bo‘yicha elektron navbatga qo‘yiladi. Navbat yetib kelgach, yo‘llanma avtomatik tasdiqlanadi va tibbiyot tashkiloti bemorni xabardor qiladi.
Bemor yo‘llanma tasdiqlangan kundan boshlab 10 kun ichida tibbiyot tashkilotiga kelishi lozim. Aks holda yo‘llanma o‘z kuchini yo‘qotadi va bemor qaytadan navbatga turishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan yo‘llanma rasmiylashtirish va elektron navbatga qo‘yish jarayoni yakunlanib, bemorni davolash bosqichi boshlanadi.
Davolash va tashxislash belgilangan standartlar, klinik protokollar hamda tibbiy ko‘rsatmalar asosida amalga oshiriladi. Yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatishda ham belgilangan tartibga rioya qilinadi.
Muolaja uchun zarur bo‘lgan dori vositalari, qimmatbaho tibbiy buyumlar va boshqa tegishli xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli mazkur davolanish doirasida bemordan qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.