Raqobat qo‘mitasi hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida 7,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qamrab olgan qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Maʼlum qilinishiсha, tekshiruvlar davomida “eng yaxshi takliflarni tanlash” va tender savdolarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, yaʼni raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻlgan.
Qonunbuzilish holatlari qator hududlarda qayd etildi. Jumladan:
- Toshkent shahrida “Maʼno” MCHJ tomonidan oʻtkazilgan qariyb 988 million soʻmlik savdo;
- Surxondaryo viloyatidagi taʼlim muassasalarida umumiy qiymati 1,7 milliard soʻmdan ortiq davlat xaridlari;
- Sirdaryo viloyati Guliston tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 1 milliard soʻmdan ziyod xaridi;
- Qashqadaryo viloyatidagi sport maktab-internatida 364 million soʻmlik xarid;
- Andijon viloyati Baliqchi tumani 2-son texnikumida 800 million soʻmlik savdo;
- Fargʻona viloyati Quva tuman Obodonlashtirish boshqarmasida esa 2,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻni qamrab olgan ikki holat aniqlangan.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, mazkur holatlar yuзasidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qoʻzgʻatilib, tegishli taʼsir choralari qoʻllanilgan.
Shuningdek, ayrim holatlarda moliyaviy jarimalar qoʻllash va huquqiy baho berish uchun materiallar tegishli organlarga yuborilgan. Kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha majburiy koʻrsatmalar ham berilgan.
Raqobat qoʻmitasi davlat xaridlarida qonuniylikni taʼminlash va tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi.