O‘zbekiston Respublikasi 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-699-sonli qonunining 10-moddasiga ko‘ra “Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zoʻravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan gʻoyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.”
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga 1-ilova “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra diniy mazmundagi materiallar deganda, diniy ta’limotning aqidaviy asoslarini, tarixini, diniy ta’limot mafkurasini va sharhlarni, turli diniy ta’limotlarning marosimlar o‘tkazish amaliyotini, shuningdek, alohida shaxslarning, tarixiy faktlar va hodisalarning diniy nuqtai nazardan bahosini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar, boshqa bosma nashrlar, belgilar, predmetlar, ramzlar, audiovizual asarlar (tele, kino va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozuvlari, multfilmlar va boshqalar), elektron axborot tashuvchilar (disketlar, CD, DVD disklari, o‘rnatilgan va yechib olinadigan xotira kartalari, Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan materiallar va boshqalar) tushuniladi.
Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilangan bo‘lib, MJtK 1842-moddasiga ko‘ra shunday ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etilganda materiallarni va ularni tayyorlash hamda tarqatish uchun tegishli vositalarni musodara qilib, fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, JK 2443-moddasiga ko‘ra shaxs jinoiy javobgarlikka tortilib, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga tasdiqlangan 1-ilova “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatishning tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
- Diniy mazmundagi materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash – diniy mazmundagi materiallar tayyorlashga vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Diniy mazmundagi materiallar tayyorlash yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan tayyorlanadigan materiallar ekspertiza o‘tkazilgandan keyin materialning muallifi va nomi, noshir manzili, adadi (tiraji), materialning qisqa mazmuni va sharhi hamda tayyorlangan sanasi ko‘rsatilgan axborotga ega bo‘lishi lozim. Materiallar matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilgan bo‘lishi, ularni turlicha sharhlash va talqin qilinishiga olib kelmasligi kerak. Materialning jumlalari rasmiy til uslubidan foydalanilgan holda umume’tirof etilgan imlo qoidalari asosida tuzilishi, xorijiy tillardan tarjima qilingan so‘zlar, unda foydalaniladigan tushuncha va atamalar mazmuniga muvofiq, turlicha sharhlash imkoniyatini istisno etadigan holda, bir xilda bayon etilishi lozim.
Dinshunoslik ekspertizasi – bu O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, olib kirish, tarqatishga ruxsat berish (ruxsat bermaslik) masalasini hal etish uchun ularda amaldagi qonunchilikka zid elementlar, diniy qonun-qoidalardan og‘ishganlik yoki buzib ko‘rsatishning mavjud yoki mavjud emasligiga oid tadqiqotlar o‘tkazishdir;
Ekspertiza xulosasi –bu O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, olib kirish, tarqatishga ruxsat berish (ruxsat bermaslik) masalasini hal etish uchun ularda amaldagi qonunchilikka zid elementlar, diniy qonun-qoidalardan og‘ishganlik yoki buzib ko‘rsatishning mavjud yoki mavjud emasligiga oid tadqiqotlar o‘tkazilganligini rasman tasdiqlovchi yozma hujjat hisoblandi.
- Diniy mazmundagi materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish – diniy tashkilotlar va jismoniy shaxslar materiallarni o‘z ehtiyojlari uchun tijorat maqsadlarini ko‘zlamagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari davlat chegarasidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan materiallarni ekspertizadan o‘tkazish uchun darhol vakolatli organga yuboradi. Jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun hamda ilmiy-tadqiqot o‘tkazish maqsadlarida har bir nomlanishdagi materialdan uch nusxadan oshmagan miqdorda, ijobiy xulosa olingandan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi. Diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan materiallar ijobiy xulosa olingandan keyin gologramma bilan tamg‘alanishi lozim.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ijobiy xulosa olinmagan va gologramma bilan tamg‘alanmagan materiallar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlanadi. Mazkur tartibga amal qilmagan holda olib kirilgan materiallar uchun olib kiruvchi shaxs javobgar hisoblanadi;
- Diniy mazmundagi materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish – materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan turg‘un savdo shoxobchalari orqali fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa, to‘lov terminallarini qo‘llash va pul tushumlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bankka inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) yo‘li bilan yoxud onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari kutubxonalari, shuningdek, boshqa kutubxonalar, veb-saytlar tahririyatlari va jismoniy shaxslar tomonidan ijobiy xulosa olmasdan, xorijda tayyorlangan materiallarni aholiga umumiy foydalanish uchun taqdim etish taqiqlanadi.
Vakolatli organ materiallarni noqonuniy tayyorlash, olib kirish va tarqatish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida doimiy ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazadi va natijasi bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga tasdiqlangan 1-ilova “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomida begilangan tartibga zid ravishda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish qonunga xilof hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqoridagi Nizom belgilangan qoidalar va tartibga zid ravishda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish qonunga xilof deb topiladi, dastlab MJtK 1842-moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortiladi, ma’muriy javobgarlikka tortilgandan keyin yana shunday qilmishni sodir etish JK 2443-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.
Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda birinchi marta tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatganlik uchun MJtK 1842-moddasiga ko‘ra jarima jazo qo‘llanilib, ushbu moddaga ko‘ra jarimaning eng kam miqdori fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan boshlanib, jarimaning eng ko‘p miqdori yuz baravarigacha tayinlanadi. Mansabdor shaxslar shunday ma’muriy huquqbuzarlini sodir etganda jarimaning eng kam miqdori ularga esa – ellik baravaridan boshlanib, jarimaning eng ko‘p miqdori yuz ellik baravarigacha tayinlanadi.
Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda birinchi marta tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatganlik uchun shaxs MJtK 1842-moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilgach, yana shunday qilmishni bir ichida sodir etsa JK 2443-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilib, unga eng yengil jazo sifatida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima, eng og‘ir jazo sifatida uch yilgacha axloq tuzatish ishlari jazo tayinlanadi.
Hozirgi kunda diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatganlik ma’muriy huquqbuzarlik yoki shunday qilmishni bir yil ichida takror sodir etilishi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat bo‘lsada, bunday qonunga xilof qilmishlarni o‘z vaqtida aniqlash va barvaqt oldini olish ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik va jinoyat qonunchigining muhim vazifalaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
F.Xudaykulov,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish
sho’basi(kafedrasi) professori, yu.f.d (DSc)