28 iyuldan 6 sentyabrgacha o‘tkazilayotgan aksiya aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan.

Ayni paytga qadar respublikadagi 8 150 ta mahallaning 3 604 tasi aksiya tadbirlari bilan to‘liq qamrab olingan. Har kuni ishlarga o‘rtacha 3–4 ming dona maxsus texnika va 8–10 ming nafar xodim jalb etilmoqda.

Xususan, 5 avgust kuni 2 732 dona maxsus texnika va 8 996 nafar xodim safarbar qilinib, bir sutkada 18,2 ming tonna maishiy va 304,3 tonna qurilish chiqindisi olib chiqildi.

Texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida aniqlangan 64 ta nosozlikning 52 tasi bartaraf etildi, 12 ta texnika almashtirildi. Favqulodda holatlar uchun 155 ta maxsus texnika zaxirada saqlanmoqda.

Aksiya doirasida chiqindilar bilan bog‘liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, jami 165,4 million so‘m jarima qo‘llanildi.

Aholidan kelib tushgan 327 ta murojaatning 275 tasi joyida hal etildi, 52 tasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, aksiyaning dastlabki 10 kunida 137 ta chiqindi poligoniga 125 526 tonna chiqindi joylashtirilgan. Buning uchun maxsus texnikalar tomonidan 39 130 ta qatnov amalga oshirilgan.

«Dolzarb 40 kunlik» aksiyasi doirasidagi ishlar tasdiqlangan reja asosida davom ettirilmoqda.