Shular haqda o‘ylar ekanmiz, daf’atan xayolimizda yorug‘ fikrlar tizila boshlaydi.
Bir e’tirof quvvati
Yaqinda, iyul oyi boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Gruziyada — Tbilisi shahrida bo‘ldi.
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze: “Dunyoda rahbarlar tanqisligi seziladi, ammo O‘zbekistonda buyuk bir yetakchi bor. U O‘zbekistonni rivojlantirishga to‘liq o‘zini bag‘ishlagan chinakam rahbar. Uning ulkan yutuqlari o‘zining shaxsiy yetakchiligi samarasi”, dedi.
Bu e’tirof quvvati bizni yanada fidoyi bo‘lishga undaydi. Negaki, bugungi tahlikali sharoitda, xalqimiz go‘zal hayotni orzu qilib turgan bir davrda biz hech qachon xotirjamlik va beparvolikka berilmasligimiz kerak, yanada ko‘proq harakat qilishimiz, qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan faqat oldinga intilishimiz zarur.
Yangi O‘zbekiston orzusini amalga oshirish uchun biz, albatta, Yangi O‘zbekiston yo‘lidan borishimiz kerak. Bu nima degani?
G‘oya hamisha bir kishi tomonidan ilgari suriladi. Uni qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash, bir butun xalq bo‘lib ana shu g‘oyani amalga oshirish esa har doim jamoaviy birlashishni, milliy birdamlikni talab qilgan.
Yangi O‘zbekiston orzusi bilan yashayotgan xalqimiz bugun mana shu yagona g‘oya atrofida birlasha oldi. BU ORZU — KO‘P MILLATLI XALQIMIZNING BUYUK MAQOMINI TIKLASH MAQSADI.
Orzularimizning yuksalayotgani haqida hali ko‘p to‘xtalamiz. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahriga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgani haqida ikki-uch og‘iz gaplashsak.
Islohotlarning hayotbaxsh siri
Toshkent katta halqa yo‘lidan kelib, yaydoq dalani ikkiga bo‘lib o‘tgan yo‘ldan ichkariladik. Saratonning chillasida kun choshgoh bo‘lganiga qaramay, yoqimli shabada esadi. Kenglikni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Beixtiyor tanga rohat beradigan ob-havodan zavq olib, yo‘l yurish istagi tug‘iladi. Yo‘lda hikmat ko‘p. U insonni toblaydi. Yangi manzillar sari boshlaydi. Shu bilan birga, haqiqiy do‘stlar ham yo‘lda — uning sinovlari chog‘ida topiladi. Ayni jihat sababli ham yo‘l qadrlidir.
Toshkent — Samarqand pullik muqobil avtomobil yo‘lining start olgan nuqtasida turib, qalbimizni ajib tuyg‘ular egalladi. Shuningdek, tarixda asrlar osha xalqlarga xizmat qiladigan yo‘lga asos solgan shaxslar haqida o‘yladik. Ular sanoqligina ekan! Xalq va kelajakka munosib yirik loyihaga bosh bo‘lish uncha-muncha kishiga nasib etavermas ekan-da!
So‘ng beixtiyor “Temur tuzuklari” kitobidagi quyidagi so‘zlar yodga tushdi: “Amr qildimki, xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar.
Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin”.
Yana o‘ylab qolamiz. Dunyoda yana qancha davlat rahbarlari Temur bobomiz kabi farmonlar bergan ekan-a? Aniq bilmaymiz. Lekin ulardan sanoqli shaxslargagina g‘oyasini hayotiy haqiqatga aylantirish nasib etgan. Ana shunday xayollar mamlakatimizning buguni haqida mushohada yuritishga undaydi.
O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda YANGI O‘ZBЕKISTON YO‘LIga asos solindi. Oldimizga juda katta marralarni qo‘yib, ana shu cho‘qqi sari dadil bormoqdamiz. Bu nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun Markaziy Osiyoni birlashtirdi.
Shu o‘rinda kichik mulohaza. Yirik toshni bolg‘a bilan urib ham qumday maydalash mumkin. Buni bilagida kuchi bor istalgan kishi eplay oladi. Ammo zarrani birlashtirib, bir butun qilish mashaqqatini hamma ham zimmasiga olavermaydi. Turli millat va elatdan iborat mamlakatni bir maqsad atrofida birlashtirish, yagona xalq, bir butun vatan qilib shakllantirish ham ana shunday mashaqqatli, uncha-muncha kishi uddalay olmaydigan vazifa. Bu ishni haqiqiy yetakchilargina eplay oladi. Ayni haqiqatga uch ming yillik davlatchiligimiz tarixida ko‘p bora guvoh bo‘ldik.
Yangi O‘zbekistonda boshlangan yangilanishlar xalqimizni birlashtira olgani bilan ham katta tarixiy voqelikdir. Uning nechog‘liq mashaqqatli yumush ekanini esa mazkur ish boshini tutganlar kabi hech kim bilmaydi, his eta olmaydi. Ammo bitta inkor etib bo‘lmas haqiqatni barchamiz yaxshi anglaymiz. O‘qildizdan quvvat olish yashovchanlikni oshiradi. Islohotlarning hayotbaxshligining siri ham shunda. Ya’ni tarixiy ildizlarimizni zamonaviy kelajak qoidalariga, uning talab va takliflariga munosib tarzda davom ettiryapmiz.
Biz bosib o‘tayotgan yo‘lni tahlil etgan kishi Amir Temur bobomiz tuzuklarida keltirilgan holatga juda o‘xshash vaziyatni kuzatadi. Masalan, so‘nggi yillarda qarovsiz yerlar obod qilindi. Xuddi Temur saltanatida bo‘lgani kabi suvsiz joylarga korizlar qurildi. Quvurlar tortilib, ariqlar beton qilinib, suv olib chiqildi. Buzilgan ko‘priklar tuzatilib, yangilari barpo etildi. Yo‘l ustidagi har manzilgohda rabotlar bunyod etilmoqda. Buni qurilishi boshlangan pullik muqobil yo‘l misolida olib ko‘rsak. Mazkur yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari quriladi.
Tarixdan ma’lum — bunday karvonsaroylar savdo, iqtisodning qon tomiriga aylanib, xalqning farovonligiga xizmat qiladi. Ana shu to‘kinlikning yana bir ildizi esa tinchlik va xotirjamlikda. Shu bois, yangi qurilayotgan yo‘lda xavfsizlik masalasiga jiddiy qaralmoqda.
Bu kunlarga osonlikcha yetib kelmadik
So‘zimiz avvalida Yangi O‘zbekiston yo‘liga asos solingani haqida aytgan edik. Mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li, bunyodkorligidagi mutlaq yangi bosqich, zamonaviy yo‘l misolida keyingi yillardagi yutuqlarimizning ayrimlarini tahlil etsak.
Birinchidan, mamlakatimizda iqtisodiy quvvatlarni oshirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Tadbirkorlarga haqiqiy ma’noda imkoniyatlar paketi yaratib berildi. Ularga mamlakatning tayanch ustunlaridan biri deya qarash shakllandi. Bunga qonunlarni zamon talabiga moslash va ularga amal qilishni qat’iy belgilash orqali erishildi.
Ikkinchidan, xalqni rozi qilish yo‘lidagi davlat siyosati va jamiyatni yuksaltirish harakatlari moddiy quvvatni ma’naviy qudrat bilan birlashtirdi. Hayotimizga ijtimoiy mas’uliyat degan atama kirib keldi. Nafaqat kirib keldi, balki faoliyatimizning bir qismiga aylandi.
Uchinchidan, ayni vaziyatni jiddiy, zarurat bo‘lganida tanqidiy tahlil etib, yanada baland marralarni olishda izchillikka erishilmoqda. Shu orqali hozirgiday tez o‘zgaruvchan murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlarda ham taraqqiyotdan to‘xtab qolmaslikka erishilyapti.
Shu kabi jihatlarni yana uzoq sanash mumkin. Lekin shuning o‘zidanoq bir haqiqatni — Yangi O‘zbekiston yo‘lini yaratib, undan ko‘zlangan marra sari yurish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmayotganini anglash mumkin!
Birgina misol, shu paytgacha yurtimizga xorijiy sarmoyadorlar deyarli kelmasdi. Aksincha, o‘zimizning tadbirkorlarimiz xorijga ketib ishlash haqida o‘ylardi. Negaki, har qadamda tadbirkorni tekshir, falon foizda foyda solig‘i ol, uni chetlab o‘tishga urinyaptimi, ayovsiz jazola degan qarash bor edi. Soliq yuki sabab bitta korxona ochilsa, uchtasi yopilardi. Bitta tadbirkor bir vaqtda ikki-uchta mas’uliyati cheklangan jamiyat ochar, birini bankrot qilib, ikkinchisida faoliyatini davom ettirardi. Chunki soliq yuki baland edi. Tekshirishlar jondan o‘tardi. Shu bois, tekshirishlarning imtiyozli davri tugashi bilan subyekt ham bankrot deya e’lon qilinardi. Achinarlisi, haqiqiy bankrotlik sabab yopilgan korxonalar hujjatini to‘liq yopish uchun ham tadbirkor yillab sarson bo‘lardi. Ana shunday vaziyatda xorijdan sarmoyador kelmasligi tabiiy edi-da!
Yangi O‘zbekistondagi islohotlar sabab barchasi tubdan o‘zgardi. Mamlakatimiz yetakchisi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga keng imkoniyatlar yaratib berdi. Ishbilarmonlik tinimsiz izlanish, yangilik qilish degani. Shuni hisobga olib, imkoniyatlar paketi izchil tahlil etib boriladigan, zarur vaqtda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladigan tizim yaratildi. Buning uchun esa shaxsan davlatimiz rahbari ishbilarmonlarning taklif va tashabbuslariga quloq tutmoqda. Har yili avgust oyida ular bilan muloqot qilinyapti.
Natija ham shunga yarasha quvonarli. Birgina misol, yil boshidan buyon mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar bejiz emas. Axir hozir olis qishloq va ovullardagi tadbirkorlar o‘z mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorij bozoriga chiqaryapti.
Yutuqlarimiz haqqoniy va hayotiy bo‘lgani uchun ham xalqaro darajada tan olinmoqda. Masalan, “Fitch” va “Moody's” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.
Shuning o‘ziyoq O‘zbekistonga ishonch bildirilayotganini ko‘rsatadi. Mazkur ishonchning ahamiyati shundaki, mamlakatimizga xorijlik sarmoyadorlarning qiziqishi yanada kuchayadi. Mablag‘ olib kelish imkoniyatimiz kengayadi.
Muhimi, yashirin iqtisodiyot uchun jazo chorasi ham yengillashtirildi. Hatto imtiyozli ravishda ro‘yxatga olish va qonuniy faoliyat uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, zarur yordamlar berilmoqda. Natijada jamiyatimizda ertangi kunga ishonch ortib, tadbirkorlarimiz vatan taraqqiyoti yo‘lida birlashmoqda.
Ijtimoiy
mas’uliyat kuchi
Yuqorida hayotimizga ijtimoiy mas’uliyat degan ibora kirib kelganini aytgan edik. Aslida, bu juda quvonchli holat. Uning o‘zini alohida bir maqola sifatida tahlil qilish mumkin. Chunki ijtimoiy mas’uliyat jamiyatda birdamlikni, ahillikni shakllantiradigan katta kuch.
Ayni o‘rinda yaqin tariximizga nazar tashlasak. Xalqimizni ichidan bo‘lib, uni oson boshqarish uchun boylarni yomonlab ko‘rsatish holati bo‘lgan. Biz bir asrdan ko‘p vaqt mobaynida boylarimizni yomon ko‘rib yashadik. Yangi O‘zbekiston nafasi kirib kelgach, haqiqiy mulk daxlsizligini his etib, tadbirkorlarimiz ham emin-erkin ish yuritadigan bo‘ldi.
Ana shu o‘zgarishlar fonida tadbirkorlarning dunyoqarashi ham o‘zgardi. Ular o‘z ixtiyori bilan mahallasini obod qilib, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga ko‘mak beradigan shaxslarga aylandi. Ya’ni ijtimoiy mas’uliyatni ilmiy atama deb emas, hayotiy zarurat sifatida qabul qilish boshlandi. Bu holat esa jamiyatimizda bir vatan, yagona xalq bo‘lib yashash ruhini uyg‘otdi, kuchaytirdi.
Ta’kidlaganimizdek, taraqqiyot bir joyda to‘xtab turmaydi. Ayniqsa, hozirgidek tez o‘zgaruvchan davrda bu yanada dolzarblik kasb etadi. Shu ma’noda, yurtimizda barcha sohadagi ko‘rsatkichlar vaqti-vaqti bilan tahlil etilib, yangi rejalar belgilab olinmoqda.
Masalan, Prezidentimiz raisligida hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlar tanqidiy tahlil qilindi. Bu bejiz emas. Hozirgi davr yutuqlarni mahkam ushlab, yanada baland marralarni ko‘zlab harakat qilishni talab etmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari 40 millionlik aholimiz hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun hudud va tarmoq rahbarlari mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solishi, har bir loyiha va har bir korxona bo‘yicha aniq natijaga ishlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buni bejiz eslamadik. Tamal toshi qo‘yilgan muqobil pullik yo‘l O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining butkul yangicha bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi. Masalan, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Ayni raqam tadbirkor uchun juda muhim. U mahsulotini tez, oson va xavfsiz yo‘ldan ko‘zlangan ¬manziliga oson yetkaza olish imkoniga ega bo‘ladi. Yo‘llardagi logistika markazlari kabi muhim nuqtalar esa bu ishdagi samaradorlikni yanada oshiradi.
O‘rni kelganda aytish zarur, bu faqat Toshkent bilan Samarqandni bog‘laydigan yo‘l emas. Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari uchun ham muhim strategik ahamiyatga ega. Ayni damda Samarqand orqali o‘tiladigan Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari ahlining ham poytaxtga yetib kelishini tezlashtiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyati ahli uchun ham ana shunday yengilliklarni beradi. Bugun biz osongina aytayotgan ravon yo‘llarga yetib kelishimizda ko‘p mashaqqatli damlar bo‘lgan.
— Bir paytlar qo‘shnilar bilan munosabatimiz yomonlashdi. Bu hammaga birdek zarar edi. Yo‘llar yopildi. Eksport-import masalasi murakkab vaziyatga aylandi, — deydi yo‘l qurilishi sohasi mehnat faxriysi Murodulla Abdullayev. — Hurmatli Prezidentimiz faoliyat boshlagach, hammasi o‘zgardi. Dastlab yaxshi qo‘shnichilik an’analari tiklandi. So‘ng yo‘llarimiz ochildi. Shu sohani yaxshi bilgan inson sifatida ayta olamanki, bir metr yo‘l qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir paytlar arzimas joylarni ta’mirlash uchun ham idorama-idora sarson bo‘lardik. Bugun mamlakatimizda sohaga katta mablag‘ ajratilyapti. Davlatimiz rahbarining o‘zi nazoratga olib, yo‘llarni ravon qilyapti. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning xabiga aylanmoqda. Xalqimiz nega ko‘zi quvonib, xursand bo‘lib yuribdi! Yo‘li tekis, ishi unumli bo‘lgani uchun-da!
Nurafshon.
35 yillik orzu
2022-yil adog‘i. Nurafshon shahrida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlarini o‘tkazgan edik. O‘shanda Nurafshondagi Yoshlar markaziga Toshkent yo‘li ko‘chasi bo‘ylab borayotib, hamkasblarimizdan biri yo‘lning o‘ng tomoniga ishora qilib, “Mana shu kenglikda yangi, “aqlli” shahar quriladi”, degani yodimda.
2026-yil 22-iyul. Hash-pash deguncha oradan to‘rt yil o‘tibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Nurafshonga tashrifi munosabati bilan yana ushbu shahar tomon yo‘l oldik. Qurilishiga start berilgan yo‘l haqidagi taassurotlarimiz qorishiq holda to‘rt yil oldingi ko‘cha tasvirlari yodga tushdi. Toshkent yo‘li ko‘chasi bo‘ylab olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hisobiga bugun ko‘cha qanday ko‘rinishga kelganini tasavvur qilishga urinaman.
Bir payt avtoulov shinalaridan kelayotgan shuvillagan ovoz birdan tinadi, harakati ravonlashadi. Tashqariga qarayman: keng va ravon ko‘cha, yo‘lning ikki tomoni bog‘. O‘ng tomonda Nurafshon so‘zi tushirilgan baland stela. Demak, “nur sochuvchi”, “ziyo tarqatuvchi” shahar — Nurafshonga yetib keldik.
Ko‘cha avval ko‘rganimdan butkul o‘zgaribdi, boya tasavvur qilganimdan ancha go‘zal, fayzli. Olti tasmali yo‘l bo‘ylab qad rostlagan Ijtimoiy himoya majmuasi kabi qator muhtasham binolar, zamonaviy ko‘p qavatli uylar, ochig‘i, odamning havasini keltiradigan manzara. Ayni kezda mamlakatimizda keyingi o‘n yilda qurilish sohasi, shu jumladan, shaharsozlik bo‘yicha katta maktab yaratilgani, asosiysi, yangi avlod quruvchilarimizning azmu shijoati bilan barpo etilayotgan yangi-yangi mavze va shaharlar yurtdoshlarimiz farovonligiga xizmat qilayotganini o‘ylab, qalbimiz faxru iftixorga to‘ladi.
Haydovchi keyingi chorrahadan o‘ngga burilishini aytadi. Ha, bu o‘sha, to‘rt yil oldin hamkasbim ishora qilib ko‘rsatgan manzil. Hozir bu joy qanday ko‘rinishda ekan degan savol xayolimdan o‘tishi hamon kelgan yo‘limizdan ham keng va ravon ko‘chaga tushdik. Boyagi savollar o‘rnini hayrat va havas egalladi. Ko‘cha bo‘ylab Prezident maktabi, universitet, viloyat tashkilotlarining muhtasham binolari, ko‘p qavatli turar joylar qad rostlagan. “Vatanparvar bog‘i”, matonatli o‘zbek ayoli Zulfiya Zokirova xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sun’iy ko‘l, amfiteatr va favvoralar, keng yashil hududlar, velosiped hamda piyodalar yo‘laklari bu fayzli go‘shaga yanada tarovat bag‘ishlagan. Ularni ko‘rib havas qilmay, g‘ururlanmay bo‘ladimi?! Axir to‘rt yil ilgari bu yerlar biyday yaydoq joy edi. Qarang, shuncha qisqa vaqtda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga katta yechim berish oson emas. Bu juda katta mablag‘, mehnat va sabot talab qiladi. Ana shu jarayonda butun boshli shahar bunyod etish — ASL QAHRAMONLIK!
Viloyatning butkul yangicha qiyofaga kirgan ma’muriy markaziga havas va hayrat ila boqar ekanmiz, Samarqandgacha quriladigan yangi muqobil yo‘l, uning atrofidagi infratuzilmani bunyod etishdagi shijoatning bejiz emasligiga yana bir karra amin bo‘lamiz. Axir besh-olti yil oldingi holat bilan taqqoslaganda, hozirgi kunlar ertakka o‘xshaydi.
Ayni o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratsak. Nurafshon mamlakatimizda “aqlli shahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinchi shahardir. Unda raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar, madaniy maskanlar va ekologik infratuzilma yagona tizimga birlashtirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasidagi chiqishlarimizda doim ilm-fanga alohida e’tibor beramiz. Malakali kadrlar, inson kapitali kelajak kafolatidir. Biz Uchinchi Uyg‘onish davriga asos solishday katta marrani olganmiz. Temuriylar Renessansining asosi Sohibqiron bobomizning adolatli va xalqparvar siyosati sabab vujudga keldi. O‘sha davrda ilm-fan, kasb-hunarga ham alohida e’tibor berilgan. Natija qanday bo‘lganini bugun barchamiz yaxshi bilamiz.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ajdodlarga munosib voris sifatida Yangi O‘zbekistonni bunyod etmoqdamiz. Buni Nurafshonning “aqlli shahar” maqomini olayotganida ham ko‘rishimiz mumkin. Tashrif chog‘ida Kelajak texnologiyalari markaziga ham tamal toshi qo‘yildi. Majmua sun’iy intellekt va raqamlashtirish borasida butun mamlakatga xizmat qiladigan markaz bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi, yaqin-yaqingacha e’tibordan chetda bo‘lgan hudud bugun katta shaharga, mamlakatning strategik markazlaridan biriga aylandi.
Nurafshonliklar yuz-ko‘zidagi mamnuniyat, faxr va iftixorning tub zamirida ham ana shu islohotlar bor. Bunga “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mamlakatimiz rahbarining viloyat jamoatchiligi bilan tantanali uchrashuvi chog‘ida yana bir bor guvoh bo‘ldik. Ushbu fayzli bog‘dagi muhitni, insonlar yuz-ko‘zidagi quvonchni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Uni faqat his etish mumkin.
Nuroniylar, viloyat faollari, yoshlar, qo‘yingki, tantanali tadbirning barcha-barcha ishtirokchilari yuzidan hayotdan rozilik, ertangi kuniga ishonch tuyg‘ulari balqiydi. Ana shu shukronalik, qat’iy ishonch porlayotgan minglab nigohlarga boqib, bir haqiqatni anglaysiz: bu qarashlardagi ulug‘vorlik, qat’iyat faqatgina yangi shahar bunyod etilishi bilan bog‘liq emas. Bu — inson qadrini ulug‘lashga yo‘g‘rilgan Yangi O‘zbekiston islohotlarining ortga qaytmasligi, xalqimiz Lideri boshchiligida qo‘lga kiritilayotgan yutuq va tarixiy natijalarimiz bardavom bo‘lishiga qat’iy ishonch hosilasidir.
Mezbonlardan birini suhbatga chorladik:
— Toshkent viloyati katta salohiyat, cheksiz imkoniyatlarga ega. Respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga to‘g‘ri kelishi ham buni tasdiqlaydi. Ma’muriy markaz — Nurafshon shahri ham shunga mos barpo etilayotgan ekan. Mahobatiga, “aqlli” yechimlariga havas qildim.
— Nimasini aytasiz, shunday katta viloyatning ma’muriy markazi yo‘q edi, — deydi mezbon. — Ilgari ko‘pchilik yurtdoshimiz “propiska”dan azob chekib, bizga havas qilishini aytardi. Aslida, bundan eng ko‘p Toshkent viloyati ahli qiynalgan.
Nigohimdan “qanaqasiga”, degan savolni uqadi chog‘i, og‘iz juftlamasimdan izoh boshlaydi.
— Masalan, Samarqand yoki qashqadaryolik bir inson yaxshi niyat bilan uy olaman deb Toshkentga keldi. “Propiska”si yo‘qligi uchun uy ololmasligini bilgach, qaytib ketadi. Bu yerda nima muhim, bilasizmi?
Javob berishimni kutmasdan fikrini davom ettiradi:
— Unda kelgan joyiga qaytib borib, viloyat markazidan uy olish imkoni, ya’ni tanlov bor. Bekobod yoki Ohangaronni qo‘ya turing, shundoqqina O‘rta Chirchiqning bir qishlog‘ida yashagan odam shaharga ko‘chib borishni reja qilsa-yu, u ham “propiska”si tufayli poytaxtdan uy ololmasligini bilsa, ayting, qayerga boradi? Ha, afsuski, bizda shunday bo‘lgan. Hozir bu masala hammamiz uchun o‘tmishda qoldi. Lekin baribir viloyatning o‘z ma’muriy markazi bo‘lgani yaxshi-da. Chunki bu jihat faqatgina uy bilan bog‘liqmas. Toshkent viloyatining tibbiyotidan tortib, davlat idoralarigacha, barchasi har tomonda edi.
Shu payt “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga mamlakatimiz yetakchisi kirib keldi, yig‘ilganlarni samimiy qutladi.
— Bu yerdagi har bir korxona, har bir ko‘cha va bino, maydon va xiyobon serg‘ayrat, mehnatkash va fidoyi viloyat ahli bilan birgalikdagi ishlarimizning natijasidir, — dedi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, bugun barchamiz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratyapmiz. Shu o‘rinda bir haqiqatni ta’kidlashni istardik. Jamiyatni birlashtirib, mamlakatni taraqqiyotga boshlashni kuchli shaxslargina uddalay oladi. Islohotchi bo‘lish insondan har jihatdan yuksak salohiyat, ertangi kunni oldindan ko‘rib, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qila olishday fazilatlar talab etadi. Ayni sabab tufayli tashqaridan qaraganda KATTA VA BUYUK ISLOHOTCHI sifatida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev katta marralarni osongina zabt etayotganday ko‘rinadi. Uning uyqusiz tunlari, oromsiz kunlardagi mashaqqatini esa faqat tasavvur qilish, bir oz his etish mumkin, xolos.
Yana bir gap. Yuqorida bunyodkorlik, tadbirkorlik, ijtimoiy yangilanishlar falsafasi haqida so‘z yuritdik. Endi esa yurtimizdagi bu kabi o‘zgarishlar silsilasi xalqimizni yana bir ezgu maqsad sari chorlay boshlagani haqida aytmoqchimiz.
Bu yerda gap obodlik harakati to‘g‘risida.
Ma’naviy merosimizda “Obodlashmoq” so‘zi bor. U tobora obod bo‘lib bormoq ma’nosini anglatadi. Keyingi yillarda topgan yana bir haqiqatimiz hayotimizga, turmush tarzimizga, umuman, xohish-istaklarimizga jo‘r bo‘layotgan obodlik ruhidir.
Bizning zaminda azal-azaldan ro‘zg‘orni ozoda tutish, kishi o‘zi yashayotgan atrof-muhitni sarishta saqlash, tabiat ne’matlarini asrab-avaylash, ularni qadrlash kabi tarbiya muhiti shakllanib kelgan.
Bugun mana shu tarbiya maktabi o‘zining yanada go‘zal qiyofasi bilan qayta yuz ochmoqda. Bu holning boisi nimada?
Gap shundaki, keyingi yillarda yurtimizda kuzatilayotgan keng miqyosli islohotlar, avvalo, mahallalarda, chekka-chekka qishloq va ovullarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Buni odamlar o‘z hayotida sezyapti. Aslida hayotning eng go‘zal ne’matlari faqat tinchlik va farovonlik hukm surgan zamindagina o‘z xislatini namoyon etadi. Shu bois, bugun mamlakatimizda hukm surayotgan barqaror taraqqiyot muhitida xalqimiz yana obodlik muhitiga qaytdi. Shuning o‘zi biz orzu qilgan farovonlik jamiyatining yorug‘ mujdasi emasmi?!
Xulosa o‘rnida aytmoqchimizki, katta yo‘lga tushgan ulkan karvon — Yangi O‘zbekistonning murakkab geosiyosiy jarayonlardagi yutuqlari zamirida ana shunday hayotiy haqiqatlar bor!
Salim DONIYOROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist