Bunga poytaxtimizda o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham guvoh bo‘ldik. Birgina shu yo‘nalishda ellikdan ortiq investorning kelishi global maydonda bu sohaga talab baland ekanini ko‘rsatadi.
Loyihalarning ahamiyati faqat iqtisodiy manfaatdorlik emas. Birinchi navbatda, aholining uzluksiz elektr energiyasiga talabini qondirish orqali yurtimizda energetika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. So‘nggi yillarda yurtimizda elektr energiyasi ta’minoti tizimini modernizatsiyalash, mavjud infratuzilmani yaxshilash, iste’molchilarni sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlarni tubdan yangilash ustuvor vazifaga aylangani boisi shunda.
Har bir bosqich muhim
Yurtimiz aholisi soni 39 milliondan oshdi. Bu elektr iste’molchilari bilan birga, ularning talabi ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Birgina misol, 2023-yilda mamlakatimizda 8,1 million iste’molchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 8,7 millionga yetdi. Shu davrda elektr energiyasi yetkazib berish hajmi 71 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan.
Hozir bu raqamlar kuniga yangilanyapti. Xususan, joriy yilning 24-iyun holatiga ko‘ra, yurtimizda elektr energiyasi iste’moli 11,3 ming megavatt, ishlab chiqarish esa 11,7 ming megavatt soatdan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan bir necha barobar ko‘p. Qolaversa, bugun iste’mol tarkibi ham tubdan o‘zgarmoqda. Avvallari xonadonlarda cheklangan miqdorda elektr jihozlari mavjud bo‘lgan, bugungi kunda esa har bir uyda bir necha maishiy texnika vositasi va raqamli qurilmalar faol ishlatilmoqda. Bu esa energiyatejamkor texnologiyalar joriy etilganiga qaramay, umumiy iste’mol ortishiga olib kelyapti.
Biroq mavjud talabni qondirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishning o‘zi kamlik qiladi. Elektr tokini sifatli, uzluksiz yetkazish ham talabga javob berishi kerak. Sohada doimiy islohotlar kechayotgani boisi shunda.
Aslida, elektr energiyasi va tabiiy gazga talab keskin o‘sishi iqtisodiy rivojlanishning tabiiy natijasidir. O‘zbekiston esa keyingi o‘n yilda iqtisodiyoti jadal o‘sib borayotgan davlatlardan biriga aylandi. Barcha sohalardagi rivojlanishlar, aholi soni ortishi, sanoat ishlab chiqarish hajmi kengayishi va uy-joy qurilishi jadallashuvi energetika tizimiga tushayotgan yuklamani mislsiz darajada oshirdi. 2017-2025-yillar davomida 350 mingdan ortiq yangi xonadon foydalanishga topshirilgani ko‘lamni yaqqolroq ko‘rsatadi.
Agar 2016-yilda mamlakat bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 45,7 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, qariyb 71 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bu esa tizim oldiga mutlaqo yangi talablar qo‘yib, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy loyihalarni yanada faol amalga oshirishga undayapti.
Bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab 271 ming kilometr elektr tarmog‘i orqali iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berilyapti. Shuningdek, 35-110 kilovatt kuchlanishli 325 ta podstansiya, 106 mingdan ziyod transformator punkti ishlamoqda. Mazkur obyektlarning sezilarli qismi 40 yildan ortiq vaqt davomida ekspluatatsiya qilingan bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich yangilash zarurati kelib chiqyapti.
Loyihalarning ahamiyati shunda ko‘rinadi, qancha ko‘p mablag‘ jalb qilinib, tizim zamonaviylashtirilsa, samaradorlik ko‘rsatkichi shuncha ortib boraveradi. Masalan, 2023-2025-yillardagi dasturlar doirasida jami 29 ming kilometr elektr tarmog‘i, 195 ta podstansiya va 9 mingdan ortiq transformator punkti yangilandi. Buning uchun 6,6 trillion so‘m yo‘naltirildi. Natijada elektr tarmoqlari quvvati 2900 megavolt amperga oshirilib, 4,9 mingdan ziyod mahallada istiqomat qiluvchi 5,7 million aholi xonadoni hamda o‘nlab yirik sanoat korxonalari barqaror elektr ta’minotiga ega bo‘ldi.
Toshkent shahrida shu davrda qariyb
3 ming kilometr elektr tarmog‘i, 9 ta podstansiya va 732 ta transformator yangilandi. Yuqori kuchlanishli 29 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, qo‘shimcha elektr quvvatlari yaratildi. Bu ishlar uchun 3,9 trillion so‘m sarflandi. Natijada poytaxtdagi
241 dan ortiq mahallada yashovchi 390 mingdan ziyod aholi xonadonining elektr ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi.
Loyihalar har bir hududda amalga oshirilyapti. Investitsiya mablag‘lari asosan elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash, yangi podstansiyalar qurish hamda raqamli transformatsiyani joriy etishga yo‘naltiriladi. Ayniqsa, raqamlashtirish sohasidagi o‘zgarishlar aholiga qulaylik yaratishi yaqqol ko‘zga tashlanyapti.
Gap zamonaviy elektr toki hisoblagichlar hamda ularni boshqaradigan ilg‘or ASKUE tizimi haqida boryapti. Hozirgi kunda deyarli barcha eski turdagi hisoblagichlar yangilariga almashtirilgan. Ayni paytda ASKUE tizimi orqali 8,9 milliondan ortiq elektr hisoblagich ma’lumotlari qayta ishlanmoqda. Ilg‘or texnologiya eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan energiya yo‘qotishlarining oldini olishda ham samarali ekani amaliyotda o‘z isbotini topdi. Aniq hisob-kitob va elektron nazorat ayni jarayonni doimiy boshqarib turadi. Bu aholi ortiqcha to‘lov qilmasligini ham ta’minlaydi.
Yo‘qotishlarni kamaytirish elektr toki yetkazib berishda ham asosiy muammolardan biri. Aynan eskirgan qurilmalar va tizim sabab ayrim holatlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 15-20 foizi iste’molchiga yetib bormasdan yo‘qolmoqda. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 7-8 foiz atrofida bo‘lishi hisobga olinsa, mavjud holat tarmoqlarni modernizatsiyalash zaruratini yanada kuchaytiradi. Boisi, yillik hisobda taxminan 6 milliard kilovatt-soat energiya yo‘qotilishi 2,5 milliondan ortiq xonadonning bir necha oylik iste’moliga teng bo‘lgan resurslarning samarasiz sarflanishini anglatadi va bu kichik raqamlar emas.
So‘nggi yillarda sohada tizimli yondashuv shakllanib, katta mablag‘ ajratilayotgani boisi shunda — mavjud muammolarni bartaraf etish, aholining uzluksiz elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish. Kelgusi istiqbolda 2030-yilgacha mo‘ljallangan dasturlar doirasida elektr tarmoqlarini keng ko‘lamda modernizatsiyalash rejalashtirilgan. Jumladan, qariyb 10 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 53 ta yirik podstansiya qurilishi orqali texnik yo‘qotishlarni 5-6 foizgacha qisqartirish ko‘zda tutilgan. Bu esa energetika tizimi ishonchliligini oshirish, uzilishlarni bartaraf etish va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Kuz-qish mavsumiga hozirlik
Bu borada, ayniqsa, yuqori yuklama davrlari — yozgi issiqlik va qishki sovuqda elektr energiyasiga talab keskin oshib, ta’minotdagi uzilishlar ortadigan vaqtlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda bir necha yil oldin ilk bor anomal sovuq kuzatilganida, sohadagi kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanib, qator qiyinchiliklar kuzatilgani ko‘pchilikning yodida. Bu vaziyat soha oldiga aniq vazifalarni qo‘yishga turtki bo‘lgandi. Hozir ham turli omillar sabab uzilishlar kuzatilib turadi, ammo ularning soni, bartaraf etish choralari tezligi va uzilishlar muddati ancha qisqargani bor gap.
Buning uchun soha xodimlari yil davomida mehnat qilyapti. Bir vaqtning o‘zida 2026-2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik olib borilmoqda. Jarayonda asosiy e’tibor elektr tarmoqlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlariga qaratilgan. Yurtimiz bo‘ylab maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan, ayni paytda 480 ta maxsus ta’mirlash brigadasi faoliyat yurityapti.
Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi 106 ming 142 dona transformator punktining texnik holati o‘rganilib, ularning 26 mingga yaqinida ta’mirlash ishlarini amalga oshirish kerakligini aniqlangan. Kuzatilgan kamchiliklarni tez va sifatli bajarish maqsadida hududlar holatiga qarab qizil, sariq va yashil toifalarga ajratib olinib, barchasida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Bugunga qadar qizil va sariq toifadagi transformator punktlarining 80 foizdan ko‘pida modernizatsiyalash yakunlanib, qolgan qismida ishlar davom etyapti.
Bu ishlarning bajarilishi mavsumda avariya holatlari yuzaga kelmasligini anglatmaydi. Ko‘pincha bunday holatlar tabiat hodisalari bilan bog‘liq holda sodir bo‘ladi va biz bunga doim tayyor turishimiz kerak. Shu bois, hududlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini tezkor bartaraf etishga qaratilgan zarur zaxiralar yaratilmoqda. Jumladan, 1247 ta tarmoq transformatori, 660 tonna transformator moyi, 320 kilometr kabel, 151 tonna sim hamda 5259 ta tayanch va boshqa ko‘plab elektr jihozlari zaxirasi hozirlandi.
Qolaversa, favqulodda vaziyatlarda tezkor chora ko‘rish maqsadida 6574 mutaxassisdan iborat 1215 ta avariya-tiklash brigadasi shakllantirilgan. Ularning xizmati uchun 1056 ta maxsus avtomashina hamda 437 ta maxsus texnika shay holatga keltirilgan.
Bu harakatlar elektr tarmoqlarining ishonchli faoliyatini oshirish orqali energetika xavfsizligi, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadi ko‘zlangan.
Asrorjon Asqarov,
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi