Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Bulungʻur tumanida yashovchi, 2001-yilda tugʻilgan M.M. 2022-yil 18-avgust kuni ogʻir holatda, bachadondan qon ketishi shikoyati bilan Bulungʻur tumani sogʻliqni saqlash boʻlimiga qarashli tugʻruq boʻlimiga murojaat qilgan.
Shoshilinch tibbiy tekshiruvlar natijasida homilaning ona qornida nobud boʻlgani aniqlangan. Bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatilib, nobud boʻlgan homila tugʻdirib olingan va antenatal oʻlim holati belgilangan tartibda qayd etilgan.
Maʼlumotlarni elektron bazaga kiritish jarayonida davolovchi shifokor Raʼno Gʻofurova tomonidan yoʻl qoʻyilgan texnik xato oqibatida fuqaroning pasportidagi JSHSHIR raqami nobud boʻlgan farzandining maʼlumotlariga biriktirib qoʻyilgan.
2023-yilda M.M. ikkinchi farzandi uchun tugʻilganlik haqidagi guvohnomani olish jarayonida elektron maʼlumotlar bazasidagi ushbu xatolik sababli muammoga duch kelgan.
Shundan soʻng tuman tibbiyot masʼullari hamda FHDYO organlari xodimlari tomonidan maʼlumotlar bazasidagi xatolik bartaraf etilgan. Kamchiliklar tuzatilgach, 2023-yil oxirida M.M.ga shaxsini tasdiqlovchi yangi hujjat — ID-karta rasmiylashtirish jarayonida hech qanday muammo yoki toʻsiq yuzaga kelmagan.
Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, holat atroflicha oʻrganilib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda elektron maʼlumotlar bazasida Face ID tizimi bilan bogʻliq kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilgan.