Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerning aktivga aylantirilishi, xususiylashtirish hisobidan byudjetga 550 milliard soʻm qoʻshimcha tushum boy berilgani koʻrsatib oʻtildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish boʻyicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga oʻtish topshirildi.

Bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Lekin bosh rejada koʻrsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yoʻllar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yoʻqligi tanqid qilindi.

Aslida, har bir bosh rejani roʻyobga chiqarish boʻyicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va masʼullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yoʻqligi uchun ham infratuzilmaga 1 soʻmlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra koʻp mablagʻ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan boʻlishini aniq belgilab berish vazifasi qoʻyildi.