30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlarining har birida katta salohiyat, isteʼdod va iqtidor borligini qayd etdi.

– Sizlar oʻz davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirogʻi” boʻlgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan masʼuliyat hamdir!

Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan boʻlsa, sizlar Yangi Oʻzbekistonda yangi uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch boʻlishingiz kerak! – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan soʻng Prezidentimiz yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.

– Butun xalqimiz nomidan bugungi davlat mukofotlari sohiblarini yana bir bor tabriklayman. Mazkur yuksak eʼtirof sizlarni yangi marralar sari yetaklasin! Safingiz yanada kengayaversin! – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Mukofotlangan yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham oʻz bilimi, mehnati va tashabbuslari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidladi.