Bu haqda JSST rahbari Tedros Gebreyasus maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, ayni paytda Yevropada 150 milliondan ortiq aholi kuchli issiq toʻlqini taʼsirida yashamoqda. Yuqori harorat sabab yuzlab insonlar hayotdan koʻz yumgan, ayrim mamlakatlarda maktablar vaqtincha yopilgan, elektr tarmoqlari esa ortiqcha yuklama ostida ishlamoqda.

JSST rahbarining taʼkidlashicha, iqlim oʻzgarishi va global isish tufayli ilgari bir avlod davomida bir marta kuzatilgan kuchli jazirama endi deyarli har yili takrorlanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 21 iyundan buyon Yevropada yuqori harorat bilan bogʻliq holda 1300 dan ortiq ortiqcha oʻlim holati qayd etilgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti issiqlik stressini «sokin qotil» deb atab, Yevropa davlatlaridagi uy-joylar, ish joylari va taʼlim muassasalari bunday yuqori haroratlarga moslashtirilmaganini taʼkidladi.

Tashkilot aʼzo davlatlar va hamkorlar bilan hamkorlikda ekstremal issiqlikning sogʻliq uchun xavfini kamaytirish, sogʻliqni saqlash tizimlarining tayyorgarligini kuchaytirish va profilaktika choralarini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.

Shuningdek, Yevropa mamlakatlariga iqlim oʻzgarishi oqibatlaridan aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus «issiqlik boʻyicha sogʻliqni saqlash harakat rejalari»ni ishlab chiqish va amalga oshirish tavsiya etilmoqda.