Shu munosabat bilan viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov bosh ofisi Janubiy Koreyada joylashgan Armed Inc kompaniyasi direktori Azizbek To‘ychiyev bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot muassasasini barpo etish loyihasi muhokama qilindi. Uchrashuvda kompaniyaning tibbiy texnologiyalar va zamonaviy tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, xususan, umurtqa jarrohligi sohasidagi ilg‘or yechimlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, kompaniyaning xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtiroki, malakali mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasidagi tajribasi ham taqdim etildi. Yangi ish o‘rinlari yaratish hamda davolash jarayonlarida Koreya tajribasini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Nuriddin Mamajonov Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasi jadal rivojlanayotganini, xorijiy davlatlardan, ayniqsa qo‘shni mamlakatlardan davolanish uchun kelayotgan bemorlar soni ortib borayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha viloyat tibbiyotini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholiga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish va kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.