Mazkur Aviatsiya qoidalari fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tibbiy xulosa berish tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, barcha aviatsiya xodimlari va fuqaro aviatsiyasiga qabul qilinayotgan nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tibbiy-uchish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Tibbiy ko‘rikda nomzodning umumiy sog‘lig‘i, ko‘rish va eshitish qobiliyati, ruhiy holati, kasbiy faoliyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavf omillari, shuningdek parvozlar xavfsizligiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan kasallik va holatlar baholanadi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasiga ko‘ra, aviatsiya xodimlari va nomzodlarga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra 1, 2 yoki 3-klass tibbiy xulosalar beriladi.

Tibbiy xulosa nomzodning kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarishga jismoniy va ruhiy jihatdan yaroqliligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Shuningdek, ushbu qoidalarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi, tibbiy xulosaning amal qilish muddatlari, uchishdan oldingi va keyingi tibbiy ko‘riklarni tashkil etish tartibi belgilangan.