Trening Milliy markaz va BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2026-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlar rejasi doirasida o‘tkazildi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Milliy markaz va BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
Treningda asosiy e’tibor fuqarosizlikning oldini olish va uni qisqartirish bo‘yicha xalqaro standartlar, jumladan, 1961-yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyada mustahkamlangan huquqiy kafolatlar yuzasidan bilimlarni chuqurlashtirishga qaratildi.
Trening ochilishida Milliy markaz 2021-yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan faol hamkorlik qilib kelayotganini, shu davr mobaynida fuqarosizlikni qisqartirish va unga barham berish masalalari bo‘yicha jami 21 ta qo‘shma tadbir tashkil etgani ta’kidlandi. Shuningdek, bugungi trening o‘tgan yil noyabr oyida NNT va yuridik klinikalar vakillari, sudyalar hamda ichki ishlar organlari xodimlari uchun o‘tkazilgan turkum o‘quv tadbirlarining mantiqiy davomi ekani qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov fuqarosizlik muammosini hal etish «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mustahkamlangan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, 2020-yilda «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi bu borada hal qiluvchi qadam bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Milliy markaz direktorining ma’lumotiga ko‘ra, 1992–2016-yillarda O‘zbekiston fuqaroligini 482 nafar shaxs olgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishi fuqarolikka qabul qilingan. Bu natijalar ortida, avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarining joylardagi mashaqqatli va mas’uliyatli mehnati turgani, Ichki ishlar vazirligi fuqarolik masalalarini hal etish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda asosiy ijro bo‘g‘ini hisoblanishini qayd etildi.
Dastur doirasida ishtirokchilar:
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, fuqarosizlik xavfi ostidagi shaxslar va fuqaroligi aniqlanmagan shaxslar tushunchalari, fuqarosizlikning sabablari va oqibatlari, fuqarolik huquqiga oid inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar hamda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining mandati va roli;
- 1954-yilgi Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar maqomi to‘g‘risidagi va 1961-yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyalarga muvofiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonining oldini olish va uni qisqartirishning asosiy kafolatlari;
- O‘zbekistonning fuqarosizlik muammosini hal etish bo‘yicha tajribasi: fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni xaritaga tushirish, ma’lumotlar to‘plash va statistika, normativ-huquqiy baza va tartib-taomillar, asosiy yutuqlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomini belgilash tartib-taomili: uning bosqichlari, dalillarning roli, protsessual kafolatlar va qarorlarni qayta ko‘rib chiqish mexanizmlari, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi amaliyot;
- Markaziy Osiyoda fuqarosizlikka barham berish va uning oldini olish: yutuqlar, saqlanib qolayotgan muammolar va imkoniyatlar, ilg‘or mintaqaviy tajriba, Fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global alyans va Ashxobod deklaratsiyasi masalalari bo‘yicha ma’ruza va muhokamalarda qatnashdi.
Trening yakunida ishtirokchilar asosiy xulosalar va natijalarni muhokama qildilar.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.