Ayni vaqtda «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60 yil va
Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40 yil: qadr-qimmat, tenglik va
barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik» mavzusida o‘tkaziladigan ushbu
nufuzli xalqaro Forumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Keyingi 10
yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda inson
huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand
forumlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Binobarin, davlatimiz
rahbarining murojaatlarida, dastavval, yurtimizda ilk bor 2018-yilda
o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos «Samarqand
ruhi»ni olib kirgani e’tirof
etilgani bejiz emas.
Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi O‘zbekiston Prezidentining
2026-yil 16-fevralda qabul qilingan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni
yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston–2030»
strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni
doirasida tashkil etilmoqda.
Bo‘lajak
Forum BMTning 1966-yil 16-dekabrda
qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar
to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi
xalqaro paktning 60 yilligiga, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi
deklaratsiyaning 40 yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.