Ana shunday haybatli manzara ogʻushida muazzam maydon yurtdoshlarimiz, xorijdan kelgan mehmonlar bilan gavjum. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman ochilganiga hali koʻp boʻlmadi. Oʻtgan sanoqli kunlarda bu muhtasham majmuaning dovrugʻi olam uzra taralmoqda, buni mahobatli maskanni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan atay kelayotgan sayyohlar oqimi ham dalillab turibdi. Ularning hayrat toʻla yuz ifodasidan oʻzbek xalqining bun­yodkorlik va donishmandlik zakosiga hurmat-ehtirom sezasiz.

Oilamiz bilan ikkinchi marta ziyoratga bordik. Oʻtgan hafta kunduzi sayr qilgandik, ikkinchi gal koʻngil majmuaning oqshomgi tarovatini ham his qilishni ixtiyor etdi. Hamrohlarim — otam, onam, turmush oʻrtogʻimga qarayman. Ular oʻz olamining tashbihi bilan band. Oilaviy hayratimizni fusunkor Xastimom oqshomining mahobati bilan uygʻunlashtirishga harakat qilaman. Otam qariyb yarim asr yashagan, onam bilan turmush oʻrtogʻim kelin boʻlib tushgan, oʻzim ham chorak asr voyaga yetgan qadrdon mahallamiz hududi qachondir dunyoni oʻziga rom qilishini hech birimiz hayolimizga ham keltirmaganmiz.

Toʻgʻri, Xastimom dahasi azaldan musulmon olamini oʻziga jalb qilib kelgan. Bu yerdagi Baroqxon, Moʻyi Muborak madrasalari, Namozgoh va Tilla Shayx masjidlaridan iborat ansambl obidalarini bir bor koʻrishga ishtiyoqmandlar doim boʻlgan. Ammo bu ziyorat tor doirada, asosan islom eʼtiqodidagi kishilarning muqaddas tarixiy maskani sifatida edi. Zero, Xastimom nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida  alohida nufuz va eʼtibor qozongan tabarruk maskandir.

Bugun u Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilgani sharofati ila nafaqat tarixiy, shu bilan birga oʻzida azaliy qadriyatlarni jo qilgan eng ilgʻor va zamonaviy arxitektura majmuasi oʻlaroq irqi, dini, eʼtiqodidan qatʼi nazar, minglab emas, millionlab odamlar bir bor koʻrishni niyat qilayotgan manzil maqomini oldi.

Markazning Qorasaroy koʻchasiga qaragan Ulugʻbek portali zinasiga qadam bosar ekanmiz, otam toʻxtashimizga ishora qildi.

— Uyimiz taxminan mana shu joyda joylashgan edi, — dedi otam qoʻli bilan ishora qilib chegaralarni koʻrsatar ekan. — Bugun esa tumonat odam bir paytlar hovlimiz boʻlgan hudud orqali shunday muqaddas majmuaga kirib-chiqib turibdi.

Qadriyatlarimizning yozilmagan qonun­qoidalari koʻp. Otam oilamiz uchun bir vaqtlar boshpana boʻlgan xonadonimiz oʻrnida turib, bu yerlarda yashab oʻtgan ajdodlarimiz, qoʻni-qoʻshni, qarindoshu mahalladoshlarimiz xotirasiga Qurʼon oyatlaridan tilovat qildi. Yuzimizga fotiha tortdik va ruhimiz ancha yengillashdi, nazarimda.

Ota-onamni toliqtirib qoʻymaslik maqsadida ohista yurib, hududni aylandik. Odamlarni kuzatdim. Tevarakning goʻzalligi barchani birdek maftun qilgan. Chiroqlar nuri va devorlarda aks etayotgan ajabtovur tasvirlar kichkintoy sayyohlarning quvnoq hayqirigʻiga sabab boʻlyapti. Biroq bundan hech kim bezovtalanib, yuz burishtirayotgani yoʻq. Chunki barchaning yuzida tabassumga uygʻun hayrat va hamma oʻzining oʻsha hayrat olamiga singib ketgan.

Sababi, bu yerda moʻjiza ustiga moʻjizalar guvohi boʻlish mumkin. Bugun Eski shahar yuragida zamonaviy texnologiyalar va tarixiy xotira uygʻunlashgan yangi madaniy makon namoyon boʻlmoqda. Prezidentimiz tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida qosh qoraygach, noyob 3D mepping-shou tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Loyiha Oʻzbekiston muzey makonida zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali tarix va maʼrifat gʻoya­larini yetkazishga qaratilgan ilk yirik tashab­buslardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat ilmiy va maʼrifiy mazmuni, balki innovatsion va kreativ yechimlari bilan ham jamoatchilik eʼtibori markazida. Majmua ichkarisidagi ekspozitsiyalar ilgʻor raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan boʻlsa, uning tashqi meʼmoriy qiyofasi ham tomoshabinlar uchun oʻziga xos sahnaga aylangan. Quyosh botib, qorongʻi tusha boshlashi bilan markaz devorlarida yorugʻlik, rang va harakat uygʻunligida namoyish etilayotgan 3D mepping-shou tarixni koʻz oldingizda jonlantiradi.

Mazkur mepping-shouni tomosha qilish uchun markaz atrofiga har safar 5000 dan ziyod mahalliy aholi va xorijlik mehmon toʻplanadi. Tomosha ikki seansda namoyish etiladi. Har bir chiqish katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olinadi. Ushbu vizual loyiha odamlar qalbida oʻziga xos tuygʻular uygʻotib, tarix va maʼrifatni yangi ­shaklda his qilish imkonini bermoqda.

Bir payt odamlar orasidan bir kishi biz tomon quchoq ochib kela boshladi. Qarasam, shu mahallada yashagan qoʻshnimiz Rahim amaki ekan. U otamdan chamasi 4-5 yosh katta. Koʻrinishidan ancha bardam, tetik. “Ie, iye, oʻzimning xastimomliklarim”, deya koʻrishishga chogʻlandi. Ming yillik qadrdonlar kabi bir-birimizni bagʻrimizga bosdik. ­Xastimomda oʻtgan davrlarni esga oldik.

— Hammangiz kelib yaxshi qilibsizlar, — dedi Rahim amaki otamga yuzlanib. — Har bir yurtdoshimiz bu noyob madaniy maskanni koʻrishi, tariximizni his qilishi va bilishi shart. Bu yerlar tez-tez kelib koʻrishga arziydigan darajada obod boʻlibdi. Tunov kuni oʻgʻlim va nabiralarim bilan majmuaning ichkaridagi zallarini koʻrgan edik. Bugun atrofni bir oʻzim aylangim keldi. Bu kunlarga guvoh boʻlish, afsuski, koʻplab mahalladosh doʻstlarimiz, aka-ukalarimizga nasib qilmadi. Bizga esa koʻrsatganiga shukr.

* * *

Toshkentliklarning qiziq bir odati bor. Tanimagan hamshahri bilan gurunglashib qolsa, gap gapga ulanib ketsa, albatta, qaysi mahalladan ekanini surishtiradi. Shunday kezlarda oʻzim tugʻilib oʻsgan, shu yerdagi maktabda oʻqigan, oila qurgan, 25 yoshimga qadar istiqomat qilgan maskanimni gʻurur va iftixor bilan tilga olaman: “Xastimomdanman!”. Savol bergan odamning yuzida shu zahoti havas bilan birga kaminaga hurmat paydo boʻladi va doim munosabat bir xil yangraydi: “Juda ulugʻ joylardan ekansiz!”.

Xastimom azaldan Toshkentning  islom, ilm-maʼrifat, hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlaridan biri boʻlgan. Bunga ushbu maskanda yashab oʻtgan koʻplab mutafakkir, islomshunos olim, diniy ulamolar, hududning jugʻrofiy joylashuvi, irrigatsiya inshootlari — anhor va ariqlari sabab boʻlgan. “Xastimom” soʻzi esa “Hazrati Imom” atamasining qisqartirilgan shakli. Bu nom musulmon olami imomlaridan biri Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasi nomidan olingan. Mahalliy xalq uning hurmatidan bu joyni shunday atagan.

Umuman olganda, bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mahobati, maydoni va qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri boʻlib tarix zarvaraqlariga kirmoqda.

Majmua atrofini ikki marta aylanib chiqdik. Osmonga qarasam, goʻyo bu yerdan ketgim kelmayotganini sezgandek, gʻujgʻon oʻynagan yulduzlar lipillab koʻz qisadi. Ularga havasim keldi. Axir har kuni maftunkor manzarani koʻkdan tomosha qiladi. Yulduzga xos miltiragan jilvasini bir paytlar bola boʻlib yugurib yurgan koʻchalarim oʻrnida qad rostlagan muhtasham majmuaning devorlariga nur qilib yetkazish bilan band.

Nuroniylik baribir oʻz soʻzini aytar ekan — otam bilan onam uyga qaytish taraddudiga tushib qoldi. Xastimomning tarovatli oqshomi bizni yana qaytib kelish sharti bilan kuzatib qoʻydi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri