FVV xabar berishicha, bugun, 15 avgust kuni soat 03:41 da «112» tizimi orqali Toshkent shahar FVBB navbatchilik qismiga Uchtepa tumani «Quyi Darxon» MFY hududidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Xabar olinishi bilan shahar FVBB va FVV Maxsus qutqaruv batalyoni qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.

Qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etish bilan bir qatorda, xonadonda bo‘lgan aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilib, ularning hayotini saqlab qolgan.

FVV Maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandiri o‘rinbosari — guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardaev ham insonlar hayotini qutqarishda jasorat ko‘rsatgan. Biroq yong‘inni bartaraf etish jarayonida kapitan Boburmirzo Pardaev qahramonlarcha halok bo‘lgan.

U inson hayoti va xavfsizligini o‘z jonidan ustun qo‘yib, so‘nggi nafasiga qadar xizmat burchiga sodiq qoldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum qutqaruvchi, kapitan Pardaev Boburmirzo Komiljon o‘g‘lining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Jasorat bilan o‘tgan umr — el xotirasida abadiydir.