O‘zbekiston tabiatining biologik va landshaftlar xilma-xilligi milliy boyligimizning ajralmas qismidir. Mamlakatimizning Asosiy qonuni Konstitutsiyamizning 68-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”, deyilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida” gi qarori hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish soxasini tartibga solishga qaratilgan. Biroq mamlakatimizda hayvonot dunyosidan xo‘jasizlarcha, noqonuniy, maqsadsiz foydalanish, unga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlari uchrab turibdi. Misol tariqasida Surxondaryo viloyatida sodir bo‘lgan noqonuniy ov bilan bog‘liq holatni keltirib o‘tishimiz mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 29 iyul kuni "Surxon" davlat qo‘riqxonasi xodimlari kuzatuv paytida "Sherjon" bo‘limi hududida ov qurollari bilan yurgan uch nafar shaxsni aniqlashgan. Huquqbuzarlarga bir necha marta to‘xtash ishorasi berilgan bo‘lsa-da, bo‘ysunmasdan, xodimlarga qarata o‘q uzishgan va ryukzaklarini tashlab, voqea joyidan qochib ketishgan. Ryukzaklar tekshirilganida ikki bosh hayvonning bo‘lingan go‘shtlari topilgan. Tezkor o‘rganish ishlari davomida huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Holat yuzasidan to‘plangan barcha ma’lumotlar tuman IIBga taqdim etilgan. Hozirda huquqbuzarlik yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari joriy yilning 5 avgust kuni Ekologik nazorat davlat inspektsiyasi (Ekopolitsiya) Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi xodimlari hamda Sirdaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida navbatdagi ekologik reyd tadbiri o‘tkazildi. Reyd davomida Sirdaryo tumani "Taraqqiyot" mahallasi hududi uchuvchisiz uchish apparati (dron) yordamida ko‘zdan kechirildi. Kuzatuv chog‘ida mahalla hududidan oqib o‘tuvchi ichki kanallarning birida tungi vaqtda rezina qayiqda noqonuniy baliq ovlayotgan ikki nafar fuqaro aniqlandi. Qoidabuzarlar to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda sanchqi yordamida 8 dona ilonbashara, 1 dona oq amur va 1 dona tovonbaliq (karas)ni noqonuniy ovlagani aniqlandi. Fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ish materiallari ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudiga yuborildi. Bundan tashqari, ashyoviy dalil sifatida rezina qayiq, sanchqi, nasos va bir juft eshkak belgilangan tartibda olib qo‘yildi hamda rasmiylashtirildi. Sud qarori qabul qilingunga qadar ushbu ashyolar hududiy boshqarma omboriga saqlash uchun joylashtirildi.

Mutaxassislar bu kabi reyd tadbirlari yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, brakonerlikka qarshi kurashni kuchaytirish hamda ekologik qonunchilik ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.

Ushbu noqununiy holatlarni oldini olish maqsadida 2026 yil 30 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 343-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda ayrim yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanishi nazarda tutilgan. Joriy yil 1 avgustdan 2028 yil 1 yanvargacha yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan ayrim yovvoyi hayvonlarni ovlashga taqiq joriy etildi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan 2028 yil 1 yanvarga qadar mazkur qaror ilovasida belgilangan O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlandi.

Bunda:

ushbu cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ov qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi;

yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni shakllantirish va taqsimlashda ov qilish taqiqlangan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar turlariga nisbatan kvota ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu qabul qilingan qarorni qo‘llab quvvatlagan holda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda ekologik qonunchilikni takomillashtirish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolish va ko‘paytirishdan iboratdir.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ushbu qaror respublikamizdagi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolishga hamda ko‘paytirishga xizmat qiladi degan umiddamiz.

R.X.Kenjaev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ekologiya huquqi kafedrasi professori