Mamlakatimiz yetakchisining Margʻilon shahriga tashrifi fargʻonaliklar qalbida ana shunday masrur tuyғularni uygʻotdi. Ularning shodiyonasi, quvonchi butun mamlakat boʻylab keng quloch yozdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, davlatimiz rahbarining galdagi tashrifi Fargʻon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotida islohotlarning yangi davrini boshlab berdi. Buni yangi ochilgan turizm majmuasi misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Margʻilon shahridagi “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi. Yangi bunyod etilgan majmua ertaklarda aytilib, kitoblarda yozilgan afsonaviy shaharni yodga soladi. Uning tantanali ochilish marosimiga yiғilganlar qalbidagi faxrni bola qalbiday toza nigohlardan payqab olish mushkul emas. Katta izdihomga, boʻlajak kontsert tomoshasiga kirayotganlar navbat qolib, koʻrgan-kechirganlari haqida soʻzlashadi. “Otabek va Kumush uyi” muzeyini koʻrdingizmi?” “Ha, eshikdan ichkariga hatlashingiz hamon “Oʻtkan kunlar”ga tushib qolganday boʻlasiz ekan”. “Oʻziyam har bir naqshigacha eʼtibor berib, juda zoʻr qilib qurishibdi. Endi dunyoning toʻrt tomonidan turstlar oqib kelaveradi-da”.
Gap-gapga ulanib, majmua hududidagi amfiteatrga qanday kirib qolganimizni sezmaymiz. Katta izdihomda kishini oʻziga xos salobat bosadi. Majmuasining tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzlar ekan yiғilganlar quvonch va hayajon ila bir-biriga maʼnoli koʻz tashlaydi. Bu qarashda: “Eshitayapsizmi, Fargʻonamiz yanada gullab, taraqqiy etadi”, degan maʼno mujassam. Shu oʻrinda xalqimizning oqqan daryo oqaveradi, degan naqli yodga tushadi.
Shu oʻrinda Margʻilon shahriga berilgan ulugʻ maqom – “Maʼrifat ahlining vatani”, iborasi haqida toʻxtalib oʻtish zarur. Bu koʻhna kent azaldan hunarmandlar, ilm-maʼrifat sohiblarining vatani boʻlib kelgan. Yurtimizdagi qadim tamaddunlardan biri aynan shu yerda shakllangan. Buni isbotlashning juda oddiy yoʻli bor. Yaʼni shaharda qadimdan hunarmandchilik rivojlangan. Masalan, birgina iroqi doʻppining naqshlari nafaqat badiiy didning yuksak namunasi, balki oʻzida ramzlarni jamlagan madaniy meros hamdir. Bunday durdonaga asos solish uchun jamiyatda ilm-maʼrifat yuksak darajaga chiqishi, jamiyatda tinchlik, ahillik hukm surishi, xalq farovon yashashi kerak boʻladi.
Bugun Margʻilonning ana shu qadimiy quvvat, ilmiy va maʼrifiy qudrati qayta tiklanmoqda. Bunga albatta, yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar sabab. Negaki, mamlakat avval iqtisodiy yuksalishga yuz tutadi. Soʻng jamiyatda madaniy-maʼrifiy yuksalish yanada jadalлашadi. Shu maʼnoda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilish marosimi katta tantanaga aylangani bejiz emas. Yangi Oʻzbekiston nafası sabab Margʻilonday qadim shaharniñ qadimiy qudrati qayta uygʻona boshladi. Fargʻonaliklar buni teran his etib, majmua ochilishini katta tantana bilan qarshi oldi. Yangilanishlarni oʻz hayoti misolida koʻrib, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgan insonlarga bunday bayramlar, albatta yarashadi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan kontsert dasturi xalqimiz yagona vatan boʻlib birlashayotganiga yana bir karra guvoh boʻldik. Dastur davomida folklor-etnografik jamoalar, sanʼatkorlar va isteʼdodli ijrochilar chiqishlar qildi. Yurtimizning turli hududlariga xos surhoncha, buxorcha va qoraqalpoqcha kabi raqslar namoyish etildi. Fargʻonaliklar ushbu chiqishlarning barchasini koʻtarinki kayfiyat, bayramona shukuh bilan qarshi oldi.
Inson hayotidan rozi ekanini doim ham soʻz bilan izhor qilavermaydi. Chunki, yaxshi tuyғularimizni bayon etishga koʻpincha qiynalamiz. Nari borsa, xursandman-da, deymiz ovozimizni baralla qoʻyib. Lekin bu quvonchning aniq tasviri yoʻq degani emas. Inson xursandchiligini uning nigohidan, birgina qarashidan bilib olish mumkin. Afsonaviy shaharchaning ochilish marosimida Vodiy ahlining yuz-koʻzida ana shunday sevinch, hayotdan roziлик ifodalari egalлadi.
Tan olish kerak, iqtisodi mustahkam boʻlgan jamiyatlar bilim olishga, hunar oʻrganib, yangi imkoniyatlar eshigini ochishga koʻproq ragʻbat sezadi. Soʻnggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy anʼanalarni uygʻunlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam boʻldi.
Bularning barchasi mamlakatimizda boshlangan yangilanishlar jarayoni toʻgʻri va izchil davom etayotganidan dalolat. Eʼtiborlisi, ushbu majmualar nafaqat madaniy markaz, balki sayyohlik rivojiga hissa qoʻshadigan iqtisodiy quvvat ham hisoblanadi.
Tarix zarvaragʻiga katta harflar bilan bitilgan ushbu kunni Vodiy ahli katta shodiyona bilan qarshi olgani ham bejiz emas. Axir bunday yangilanishlar mamlakat ertasiga kafolat, keljak avlodning baxtli hayoti uchun ravon yoʻl solinayotganidan dalolatdir. Bunday sabab esa barchaga birdek quvon ulashishi tabiiy.
“Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi soʻngida Margʻilon osmonini rang-barang va yorqin mushaklar yoritdi. Ular mard va tanti, mehmondoʻst va hayotsevar fargʻonaliklarning quvonchi, yorqin orzu va intilishlarning timsoli sifatida namoyon boʻldi.
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri