Deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hujjat fuqarolarni yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.

Loyihada, xususan, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nabiralar, aka-uka hamda opa-singillarni bir-birining uy-joyiga roʻyxatdan oʻtkazishda xonadon maydoni belgilangan ijtimoiy meʼyordan kam boʻlsa ham, bu holat roʻyxatdan oʻtishga toʻsqinlik qilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, talabalar turar joylarida yashayotgan talabalarni roʻyxatdan oʻtkazishda ham uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qoʻllanilmasligi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy olgan fuqarolar uchun ham yengilliklar koʻzda tutilgan. Xususan, uy-joyga taqiq yoki xatlov qoʻyilgan boʻlsa, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini ushbu manzilga roʻyxatdan oʻtkazish uchun bank, sud yoki Majburiy ijro byurosining roziligi talab etilmasligi taklif qilinmoqda.

Bu oʻz navbatida fuqarolarga farzandlarini maktab yoki bogʻchaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdagi ayrim muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Biroq garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida roʻyxatdan oʻtkazilayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi institutini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga koʻra, garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qoʻygan vakolatli organ murojaati asosida shaxsning roʻyxatdan oʻtkazilganligi bekor qilinishi mumkin.

Muhokamalarda deputatlar loyihaning ahamiyati yuzasidan fikr va takliflarini bildirgan.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.