— Soʻrovnomamizda ishtirok eting, iltimos, uch daqiqa vaqtingiz ketadi, — deya menga ham yuzlanib qolishdi.

— Qanday soʻrovnoma, nima mavzuda?

Buni rozilik alomati deb qabul qilishdi shekilli, birinchisi mikrofon tutdi, narigisi suratga ola boshladi.

— Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?

Savol jiddiy edi. Unga yoʻl-yoʻlakay javob berib boʻlmaydi, axir.

— Shoshmanglar, bir oz oʻylab olay...

— Yoʻq, unaqada tabiiy chiqmaydi, oʻylamasdan javob beravering, — deb shoshirdi birinchi qiz.

— Uzr, singlim, bu “Qaysi xonanda sizga koʻproq yoqadi?” degan savol emaski, shartta javob berib ketaversam. Sizlar boʻlgʻusi jurnalist boʻlsangiz kerak? Men ham jurnalistman. Keling, shu savolga avval oʻzingiz javob berib koʻring, bir eshitay-chi.

— Biz jurnalist emasmiz, huquqshunoslik boʻyicha oʻqiymiz. “Milliy gʻoya” fanidan jamoatchilik fikrini oʻrganish topshirigʻi bor.

— Soʻrovnomani anketa shaklida oʻtkazsangiz yaxshiroq boʻlardi. Bu savolning javobiga mushohada bilan yondashgan maʼqul.

Xullas, boʻlgʻusi huquqshunoslar bilan muloqotimiz qovushmadi, men yoʻlimda davom etdim. Ammo oʻshandan beri ahyon-ahyon oʻylanib qolaman: “Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?” degan savolga bafurja qanday javob bergan boʻlardim?

 

* * *

Joriy yil futbol boʻyicha navbatdagi jahon chempionati guruh bahslari doirasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan uchrashuv yodingizdadir. Ijtimoiy tarmoqlarda futbol muxlislari qalbini larzaga solgan samimiy videolavha tarqaldi. Unda Kolumbiya terma jamoasi muxlislari gol oʻtkazib yuborilganidan keyin yigʻlayotgan oʻzbekistonlik bolakayni ovutgani aks etgan.

Maʼlum boʻlishicha, kichik muxlis oʻyindagi vaziyatdan juda taʼsirlanib, koʻz yoshlarini tiya olmagan. Shu payt atrofida oʻtirgan kolumbiyalik muxlislar unga befarq boʻlmay, bolakayni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilgan.

Ular birdan “Oʻzbekiston, Oʻzbekiston!” deya hayqirib, bolakayni ovutish bilan birga uning jamoasini ham qoʻllab-quvvatladi. Ushbu samimiy holat stadion muhitini iliqlik va doʻstlik kayfiyati bilan toʻldirgan edi. Mazkur lavha qisqa vaqtda dunyo boʻylab keng tarqaldi. Koʻpchilik bu voqeani sportning haqiqiy ruhi — mehr, hurmat va birdamlik timsoli sifatida baholadi.

Bir kechada ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan ushbu holat Oʻzbekiston terma jamoasigacha yetib bordi. Futbolchilar Isfandiyor Begmatov ismli bu yosh muxlisni mashgʻulotga taklif qilib, unga oʻzlarining imzosi tushirilgan libos va jamoa ramzi boʻlgan boʻri oʻyinchogʻini sovgʻa qildi.

Bu yerda sportning haqiqiy ruhi — mehr, hurmat va birdamlik timsoli oʻz yoʻliga. Biz eʼtibor qaratmoqchi boʻlganimiz oʻzbekistonlik bolakay milliy terma jamoa magʻlubiyatini oʻz tanasida his qilib, koʻz yoshi toʻkkanidir.

Bor-yoʻgʻi shu!

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

* * *

Bizning avlod zamonga moslashishga qancha harakat qilmasin, ayrim oʻrinlarda oqsab qolishi bor gap. Masalan, sunʼiy intellekt borasida. Hozir ancha urfga kirib ulgurgan bu texnologiya deyarli barcha sohada hushyorlikni talab qilyapti. Aytishlaricha, uni yaxshi oʻzlashtirgan mutaxassis tahririyatga tashqi mualliflardan keladigan ayrim maqolalarda sunʼiy intellekt qoʻli borligini darrov sezar ekan. Shuning uchun men ham mazkur zamonaviy qulaylik haqida bir oz tushunchaga ega boʻlishim foydadan xoli boʻlmaydi degan xulosaga keldim. Yaqinda yosh hamkasbimizdan yarim chin, yarim hazil ­yoʻsinida sunʼiy intellekt bilan ishlash, undan foydalanish borasida saboq berishini iltimos qilgandim.

Koʻnikmalarimni sinovdan oʻtkazishning ayni fursati, deya ushbu mavzuda sunʼiy intellektga murojaat qildim. Qani, u nima derkan? Mana uning javobi:

“Milliy gʻoya tushunchasi muayyan millat yoki xalqni umumiy maqsad, qadriyat va orzu-intilishlar atrofida birlashtiruvchi gʻoyalar tizimidir. U xalqning tarixi, tili, madaniyati va maʼnaviy qadriyatlarini ifodalaydi; jamiyatni yagona maqsad sari birlashtirishga xizmat qiladi; insonlarda vatanparvarlik, milliy oʻzlik va masʼuliyat tuygʻularini shakllantiradi; mamlakatning tinchligi, taraqqiyoti va farovonligi uchun muhim maʼnaviy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qisqacha taʼrif: milliy gʻoya — xalqning milliy manfaatlari, orzu-maqsadlari va qadriyatlarini ifodalovchi, uni ezgu maqsadlar sari birlashtiruvchi maʼnaviy-mafkuraviy tushuncha”.

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

* * *

Tahririyatimizning faol mualliflari orasida huquqshunoslar ham talaygina. Ular orasida metrodan chiqaverishda meni soʻrovnomaga jalb qilmoqchi boʻlgan qizlarning ustozi boʻlishi ham mumkin. Bir huquqshunos akamizdan yozayotgan maqolamiz uchun fikr soʻradim. U uzoq kuttirmadi — tez orada katta maqolaga arzigulik hajmdagi javob keldi. Mana, uni qisqartirishlar bilan maqolaga kiritdik:

“Milliy gʻoya va mustaqillik bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Mustaqillik milliy qadriyatlarni tiklash, ona tili, tarix, madaniyat va anʼanalarni asrash uchun keng imkoniyat yaratdi. Milliy gʻoya esa mustaqillikni mustahkamlash, jamiyatni taraqqiyot va farovonlik sari yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

Uning asosiy maqsadlari: Vatanga sadoqat va fidoyilikni kuchaytirish; milliy qadriyatlarni asrash va rivojlantirish; yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash; tinchlik va millatlararo totuvlikni taʼminlash; huquqiy, demokratik va farovon jamiyat barpo etish.

Milliy gʻoya — mustaqillikning maʼnaviy tayanchi, mustaqillik esa milliy gʻoyani hayotga tatbiq etish uchun muhim asos. Ularning uygʻunligi mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qiladi. Milliy gʻoyani yosh avlod shuurida shakllantirish oʻgʻil-qizlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, tarixiy xotira, fuqarolik masʼuliyati va kelajakka ishonch tuygʻularini tarbiyalash jarayonini qamrab oladi. Milliy gʻoyani shakllantirishda, avvalo, oila muhim oʻrin tutadi. Ota-onaning Vatanga, milliy anʼanalarga va jamiyatga munosabati farzand tarbiyasiga katta taʼsir koʻrsatadi.

Taʼlim muassasalari ham bu borada muhim vazifani bajaradi. Darslar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tarixiy obidalarga sayohatlar, buyuk ajdodlar merosini oʻrganish orqali yoshlarda milliy oʻzlikni anglash hissi kuchaytiriladi. Shuningdek, adabiyot, sanʼat, ommaviy axborot vositalari va internet orqali yoshlarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yetkazish muhim. Ayniqsa, zamonaviy va qiziqarli kontent orqali milliy tarix va madaniyatni targʻib qilish samara beradi.

Milliy gʻoya faqat nazariy tushuncha boʻlib qolmay, amaliy faoliyat bilan uygʻunlashishi kerak. Yoshlarni jamoat ishlari, volontyorlik, ilm-fan, sport va ijodiy loyihalarga jalb etish ularda masʼuliyat va Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini shakllantiradi”.

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

* * *

Yana bir necha kundan keyin jonajon yurtimiz mustaqilligining 35 yilligini nishonlaymiz. Bayram shukuhi hozirdanoq koʻngillarimizda hukmron. Bu sana nafaqat tarixiy voqeani eslash, balki mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish, milliy gʻoya va milliy qadriyatlarni yanada mustahkamlash uchun ham muhim.

Mustaqillik va milliy gʻoya oʻzaro uzviy bogʻliq. Mustaqillik xalqqa oʻz taqdirini oʻzi belgilash, milliy til, madaniyat, tarix va anʼanalarni tiklash imkonini bergan boʻlsa, milliy gʻoya mustaqillikni asrash va uning qadr-qimmatini anglashga xizmat qiladi.

Bu ikki muqaddas tushunchaning uygʻunligi nimalarda aks etishi mumkin? Avvalo, vatanparvarlik! Yoshlarda Oʻzbekiston taqdiriga daxldorlik va Vatan ravnaqi uchun masʼuliyat hissi boʻlmasa, “Vatanimni sevaman, uning qadriyatlarini asrayman va kelajagi uchun oʻz hissamni qoʻshaman” degan tushuncha shakllanmasa mavzu haqida soʻz yuritish ortiqcha. Keyingisi —

tarixiy xotira. Bu mustaqillikka erishish yoʻli, milliy davlatchilik tarixi va ajdodlar merosini oʻrganishda oʻz ifodasini topadi. Uchinchisi, milliy qadriyatlar. Yaʼni ona tili, urf-odat, anʼana va madaniy merosni asrash, hurmat qilish.

Bu kabi omillar ancha. Ularning deyarli barchasini yoshlar bilan bogʻlagimiz keladi. Chunki kelajak — yoshlar qoʻlida. Bugun Vatanni sevish, asrash va taraqqiyotiga hissa qoʻshish — farzandlarimizning asosiy missiyasi. Mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak eʼtibor bejiz emas. Zero, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon boʻlishi yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtiborga bogʻliq.

Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan. Davlatimiz rahbari ­Shavkat ­Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati — 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam.

Yoki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik berildi, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida qator yangiliklar mustahkamlab qoʻyildi. Hujjatda davlat yoshlarga gʻamxoʻrlik masalasida oʻz zimmasiga gʻoyat muhim majburiyatlarni olgani alohida mavzu. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat Oʻzbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatli.

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

* * *

Eng sirli xilqat boʻlmish odamzod dunyoga kelgan kunidan boshlab yaratish, yashnatish, oʻzidan yaxshi nom qoldirish uchun intilib yashaydi. Bu orzu-niyatlarning hammasi ilm va hunar orqali amalga oshadi. Shuning uchun ham mamlakatimiz yetakchisi bu ikki muhim masalaga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Natijalarni esa hammamiz koʻrib, bilib turibmiz.

“Ilmga yetgan oyoq qanotga aylanur”, degan ekan mavlono Jaloliddin Rumiy. Bu nima degani? Yangi Oʻzbekistonni qurish XX asr — milliy uygʻonish davri maʼrifatparvarlari yoʻli, ular ilgari surgan gʻoyalarga mos ekani kundek ravshan. Zero, jadidlar oʻz davrida vaziyatni toʻgʻri anglab, butun saʼy-harakatini shunga yoʻnaltirgan. Xususan, mutafakkir Abdulla Avloniy maktab va madrasa, usuli taʼlim va tadris islohiga katta kuch sarflab “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo

najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan.

Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur” degan purhikmat fikrlariga tayangan holda mustaqillik yillarida sohani tubdan takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilar malakasi va mahoratini oshirish boʻyicha bir qancha muhim hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, koʻrilgan qator chora-tadbirlarning barchasi yosh avlodni maʼnaviyatli, maʼrifatli, ona vatanga sadoqatli, yot oqimlarga qarshi tura oladigan, vijdoni pok va uygʻoq, imoni butun, gʻururli qilib tarbiyalashga qaratildi.

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

* * *

Besh-olti yil avval telekanallar orqali bir videolavhaga bot-bot koʻzimiz tushardi. (Negadir oxirgi paytda koʻrmayapman.) Menga juda maʼqul kelgandi. Mazmuni taxminan bunday: 5-6 yoshli qizaloq koʻcha chetida turgan yuk avtomobilining loy sachrab, xiralashib qolgan davlat raqamidagi milliy bayrogʻimiz tasvirini qoʻli bilan artib, tozalaydi. Ammo tepada — yukxonaga ham kattaroq tasviri tushirilgan avtoraqam davomidagi bayroq suratiga qancha talpinib, sakramasin, qoʻli yetmaydi. Yaqin atrofdan oʻtib ketayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimi qizchaning harakatiga qiziqib, yoniga keladi. Uning iltimosi bilan biri bolani koʻtarib oladi. Qizaloq boshidagi qalpoqchasini shartta yechib, yukxonadagi bayroq tasviri sirtini arta boshlaydi.

— Qalpogʻing kir boʻlib qoladi-ku, nega bunday qilyapsan?

— Qalpogʻim kir boʻlsa mayli, bayrogʻimiz toza tursin!

Kadr ortida Oʻzbekiston xalq artisti Sevara Nazarxonning Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf sheʼri bilan aytgan “Ulugʻimsan, Vatanim” qoʻshigʻidagi otashin satrlar yangraydi. Lavha koʻrgan odamning yuragini hapqirtiradigan darajada badiiy saviyaga ega.

“Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri