Senatning 18-yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda mamlakatda pensiya tayinlash tartibini soddalashtirish, sohani raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, pensiya taʼminoti tizimida davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun ham nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya sohasidagi huquq va manfaatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatga koʻra, fuqaroga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Yaʼni buning uchun fuqaroning alohida murojaat qilishi talab etilmaydi.
Shuningdek, pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega boʻlgan fuqaroning nogironlik pensiyasi har ikki yilda bir marta uning murojaatisiz, proaktiv shaklda qayta hisoblab chiqiladi.
Qonun bilan pensiyadan chegirma qilinganidan keyin fuqaroga toʻlanadigan pensiya miqdori eng kam isteʼmol xarajatlari miqdoridan kam boʻlmasligi ham belgilanmoqda.
Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur oʻzgartishlar nogironlik pensiyasini tayinlash tartibini soddalashtirish, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini kamaytirish va ularga pensiya sohasida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni maʼqulladi.