Mazkur tadbir yurtimizning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, Oliy taʼlim, fan va texnologiya vazirligining masʼul xodimlari, Indoneziyaning akademik va madaniy doira vakillari ishtirok etdi.
Gunadarma universiteti Indoneziyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Oliygoh 1980-yilda taʼsis etilgan bo‘lib, uning kampusi Depok shahrida joylashgan. Universitetda bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha 40 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.
Universitet rektori, professor Eko Shri Margianti O‘zbek tili va madaniyati markazining tashkil etilishi Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi taʼlim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi qadam ekanini taʼkidladi. U Indoneziya jamiyatida O‘zbekistonga, ushbu davlatning tili va madaniyatini yaqindan o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va intilish tobora ortib borayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Indoneziya xalqlarini chuqur tarixiy-madaniy rishtalar, islom sivilizatsiyasi merosi va umumiy maʼnaviy qadriyatlar bog‘lab turishini alohida eʼtirof qilindi. Alisher Navoiy markazi ikki mamlakat o‘rtasidagi xalq diplomatiyasining muhim platformasiga aylanishi, uning negizida til, adabiyot, ilm-fan va madaniyat sohalarida hamda turizm yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga ishonch bildirildi.
Mutaxassislar o‘zbek tili Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband singari dunyoning buyuk olim, donishmand va ulamolari yashab ijod etgan yurtning davlat tili ekanini taʼkidladi. Bugungi kunda o‘zbek tilida dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlarida 50 milliondan ziyod inson so‘zlashib muloqot qilishi maʼlum qilindi.
Oliygoh rektori o‘zbek tili fani filologiya va turizm fakultetlari talabalari uchun fakultativ dars sifatida o‘quv jadvaliga kiritilishini maʼlum qildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, jumladan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori professor Ilxomjon To‘xtasinov hamda Urganch davlat pedagogika instituti filologiya fakulteti dekani Feruza Radjapovaning maxsus videomurojaatlari namoyish etildi.
Videomurojaatlarda mazkur markazning ochilishi O‘zbekiston va Indoneziya oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida akademik aloqalarni mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish hamda qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir davomida elchixona va Gunadarma universiteti o‘rtasida Markaz faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga oid hamkorlik memorandumi imzolandi.
Alisher Navoiy nomidagi markaz kitob javonlaridan o‘zbek adabiyotining oltin fondiga kirgan asarlar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘zbek tilining izohli va imlo lug‘atlari, mamlakatshunoslik bo‘yicha darsliklar o‘rin oldi. Tadbir doirasida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning saylanma asarlari to‘plami markaz kutubxonasiga topshirildi.
Markazning asosiy faoliyati universitet talabalari va tinglovchilari uchun o‘zbek tilini o‘qitish, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish, Alisher Navoiy merosini o‘rganish, O‘zbekiston tarixi, milliy anʼanalari va madaniy merosiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan.
Ushbu yangi markaz negizida “O‘zbek tili kunlari”, “Navoiy o‘quvlari”, adabiy va madaniy kechalar, kino namoyishlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda qo‘shma taʼlim loyihalarini muntazam tashkil etish bo‘yicha turli kelishuvga erishildi.