Viloyat qiyofasi oʻzgarib, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, infratuzilma, ayniqsa, taʼlim va ilm-fan sohalarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning yaqinda Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqish, hududning imkoniyatlarini toʻliq ishga solish va xalqimiz farovonligini yanada oshirish yoʻlida muhim voqea boʻldi. Tashrif davomida belgilangan vazifalar, ilgari surilgan tashabbuslar va amalga oshirilayotgan yirik loyihalar Xorazmning kelgusi taraqqiyot yoʻlini belgilab bermoqda. Ayniqsa, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy bilim hamda kasblarni egallashi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki bugungi dunyoda mamlakat va hududlar raqobatbardoshligi, eng avvalo, inson kapitali, bilim, ilm-fan hamda innovatsion salohiyat bilan belgilanadi.

Tashrif chogʻida mamlakatimiz yetakchisi Xorazm viloyatida xalqaro taʼlim hamkorligini rivojlantirish, hududga nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari tajribasini olib kirish borasidagi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Xitoyning nufuzli Lyaonin pedagogika universiteti filialining tashkil etilgani davlatimiz tomonidan aynan pedagogik taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani tasdigʻidir. Bu eʼtibor Xorazmda pedagogik taʼlim tizimining xalqaro maydondagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Endi yoshlarimiz nafaqat respublikamizdagi, balki xalqaro miqyosdagi ilgʻor taʼlim tajribasi bilan bevosita tanishish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonni barpo etishning mustahkam poydevori taʼlim, ilm-fan va tarbiya-dir. Bugun ana shu tamoyil Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning mazmun-mohiyatida oʻz ifodasini topmoqda.

Shu oʻrinda Urganch davlat pedagogika institutining tashkil etilishi va qisqa muddatda bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻli alohida eʼtiborga molik. Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan kundan boshlab institutimiz oldiga faqat pedagog kadrlar tayyorlash emas, balki taʼlim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, xalqaro tajribani oʻrganish va amaliyotga joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim vazifalar qoʻyildi.

Bugungi globallashuv sharoitida hech bir oliy taʼlim muassasasi faqat ichki imkoniyatlari bilan cheklanib qolishi mumkin emas. Zamonaviy universitetning rivoji xalqaro hamkorlik, tajriba almashinuvi qoʻshma dasturlar, akademik mobillik va xalqaro ilmiy tadqiqotlar bilan chambarchas bogʻliq. Urganch davlat pedagogika instituti tashkil etilganidan buyon xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, 2022-2026-yillarda institut tomonidan 20 ta davlatdagi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan 70 ta hamkorlik bitimi imzolandi. Biroq biz uchun xalqaro hamkorlik faqat bitimlar soni bilan oʻlchanmaydi. Imzolangan hujjat oʻz-oʻzidan natija bermaydi. Hamkorlik oʻquv dasturlarida, talabaning bilimi va koʻnikmalarida, professor-oʻqituvchining dars metodikasida, kafedraning ilmiy, taʼlimiy faoliyatida oʻz aksini topishi lozim.

Shu sababli institut xalqaro hamkorlikni, avvalo, professor-oʻqituvchilar salohiyatini oshirishdan boshladi. 2022-yildan buyon professor-oʻqituvchilar va xodimlar Ozarbayjon, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Belarus, AQSH, Qozogʻiston, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Qirgʻiziston, Germaniya, Tojikiston, Yangi Zelandiya, Italiya, Ispaniya, Malayziya va Finlyandiyada malaka oshirish hamda stajirovka dasturlarida ishtirok etdi. Ularning xorijda orttirgan tajribasi institut faoliyatiga, oʻquv dasturlariga va pedagogik jarayonlarga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Oʻz navbatida, xorijlik mutaxassislar institutda taʼlim, ilmiy tadqiqot va xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarida tajriba almashmoqda.

Xalqaro hamkorlikning eng muhim natijalaridan biri — qoʻshma taʼlim dasturlarining yoʻlga qoʻyilishidir. Jumladan, Rossiyaning V.G.Korolenko nomidagi Glazov davlat muhandislik-pedagogika universiteti bilan imzolangan memorandum asosida talabalar uchun ikki diplomli taʼlim olish imkoniyati yaratildi. Bunda ikki oliy taʼlim muassasasining oʻquv rejalari oʻzaro taqqoslandi, fanlar va kreditlar muvofiqlashtirildi, taʼlim sifatini nazorat qilish tizimlari kelishildi.

Joriy yilning oʻzida Polsha, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning 10 ta oliy taʼlim muassasasi bilan yangi memorandumlar imzolandi. Xususan, Yevropa oliy taʼlim makoni bilan hamkorlikni rivojlantirish, ingliz tilidagi dasturlarni kengaytirish va akademik kreditlarni xalqaro tizimlarga moslashtirish borasida yangi tajribalar shakllanmoqda. Ingliz tilini oʻqitish metodikasini takomillashtirish yoʻnalishida ham Britaniya kengashi va Angliyaning Norvich til taʼlimi instituti bilan hamkorlik doirasida trening va seminarlar tashkil etildi. Mazkur dasturlar professor-oʻqituvchilarning zamonaviy metodikalarni egallashi, keyinchalik esa olingan tajribani institut va hududdagi boshqa taʼlim muassasalariga yetkazishiga xizmat qilmoqda.

Xalqaro hamkorlik institutning ilmiy faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bugungi kunda Urganch davlat pedagogika instituti xalqaro universitetlarning nufuzli reytingi hamda xalqaro baholash tizimida ishtirok etuvchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga kiritilgan. Shuningdek, institut Yevroosiyo pedagogika universitetlari assotsiatsiyasiga aʼzo boʻldi. Albatta, xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallash uzoq muddatli va tizimli mehnatni talab qiladi.

Ammo institutning qisqa vaqtda xalqaro baholash tizimlariga kirib borishi kelgusidagi yuksak marralar uchun muhim tajriba va poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Har qanday taʼlim muassasasining bosh maqsadi bilimli, vatanparvar, tashabbuskor va raqobatbardosh yoshlarni tarbiyalashdir. Shu bois, institutda talabalar uchun nafaqat sifatli taʼlim olish, balki ilmiy, ijodiy, sport va ijtimoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Iqtidorli talabalarning 20 ga yaqini Prezident, nomdor va hokim stipendiyalariga sazovor boʻldi. Xalqaro fan olimpiadalarida 5 talabamiz gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Institut hududida 5 ta oʻquv binosi faoliyat yuritmoqda. Talabalar uchun munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida institut hududida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy 7 qavatli talabalar turar joyi bunyod etildi. 2026/2027 oʻquv yilida 7 qavatli zamonaviy oʻquv binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu bino yangi tashkil etilayotgan oliy maktablar, zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari, laboratoriyalar va innovatsion oʻquv jarayonlari uchun muhim infratuzilmaviy asos boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi dunyoda matematika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Prezidentimizning 2025-yil 28-apreldagi tegishli farmoni asosida Urganch davlat pedagogika institutida Aniq fanlar pedagogika oliy maktabi tashkil etilmoqda. Mazkur oliy maktab nafaqat yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish, balki taʼlimning mazmun va sifat jihatidan mutlaqo yangi modelini shakllantirishni nazarda tutadi.

Institutda 2026/2027 oʻquv yilidan sunʼiy intellekt hamda axborot tizimlari va texnologiyalari kabi zamonaviy va istiqbolli taʼlim yoʻnalishlari ochildi. Bu borada taʼlim jarayonini texnologik, pedagogik va mazmuniy jihatdan uygʻunlashtiruvchi zamonaviy yondashuvlar asosida ish olib borilmoqda. Maqsad — talabalarga faqat nazariy bilim berish emas, balki ularda muammoni hal qilish, texnologiyalarni qoʻllash, mustaqil fikrlash va global jarayonlarni tahlil qilish koʻnikmalarini shakllantirishdir.

Xorazm zaminida Prezidentimiz tashabbuslari va islohotlari asosida shakllanayotgan yangi taʼlim muhiti zimmamizga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Bugun viloyatimizda bunyod etilayotgan zamonaviy taʼlim maskanlari, xalqaro universitetlar bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik, yangi taʼlim yoʻnalishlari va innovatsion loyihalar ertangi kun uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Urganch davlat pedagogika instituti ham ana shu buyuk maqsad yoʻlida oʻzining munosib hissasini qoʻshishga intilmoqda. Bugun institut auditoriyalarida tahsil olayotgan, ilmiy laboratoriyalarda izlanayotgan, xalqaro loyihalarda ishtirok etayotgan va yangi texnologiyalarni oʻzlashtirayotgan yoshlar kelgusida yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining munosib bunyodkorlariga aylanadi.

Diyorjon ABDULLAYEV,

Urganch davlat pedagogika instituti rektori

vazifasini bajaruvchi, professor