Bosh konsulxona xabar berishicha, vatandoshimiz kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shifokorlar koʻmagida davolangan. Davolanish jarayonida qabul qilingan dori vositalarining nojoʻya taʼsiri natijasida bemorning ahvoli ogʻirlashgan. Uning qonida infeksiya rivojlangan va organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan.
Shunga qaramay, bemor oʻz vaqtida shifoxonaga olib borilmagan va uy sharoitida davolanish davom ettirilgan.
Ahvoli jiddiy tus olgach, u dastlab Marmara shifoxonasiga olib borilgan. Mazkur tibbiyot muassasasida bemorni jonlantirish boʻlimiga joylashtirish imkoni boʻlmagani sababli u Kartal tuman shifoxonasiga ko‘chirilgan.
Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilganiga qaramay, vatandoshimizning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan.
Marhumaning jasadi Bosh konsulxona hamda Oʻzbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi hamkorligida Oʻzbekistonga qaytarildi.
Shu munosabat bilan Bosh konsulxona Turkiya hududida boʻlib turgan vatandoshlarimizni oʻz sogʻligʻiga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslik, norasmiy va tegishli malakaga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan davolanishdan saqlanish tavsiya etildi. Sogʻliq holati keskin yomonlashgan taqdirda esa vaqtni boy bermasdan rasmiy tibbiyot muassasalariga murojaat qilish zarurligi taʼkidlandi.
Bosh konsulxona marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.