Shu maʼnoda, bugun mustaqilligimizning 35 yilligi haqida soʻz yuritar ekanmiz, eng avvalo, bu yillarda shakllangan yangi avlod, ularni tarbiyalayotgan ustozlar va shu ustozlarni tayyorlayotgan taʼlim tizimi haqida ham oʻylashimiz mutlaqo tabiiy, albatta. Zero, millat kelajagi, birinchi galda, taʼlim-tarbiya sifatiga bogʻliq ekani yaxshi ayon. Keyingi yillarda oʻqituvchi shaxsiga munosabat oʻzgarishi, mehnati qadr topib, kasbiy oʻsishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani esa, shubhasiz, eng muhim ijtimoiy oʻzgarishlardan biridir.
Shiddatli
davr ustozlardan faqat dars berishni emas, izlanish, yangilik yaratish, xorijiy
tillarni oʻrganish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish va kasbiy
mahoratini muntazam oshirishni talab etmoqda. Eng muhimi, bu talablarni
bajarish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mavjud imkoniyatlarning eng qimmatli
samarasi esa oʻz fikriga, maqsadiga va yuksak salohiyatga ega avlod
shakllanayotganidir.
Mazkur
jarayonda oliy taʼlim, ayniqsa, pedagogik taʼlim muassasalarining oʻrni
alohida. Negaki pedagogikaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarining asosiy
vazifasi millat bolalarining fundamental bilimlarni egallashida bosh rolni
bajaruvchi maktab oʻqituvchilarini tayyorlashdan iborat. Demak, ularning
faoliyati butun mamlakat taʼlim darajasi, sifatida ham oʻz aksini topadi.
Aynan
shu tamoyil asosida umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida
Termiz davlat pedagogika institutining 20 ta kafedrasi filiallari tashkil
etilgan. Bu oliy taʼlimni maktabdan uzoqlashtirmaslik, boʻlajak pedagogni real
taʼlim muhiti bilan bogʻlash, professor-oʻqituvchi ilmiy izlanishini
amaliyotdagi muammolar bilan uygʻunlashtirish imkoniyatidir. Endilikda boʻlajak
pedagog maktabdagi haqiqiy dars jarayonini, oʻquvchi bilan ishlashni, pedagogik
muammolarni amaliy muhitda koʻrmoqda. Professor-oʻqituvchi esa ilmiy
izlanishlarini real taʼlim ehtiyojlari bilan bogʻlay oladi.
Bugungi
pedagogni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu sababli
institutda taʼlim jarayonini raqamlashtirishga tizimli yondashilmoqda.
Jumladan,
25
ta bakalavriat yoʻnalishidagi 622 ta fan boʻyicha elektron oʻquv kontentlari
bazasi shakllantirilgan. Magistraturaning 22 ta mutaxassisligi boʻyicha 95 ta
fan kesimida oʻquv-uslubiy materiallar elektron shaklda tayyorlangan.
Talabaning mustaqil taʼlimini nazorat qiluvchi
mustaqil.terdpi.uz,
professor-oʻqituvchi yuklamasini boshqaruvchi yuklama.terdpi.uz hamda taʼlim
jarayonini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi monitoring.terdpi.uz
kabi platformalar joriy etilishi taʼlim boshqaruvida raqamli yondashuv kuchayib
borayotganidan darak.
42
ming adabiyot va 48 ta kompyuter bilan taʼminlangan, kunlik 560 talaba
qamroviga ega axborot-resurs markazi taʼlim sifatini oshirishda qoʻl kelyapti.
Bunday tizimning eng muhim jihati talaba bilim olish jarayonining passiv
ishtirokchisidan mustaqil izlanadigan subyektga aylanishida, deyish mumkin. Bu
esa ertangi maktab oʻqituvchisi uchun gʻoyat muhim sifatdir.
Albatta,
zamonaviy pedagogni tayyorlash uchun xuddi shunday ilmiy muhit zarur.
Institutimizda yuksak ilmiy-pedagogik mahorat, zamonaviy innovatsion tafakkur
va yangicha dunyoqarashga ega professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritib, yangi
avlodni zamon talablari asosida tarbiyalash va ularda ilmiy-ijodiy salohiyatni
shakllantirishga munosib hissa qoʻshayotir. Bu yerda ilmiy salohiyat soʻnggi
uch yilda 17 foizdan 38,1 foizga oshdi. Fan doktorlari soni 2 nafardan 11
nafarga, PhD darajasiga ega mutaxassislar soni esa
10
nafardan 104 nafarga yetdi.
2025-yilda
Scopus bazasida institutimiz sahifasi ochilgan boʻlib, bugunga qadar
professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida 116
ta maqola chop etildi. Oliygohda soʻnggi yillar davomida xalqaro va respublika
miqyosidagi 42 ta anjuman tashkil etilgani esa ilmiy salohiyat bilan uygʻun
ravishda hamkorlik muhiti tobora yaxshilanib borayotganidan dalolat.
Bu
yerda pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi
ilmiy kengash tuzilgan. Hozir 9 ta ixtisoslik boʻyicha 40 tayanch doktorant, 11
fan doktori va 265 mustaqil izlanuvchi pedagogikaning dolzarb muammolari ustida
ilmiy izlanish qilmoqda. Tadqiqotchilarning ilmiy nashrlarini yoʻlga qoʻyish
maqsadida OAK tasarrufiga kirgan “TerDPI ilmiy xabarnomasi” jurnali ochilgan va
uni xorijning nufuzli elektron bazalariga indeksatsiyalash ustida ishlayapmiz.
Institutda
“Logopediya”, “Eksperimental psixologiya”, “Inkubatsiya markazi”, “Kimyo va
atrof-muhit muhofazasi” kabi ilmiy-amaliy laboratoriyalar tashkil qilindi va
bugungi kunda ularda “spin off”
ochilmoqda. Bu pedagogika institutining oddiy taʼlim muassasasidan
ilmiy-pedagogik markazga aylanib borayotganini koʻrsatuvchi muhim belgidir.
Professor-oʻqituvchilarimiz
davlat grantlari va xalqaro dasturlar doirasidagi loyihalarda faol
qatnashmoqda. Talabalarning ham mazkur dastur va loyihalardagi ishtiroki
ularning kasbiy, ilmiy va shaxsiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Institutda
xalqaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilyapti. Erasmus+,
PRESETT-Accelerating English Language Learning in Central Asia, SES kabi
dasturlar doirasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, xorijiy oliy taʼlim
muassasalaridan 41 nafar professor-oʻqituvchilar oʻquv jarayoniga jalb etilgan.
Institutning 50 professori va 30 talabasi xorijiy OTMlarga malaka oshirish va
stajirovkalarga yuborilgan.
AQSH
va Rossiya bilan hamkorlikda TOEFL IBT va iTEP, Turkiya bilan TRKI xalqaro til
markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani boʻlajak pedagoglarning xalqaro taʼlim
maydoniga chiqishi uchun muhim imkoniyatdir. Xalqaro sertifikatga ega
professor-oʻqituvchilar ulushi 45 foiz, talabalar ulushi esa 25 yetgani mazkur
saʼy-harakatlarning amaliy natijasi. Shuningdek, AQSHning SAT tashkiloti bilan
hamkorlikda ingliz tilidan xalqaro imtihonlarni tashkil etish yoʻlga qoʻyilib,
institut talabalari va hududdagi yoshlarning xalqaro sertifikat olish
imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Muassasa hududida zamonaviy talablarga javob
beradigan nemis tili oʻquv markazi tashkil etilib, uning moddiy-texnik bazasi
shakllantirildi.
Ayni
vaqtda Termiz davlat pedagogika instituti 60 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim
muassasasi va xalqaro tashkilot bilan amaldagi memorandum va hamkorlik
kelishuvlariga ega. Jumladan, Qozon federal universiteti bilan ikki diplomli
1+1 qoʻshma dastur asosida talabalar qabul qilinayotgani, Fransiyaning Yevropa
xalqaro universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani institut taʼlimining
xalqaro yoʻnalishi tobora kuchayib borayotganini koʻrsatadi. Rossiyaning
Volgograd davlat ijtimoiy pedagogika universiteti bilan ham memorandum
imzolanib, Volgograd shahrida Termiz davlat pedagogika institutining til
markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Institutda
xorijlik talabalarni jalb etish va xalqaro taʼlim xizmatlarini targʻib qilishga
alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu xorijiy hamkorlar geografiyasini kengaytirish
hamda xalqaro taʼlim va ilmiy hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitishga
xizmat qilmoqda.
“Study
in Uzbekistan” taʼlim dasturi doirasida Misr, Qirgʻiziston va Xitoy kabi
davlatlarga xizmat safarlari tashkil etilib, xorijiy oliy taʼlim muassasalari,
tashkilotlar hamda taʼlim sohasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Buning natijasida institutga xorijlik talabalarni jalb qilish boʻyicha tizimli
ishlar yoʻlga qoʻyilib, kelgusida ular sonini yanada oshirish boʻyicha amaliy
choralar koʻrilyapti.
Bugungi
kunda yoshlar siyosatini faqat taʼlim berish bilan chegaralab boʻlmaydi.
Ularning qanday muhitda yashashi, qanday qadriyatlar asosida tarbiyalanishi,
boʻsh vaqtini nimalarga sarflashi, oʻz isteʼdodini qayerda va qanday namoyon
etishi ham katta ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, Termiz davlat pedagogika
institutida yoshlar bilan ishlashga kompleks yondashilmoqda. Taʼlim,
maʼnaviyat, ijod, sport, ilm-fan va ijtimoiy faollik — barchasiga yaxlit
umumiylikda barkamol pedagog shaxsini shakllantiruvchi yagona tizim sifatida
qaralmoqda.
Institutda
talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlar ana shu yondashuvning amaliy
tasdigʻidir. Joriy yilda 1500 oʻrinli ikkita zamonaviy oʻquv binosi — jami 3000
oʻrinli oʻquv majmuasi hamda har biri 400 oʻrinli boʻlgan ikkita yangi
talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Yotoqxonalarda zamonaviy
oshxona va maishiy xonalar, kutubxona, tikuvchilik xonasi, shaxmat va shashka
xonalari, maʼnaviyat xonasi, fitness zali ham tashkil etildi. Bu talabalarning
oʻz isteʼdodini rivojlantirishiga moʻljallangan yaxlit muhitdir.
Oliygohda
maʼnaviy-maʼrifiy, intellektual, ijodiy va sport yoʻnalishlarida tashkil
etilayotgan loyihalar ham natijadorligi bilan eʼtiborga loyiq. “Zakovat”,
“Maʼrifat maydoni”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi
tanlovlarning institut bosqichlari “Rektor kubogi” doirasida oʻtkazilib,
talabalarning bilim va tafakkurini charxlash, ijodiy salohiyatini yuksaltirish,
sahna madaniyati, jamoaviy ishlash va liderlik koʻnikmalarini rivojlantirishga
xizmat qilmoqda.
Albatta,
intellektual salohiyat yuqoriligi oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, 2
talabamiz Prezident stipendiyasi sohibi, 7 nafari esa Navoiy nomli davlat
stipendianti boʻlishga erishgan. Boshqa qator nomdor davlat stipendiyasi
sohiblari ham talay. Soʻnggi yillarda talabalarimiz tomonidan xalqaro fan
olimpiadalarida 19 ta medal qoʻlga kiritildi. Shulardan 1 tasi oltin, 3 tasi
kumush va 15 tasi esa bronza.
Muxtasar
aytganda, biz allaqachon taʼlim millatning ertangi qiyofasini belgilovchi
strategik kuch ekanini anglab yetdik. Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda bu qarash
amaliy mazmun kasb etib, ustozning maqomi, yoshlarning bilim olish
imkoniyatlari, ilm-fan va oliy taʼlimning jamiyatdagi oʻrni yangi bosqichga
koʻtarildi. Bu jarayonning eng muhim natijasi, ehtimol, bunyod etilgan binolar
yoki joriy etilgan tizimlardan ham koʻra chuqurroq, yaʼni taʼlimning eng muhim
strategik qudrat ekaniga boʻlgan ishonchning mustahkamlanganidir.
Endi
oldimizda shunchaki mavjud natijalarni saqlab qolish emas, ularni yangi
bosqichga olib chiqish, dunyo miqyosidagi bilim va tajribani milliy taraqqiyot
ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish vazifasi turibdi. Ushbu ulugʻvor vazifa
pedagogika oliygohlari zimmasiga yanada ulkan masʼuliyat yuklaydi. Termiz
davlat pedagogika instituti uchun ham bugungi yutuqlar muayyan marraning yakuni
emas, aksincha, kelgusi izlanishlar uchun boshlangʻich nuqtadir.
Azizbek HASANOV,
Termiz davlat pedagogika
instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali