Soliq qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, hisobot davomida fuqarolar tomonidan 6 mln 11,9 mingta xarid cheki roʻyxatdan oʻtkazilgan. Faqat iyun oyining oʻzida 139,4 ming nafar foydalanuvchi 603,4 mingta chek boʻyicha 5,1 mlrd soʻmdan ortiq ijtimoiy keshbek olgan.

Hududlar kesimida eng katta toʻlov Andijon viloyatiga toʻgʻri kelib, u yerda 96,3 mlrd soʻm qaytarilgan. Keyingi oʻrinlarda Toshkent shahri — 15,2 mlrd soʻm va Samarqand viloyati — 14,1 mlrd soʻm qayd etilgan. Shuningdek, Toshkent viloyatida 12,5 mlrd soʻm, Fargʻona viloyatida 8,7 mlrd soʻm, Namangan viloyatida esa 5,9 mlrd soʻm ijtimoiy keshbek toʻlangan.


Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 1 maydan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlaridan ayrim mahsulotlarni xarid qilganda odatdagi 1 foizlik keshbek oʻrniga, xarid summasidan hisoblangan 12 foiz QQS ijtimoiy keshbek sifatida qaytarib beriladi.

Ijtimoiy keshbekni olish uchun fuqarolar «Soliq» mobil ilovasi orqali xarid chekidagi QR-kodni skaner qilishi kerak.