Bu yerlardan bir zamonlar Samarqand — Balx karvon yo‘li o‘tgan. Qadimiy Monas kanali (Eski anhor) va quduqlari bu dalilning rost ekaniga isbot. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Zarafshon daryosi suvi Qashqadaryo vohasiga asrlar davomida Monas kanali o‘zani bo‘ylab hozirgi Ko‘kdala hududi orqali oqqan. Bu suvdan keng foydalanilgan, bog‘-rog‘lar barpo etilgan.
Mo‘g‘ullar istilosi davri — XIII asrda irrigatsiya qurilmalari buzilib, yer bilan yakson etib tashlangach, bu yerlar tashlandiq holga kelib qolgan. So‘lim bog‘lar va g‘allazorlar qaqroq cho‘llarga aylangan. Bu hayhotday dalalarni xalq “Qorayantoq” deb atagan. Bu yerda daraxt ko‘karmagan, faqat ayrim joylarda yantoq o‘sgan. Baland va qalin yantoqzorlar kech kuzda qorayib, dasht shamollarida dengizday chayqalib yotgan. Yantoqzorlar gullab, shira bog‘lagach, odamlar asta-sekin yantoq shakarini yig‘ib olishni o‘rgangan va ufqqa qadar cho‘zilgan yalanglik — Qorayantoqqa tag‘in hayot qaytgan. U paytlar dasht qishloqlarida uylar bir-biridan yiroqda joylashib, ilon iziga o‘xshash egri-bugri dala yo‘llari va so‘qmoqlar bilan bog‘langan.
Yillar o‘tib, suv ta’minoti cheklangan sharoitda mahalliy aholi asta-sekin atrof-muhitning tabiiy imkoniyatlariga moslashdi. Mehnat va turmush tarzining o‘zgarishi, xususan, ichki yo‘llar orqali aloqa o‘rnatish dashtda aholi punkti va xo‘jalik faoliyatining ma’lum darajada saqlanib qolishini ta’minladi.
Arxeologik topilmalar va tarixiy manbalar Ko‘kdala atrofida savdo yo‘llari bo‘lganini, Buyuk ipak yo‘lida joylashgani bois, rabotlar va karvonsaroylar faoliyat olib borganini ko‘rsatadi. Ko‘kdala dashtidan o‘tgan strategik ahamiyatga ega tranzit savdo yo‘liga Shahrisabzdan boshlangan Chiroqchi — Ko‘kdala dasht yo‘li tutashib ketgan.
Asrlar davomida shakllangan bunday turmush tarzi va tarixiy savdo chorrahasi sifatidagi mavqe XIX-XX asrlarga kelib hududiy va ma’muriy qayta tashkil etish jarayonlarini boshdan kechirdi. Yaqingacha Ko‘kdala dashti tarixan Chiroqchi hududining ajralmas qismi sifatida rivojlanib keldi. Aholi sonining muttasil ortishi, dehqonchilik va chorvachilik ko‘lami kengayishi natijasida hududda yangi aholi punktlari paydo bo‘ldi. Biroq yagona ma’muriy markazga bog‘langan, geografik jihatdan nihoyatda katta maydonni egallagan bu hududda vaqt o‘tishi bilan boshqaruv qiyinchiliklari to‘planib bordi.
Xususan, Ko‘kdala hududi aholisi uchun tuman markazi hisoblangan Chiroqchi shahriga borib-kelish katta mashaqqatga aylandi. Ayrim uzoq qishloqlardan markazgacha bo‘lgan masofa 100 kilometrdan ortib, oddiy bir ma’muriy hujjat olish yoki tibbiy xizmatdan foydalanish uchun kunlab vaqt va ortiqcha mablag‘ talab qilinardi. Maktablar va tibbiyot muassasalarining yetishmasligi, mavjudlarining esa eskiligi, elektr energiyasi, ichimlik suv va gaz ta’minotidagi surunkali uzilishlar aholining turmush darajasini keskin pasaytirdi. Hududda sanoat korxonalari va yangi ish o‘rinlarining yo‘qligi sababli ishsizlik darajasi ortib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami kengaydi. Yagona tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar esa juda katta maydon va aholiga ega hududni birdek nazorat qilish, muammolarni o‘z vaqtida hal etish va moliyaviy resurslarni teng taqsimlash imkoniyatiga ega emas edi. Bunday og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy inqiroz yillar davomida to‘planib, hududni zamon talablariga mos ravishda tubdan isloh qilishni hayotiy zaruratga aylantirdi.
2021-yil 11-oktabr kuni Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari saylovoldi uchrashuvlari davomida Qashqadaryo aholisi bilan muloqot qildi. Mamlakatimiz yetakchisi o‘z nutqida tuman aholisining markazga qatnashidagi muammolar, yo‘l va infratuzilma masalalari, ma’muriy xizmatlarning barcha qishloqlarga birdek yetkazib berilishini ta’minlash zarurligini qayd etdi. Shu munosabat bilan Chiroqchi tumanini ikkita mustaqil tumanga ajratish taklifini bildirdi. Bu taklif aholining ehtiyojlari va hududning kelgusi taraqqiyoti nuqtayi nazaridan o‘ta muhim ahamiyatga ega edi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu taklif nafaqat Chiroqchi aholisi, balki butun mamlakat ahli uchun muhim o‘zgarishlardan biri sifatida baholandi. 2022-yil 2-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masala rasman muhokama qilindi. Majlisda yangi tashkil etiladigan tumanga Chiroqchi hududidan 177 ming aholi yashaydigan 171 ming gektar yer maydoni ajratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, yangi tuman tashkil etish masalasida ijtimoiy-iqtisodiy omillar ham e’tiborga olindi.
2022-yil 17-mart kuni Oliy Majlis Senati yig‘ilishida Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi tegishli qaror qabul qilindi. Shu kundan boshlab Ko‘kdala tumani mustaqil ma’muriy birlik sifatida faoliyatini boshladi.
Yashil, keng va hosildor dala
Yangi tuman nomini tanlashda hududning tarixiy va geografik xususiyatlari hisobga olindi. “Ko‘kdala” nomi o‘zbek tilida “yashil, keng va hosildor dala” ma’nosini anglatadi. Mazkur nom hududning tabiiy boyliklari, dehqonchilik va chorvachilik uchun mos sharoiti, shuningdek, bu yerda yashovchi aholining tarixiy urf-odatlariga mos keladi.
Hudud rasman tuman maqomini olguniga qadar ham mahalliy aholi orasida va ma’muriy-hududiy chegaralarda Ko‘kdala nomi bilan mashhur bo‘lgan. Chiroqchi tumani tarkibida bo‘lgan davrlardayoq bu hududdagi asosiy qishloqlar va hududiy massivlar aynan ushbu nom bilan atab kelingan. Ya’ni bu nom hudud uchun yangi emas.
— Ko‘kdala hududi bir nechta yirik yo‘l chorrahalari tutashgan, Chiroqchi tumanining boshqa olis hududlariga nisbatan infratuzilmasi va iqtisodiy faolligi yuqori bo‘lgan markaziy nuqta hisoblanadi, — deydi Ko‘kdala tumani hokimi Xurram Jo‘rayev. — Shu bois, uning ramziy nomi sifatida Ko‘kdalaning tanlanishida joylashuvning logistik qulayligi katta rol o‘ynadi. Davlatimiz rahbari 2022-yil 21-aprel kuni viloyatga tashrifi chog‘ida Ko‘kdala tumanini tashkil etish haqida gapirganda: “Ko‘kdala tumanini tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdir”, degan edi. O‘sha yili mamlakatimiz yetakchisi Ko‘kdala tumanining ma’muriy markazi Yettitom shaharchasida infratuzilmani rivojlantirish loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etishga start berildi.
Tuman ma’muriyatining shakllanishi mustaqil va zamonaviy boshqaruv tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam edi. O‘tgan to‘rt yil davomida bu gaplar o‘z isbotini topdi. Yettitom shaharchasida rejalashtirilgan barcha ma’muriy binolar foydalanishga topshirilib, yangi Yettitom shaharchasi qad rostladi.
Xususan, shaharchada 120 o‘rinli markaziy shifoxona va tibbiyot birlashmasi aholiga keng tarmoqli xizmat ko‘rsatishni boshladi. E’tiborlisi, tuman hokimligi binosi mamlakatimizda yangi tajribaning boshlanishi bo‘ldi. Bu yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlangan. Bu aholiga katta qulaylik yaratmoqda. Avvallari biror yumush yuzasidan olis masofalarni bosib, Chiroqchi tumani idoralariga qatnagan fuqarolar endi barcha xizmatlarni o‘ziga yaqin joyda olyapti. O‘tgan davr mobaynida 20 dan ortiq maktab binosi, 60 ga yaqin bog‘cha, mahalla ma’muriy binolari qurildi. Oldin butun hududda atigi uchta bog‘cha bo‘lganini hisobga olsak, bu raqamlar juda katta ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, tumanning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan, 9000 dan ortiq kitob zaxirasiga ega zamonaviy kutubxona va bir qancha markazlarni bag‘riga olgan ma’naviyat maskani binosi va sport saroyi, madaniyat saroyi hamda musiqa maktabi foydalanishga topshirildi.
* * *
Umumiy maydoni 5 072 kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli AT park binosida “MAAB Innovation” kompaniyasi va rezidenti hisoblangan eksportchi kompaniya — “Unicall” ofisi joylashgan. Iqtisodiy salohiyatni faol oshirish va aholini ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida AT park tuman hokimiyati bilan birgalikda qulay biznes muhiti va rivojlangan infrastrukturani yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirdi.
Xususan, AT park filialida “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirgan kompaniyalar faoliyatini boshlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, filialning har bir qavatida kovorking zona mavjud. U yerda frilanserlar o‘z loyihalari ustida qulay sharoitlarda ishlashi mumkin. Ko‘kdala tumanidagi AT park filialida maxsus ta’lim sinflari ham tashkil etilgan. Bu yerda barcha xohlovchilar sifatli AT ta’limi olishi va chet tillarini o‘rganishi, kelgusida tumanni tark etmagan holda yetakchi xorijiy kompaniyalarda ishlashi mumkin. Ushbu maqsadni amalga oshirishda “MAAB Innovation” autsorsing sohasida xalqaro bozor bilan muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan o‘zbek AT kompaniyasi yordam beradi. “MAAB” mahalliy yoshlarni talab yuqori bo‘lgan AT yo‘nalishlarida o‘qitmoqda.
Ushbu tashkilotda ta’lim kursini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar “MAAB Innovation” kompaniyasida kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishi va AQSHdagi yirik AT korxonalar loyihalarini amalga oshirishi mumkin. Ko‘kdala tumanida yirik AT va autsorsing kompaniyalari joylashgan, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratilgan. AT park Ko‘kdala filiali hamda AT Community of Uzbekistan hamkorligida ko‘kdalalik yoshlar uchun muhim seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
— Ko‘kdala yoshlari respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi, — deydi AT park Ko‘kdala filiali menejeri Omad Jo‘raqulov. — Xususan, Promising AT Project IdeaThon tanlovida yoshlarimiz o‘zlarining innovatsion loyihalari bilan qatnashib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, AI Hackathon tanlovida sun’iy intellektga asoslangan innovatsion yechimlari bilan ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur yutuqlar AT park Ko‘kdala filialida olib borilayotgan ta’lim sifati, amaliy loyihalar va yoshlarning salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Bugungi kunda Ko‘kdala tumanida AT park tizimida 3 ta rezident korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu rezidentlar tomonidan axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar ko‘rsatilib, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Shuningdek, AT park ko‘magida 3 nafar yosh frilanser xalqaro onlayn platformalar orqali xorijiy buyurtmachilar bilan ishlab, eksport xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan. Bu esa tumanda raqamli xizmatlar eksportini rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi muhim natijalardan biri hisoblanadi.
Xalqaro brendga aylangan tarvuz
Bugungi kunda Ko‘kdala tarvuzlari o‘zining ertapisharligi, shirin ta’mi va yuqori sifati bilan nafaqat ichki bozorlarda, balki xorijiy davlatlarda ham katta talabga ega bo‘lib bormoqda. Tumanda yetishtirilayotgan mahsulotlarning eksport hajmi yildan-yilga ortib, hudud iqtisodiy salohiyatining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Ko‘kdala dehqonlari aprel oyining oxiri va may oyining boshlaridayoq bozorlarga yangi uzilgan tarvuzlarni olib chiqmoqda. Bu hududda yilning to‘rt faslida ham tarvuz uzilmaydi, ichki va tashqi bozorlarga mahsulot ketma-ket yetkazib beriladi. Dehqonlar mahalliy iqlim va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, tarvuz yetishtirish hamda saqlashning sirlarini o‘zlashtirgan. Ko‘kdala, O‘tamayli va ularga yondosh mahallalarda qo‘lbola usulda tiklangan oddiy issiqxonalarni ko‘rish mumkin. Bunday issiqxonalar juda oddiy va kamxarj bo‘lib, odatda bir mavsum uchun quriladi va keyin yig‘ishtirib olinadi. Chunki bir joyga ikkinchi yil qayta tarvuz ekish kutilgan hosilni bermaydi. Ko‘kdalada yozning issiq va quruq kelishi, quyosh nurining mo‘lligi va suv ta’minoti tarvuz yetishtirish uchun juda qulay.
— Ko‘kdalada tarvuz organik usulda, ya’ni kimyoviy vositalardan imkon qadar kam foydalanilgan holda yetishtiriladi, — deydi 16 yillik tajribaga ega mirishkor Yaxshimurod Qobilov. — Sug‘orilmaydigan lalmi yerlarning unumdorligini saqlash uchun navbatlab ekish tizimi qo‘llanadi. Bir yil g‘alla ekilgan yerga kelasi yili dam berilib, kuzda yoki erta bahorda shudgorlanadi. Lalmi tarvuzlar shirinligi va uzoq muddat saqlanishi bilan ajralib turadi. Samarqand viloyati bilan chegaradosh va adirliklar bag‘rida joylashgan Sho‘rquduq qishlog‘i aholisi lalmi tarvuz yetishtirish hamda uni tabiiy usulda uzoq saqlash bo‘yicha katta tajribaga ega. Kuzda yig‘ilgan hosil adirliklar bag‘rida, 15-30 metr pastlikda qazilgan maxsus yerto‘lalarda saqlanadi. Har bir yerto‘laning balandligi 2-2,5 metr, kengligi 3-3,5 metr, uzunligi esa 20-50 metrni tashkil etadi. Ushbu joylarda harorat yil davomida bir xil saqlangani bois, tarvuzlar o‘z tarkibi va ta’mini yo‘qotmaydi.
Ko‘kdala tarvuzlari ichki bozordan tashqari dunyoning bir qator mamlakatlariga eksport qilinadi. 2022-yilda tumanda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida 10 ming gektar maydonga tarvuz ekilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda umumiy maydon 25 ming gektarga yetdi. Buning evaziga 19 ming nafar aholi doimiy, 21 ming nafari esa mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida fitosanitariya va sanitariya xizmatlarini muvofiqlashtirib turuvchi maxsus “Tarvuz eksporti shtabi” tashkil etilgan. Ushbu shtab tarvuz yetishtiruvchilar, eksportyorlarga ko‘maklashishga mo‘ljallangan. Bugungi kunda Ko‘kdala, Koson, Chiroqchi va boshqa tumanlardagi 679 nafar fermer va dehqon xo‘jaligiga qarashli 20 ming gektardan ortiq maydon raqamlashtirilib, har bir yer uchastkasining “Dala ID” ma’lumotlari shakllantirildi. Bu esa mahsulotning kelib chiqish manbai va fitosanitar holatini to‘liq kuzatib borish imkonini yaratmoqda.
Ayni paytda Qashqadaryo tarvuzlari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Belarus, Gruziya va Latviya kabi davlatlar bozorlariga eksport qilinmoqda. Joriy mavsumda 59 ming 779 tonna tarvuz eksport qilinib, 22,45 million dollarga teng mahsulot jahon bozoriga chiqarilgan.
Hududda mahalliy tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan suv tejamkor uskuna ishlab chiqaruvchi sexlar ham borki, ushbu korxonalarda tarvuz maydonlarida foydalanib, keyin chiqindi sifatida tashlab yuborilgan polietilen materiallardan turli o‘lchamdagi shlang va quvurlar ishlab chiqariladi. Bunday tashabbuslar nafaqat suvni tejash va yer unumdorligini oshirish, balki atmosfera hamda zamin ifloslanishining oldini olishga ham xizmat qiladi.
Shunday zamonaviy sanoat korxonalaridan biri “S PROMAX PLAST PREMIUM” bo‘lib, u 2024-yil dekabr oyida tashkil etilgan. Ushbu korxona ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik xavfsizlik va resurslardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratmoqda. Korxonada sanoat plastik chiqindilarini qayta ishlash tizimi joriy etilgan. Loyiha doirasida har yili 900 tonnagacha plastik sanoat chiqindilari qayta ishlanadi. Natijada ilgari xorijdan import qilingan ayrim qimmatbaho kimyoviy xomashyolar o‘rnini mahalliy qayta ishlangan xomashyo bosmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Ko‘kdala allaqachon xaritadagi ma’muriy birlik chegarasidan chiqib, ulkan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishning amaliy ifodasiga, ramzlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Oldin deyarli barcha imkoniyatlari cheklangan hudud qisqa vaqt ichida zamonaviy qiyofa kasb etib, rivojlanishning yangi sur’atini ko‘rsatyapti. Yo‘llar, maktablar, shifoxonalar, ish o‘rinlari, ma’rifatga, san’atga berilgan e’tibor — bularning barchasi xalqparvar siyosat samarasidir. Bugungi zamonaviy tumanlar qatoridan Ko‘kdala ham munosib o‘rin egallayotgani, hududda hayot sifatining o‘zgarib, ishbilarmonlik muhiti, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmaning shiddat bilan taraqqiy etib borayotgani bu o‘sish va o‘zgarishlar vaqtinchalik tashabbus emas, balki aniq hisob-kitobga asoslangan tizimli taraqqiyot natijasi ekanini ko‘rsatmoqda.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri