Qonunga koʻra, odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, inson organizmining funksional tizimlarida va shovqinga sezgir boʻlgan aʼzolarida jiddiy oʻzgarishlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va normalarida belgiladigan shovqin darajasi shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasi hisoblanadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan yuqori, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqinlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- turar joy binolari hududida insonlarning maishiy, uy-xoʻjalik faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin;
- qurilish maydonlaridagi mehnat faoliyati tufayli hamda qurilish texnikasi va transport vositalaridan yuzaga keladigan shovqin;
- turli toifalardagi transportlarning ishlashi va harakatlanishi natijasida yuzaga keladigan shovqin va boshqalar.
Qonunda belgilangan tartibda quyidagi vaqt oraligʻida shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan ortiq shovqin chiqarish orqali fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yoʻl qoʻyilmaydi:
- ish kunlari soat 23.00 dan 07.00 gacha;
- dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22.00 dan 09.00 gacha.
Shovqinning zararli taʼsiri natijasida yetkazilgan zarar uchun sud tartibida kompensatsiya undirilishi mumkin.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.