Madaniyat kunlari doirasida kuni kecha Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi “Sejong Art Center”ning “Grand Theater” konsert zalida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi hamda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. (Seulda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimidagi konsert dasturini YouTube platformasida https://www.youtube.com/live/SzDOSmYSefI tomosha qilishingiz mumkin.)

Tadbirda O‘zbekistonning boy milliy musiqa va san’at merosi keng namoyish etildi. Madaniy dasturda O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, Kamoliddin O‘rinboyev, Ilyos Arabov va Aygul Nodirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova, shuningdek, taniqli xonandalar Hulkar Abdullayeva va Ulug‘bek Yo‘lchiyev ishtirok etdi. Shuningdek, konsert dasturidan O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, “Navbahor” raqs ansambli, maqom va opera san’ati xonandalarining chiqishlari o‘rin oldi. Tomoshabinlarga o‘zbek simfonik musiqasi, milliy raqs, maqom va opera san’ati hamda zamonaviy estrada namunalari taqdim etildi.

Mazkur madaniy tadbirlarning asosiy maqsadi O‘zbekistonning boy madaniy merosi, zamonaviy san’ati va milliy qadriyatlarini Koreya jamoatchiligiga keng namoyish etish, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ijodiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Madaniyat kunlari dasturi keng qamrovli bo‘lib, Koreya Respublikasining turli shaharlarida simfonik konsertlar, ko‘rgazmalar, uchrashuvlar va boshqa madaniy tadbirlarni qamrab olgan.

Jumladan, 14-sentabr kuni Kochxon shahridagi “Gochang Cultural Center” majmuasida, 15-sentabr kuni Boryon shahridagi “Boryeong Culture and Arts Center” majmuasida “O‘zbek madaniyati fasllari” simfonik konsert dasturlari namoyish etildi. 16–17-sentabr kunlari Seul shahridagi “Sejong Art Center”da madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘zbek madaniyati fasllari” foto va milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Dasturga muvofiq, 18-sentabr kuni Chondju shahridagi “Korean Traditional Music Center”, 19-sentabr kuni Andon shahridagi “Andong Art Center” majmualarida “O‘zbek madaniyati fasllari” simfonik konsert dasturlari o‘tkaziladi. 21-sentabr kuni esa Sunchxon shahridagi “Suncheon Cultural Center” majmuasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali yopilish marosimi va konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.

Madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan Koreya Respublikasida madaniyat va san’at, ta’lim hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

Xususan, Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Chxve Xvi Yon o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Seuldagi “Sungshin Women's University” universitetida bo‘lib, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda “Sungshin Women's University” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida madaniyat va san’at sohasida ta’lim hamda tajriba almashinuvini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik aloqalarni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Koreya Respublikasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasidagi uchrashuvlari doirasida Koreya Respublikasi jamg‘armasi prezidenti Gvido Song bilan ham muloqot tashkil etildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Madaniyat kunlari doirasida Koreya Respublikasida “San’at va Buyuk Ipak yo‘li — do‘stlik yo‘llarini bog‘lovchi rishtalar” ko‘rgazmasi ham ochildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, san’ati va ijodiy an’analari namunalari koreys jamoatchiligiga taqdim etilmoqda.

Keng qamrovli madaniy dastur O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, ikki mamlakat ijodkorlari va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.