Adliya vazirligi Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarorini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Hujjat 2026 yil 30 sentyabrda 3948-son bilan roʻyxatga olingan.
Yangi talablarga koʻra, banklar kredit reklamasida kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik isteʼmolchi uchun moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berishi kerak.
Bunda ogohlantirish bosma va elektron reklama maydonining, audio va videoreklama davomiyligining kamida 10 foizini egallashi lozim.
Shuningdek, kredit shartnomasining birinchi sahifasida, asosiy matndan oldin, sahifa yuzasining kamida 30 foizini egallaydigan ogohlantirish axboroti joylashtirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, isteʼmolchini chalgʻituvchi deb topilgan kredit mahsuloti taklif etilgan holatlarda Markaziy bank bankning ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishini yoki infratuzilmasini kengaytirishini olti oygacha cheklashi yoki taqiqlashi mumkin.
Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi.