Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quva tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holat aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, besh nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, hech qayerda rasmiy ishlamagan bo‘lsa-da, o‘zlarini Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism xodimlari sifatida ko‘rsatgan.

Ular soxta mehnat shartnomalari hamda go‘yoki ish haqi olgani haqida ma’lumotnomalar tayyorlab, tijorat bankining Quva tumani filialiga taqdim etgan. Shundan so‘ng ushbu hujjatlar asosida bankdan 428,8 million so‘m kredit mablag‘i olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.