2026-yil 23-aprel kuni Toshkent shahar Islom Karimov nomidagi “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan chegara bojxona postida madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqishga urinish holati aniqlangan.
Ushbu ashyolarning tarixiy va madaniy qiymatini aniqlash maqsadida ular belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi Badiiy ekspertiza boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu 24 dona tilla tangalar Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq madaniy boyliklar toifasiga kirishi hamda tarixiy ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, tangalarning 1897–1911 yillarda zarb etilgani va ularning taxminiy qiymati 219 million so‘mni tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan ashyoviy dalillarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga topshirish tavsiya etildi.
Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq mazkur madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi.