Loyihaga ko‘ra, to‘y, yubiley, nikoh va boshqa tadbirlardagi har bir chiqish «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida alohida hisobga olinib, soliqka tortilishi rejalashtirilgan.
Ayrim fuqarolar bu tashabbus yuzasidan soliq adolati ta’minlanishi kerakligini ta’kidlab, turli sohalarda ishlovchilar allaqachon belgilangan tartibda soliq to‘lab kelayotganini qayd etmoqda.
Madaniyat vazirligi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirib, loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Vazirlik ta’kidlashicha, hozirda ham san’atkorlar amaldagi qonunchilik asosida soliq to‘lab kelmoqda. Xususan, ular har oy ijtimoiy soliq (kamida 412 ming so‘m) hamda yillik daromadidan 12 foiz soliq to‘laydi.
Shu bois «san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi» degan qarashlar to‘liq haqiqatga mos emasligi qayd etildi.
Qaror loyihasining ayrim bandlariga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash, sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda qator normalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha Madaniyat vazirligi o‘z taklif va e’tirozlarini bildirganini ma’lum qildi.
Madaniyat vazirligi mazkur loyiha yuzasidan muhokamalarda konstruktiv yondashuv tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Vazirlikning asosiy maqsadi bir tomondan, sohada shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, ikkinchi tomondan esa, ijodkorlar faoliyati uchun barqaror, adolatli va amaliy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni saqlab qolishdan iboratligini bildirdi.