Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi taqdim etgan infografikaga koʻra, 2024-yilda test sinovlarida 189 ball olgan bitiruvchilar soni 101 nafar boʻlgan. 2025-yilda esa bu koʻrsatkich 619 nafarga yetgan.
Shuningdek, 2026-yilda bitiruvchilarning oliy taʼlimga kirish test sinovlaridagi oʻrtacha natijasi 92,5 ballni tashkil etdi. Bu 2025-yildagi 80,9 ballga nisbatan 11,6 ball yuqori.
Hududlar kesimida test sinovlaridagi oʻrtacha eng yuqori natija Navoiy viloyatida qayd etilgan — 112,8 ball. Keyingi oʻrinlarda Buxoro viloyati — 110,8 ball, Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 94,8 ball, Fargʻona viloyati — 94,7 ball va Toshkent shahri — 94 ball bilan qayd etilgan.
Davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari ulushi ham soʻnggi yillarda oshgan. 2022-yilda bu koʻrsatkich 22,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilda 27,4 foizga yetdi.
2026-yilda 454 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomlagan. Ularning 333 463 nafari, yaʼni 73 foizi, oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan.
Joriy yilda 34 681 nafar bitiruvchi davlat granti asosida oʻqishga tavsiya etildi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 4 800 nafarga koʻp.
Shu bilan birga, 56,7 balldan past natija koʻrsatgan bitiruvchilar soni oʻtgan yilga nisbatan 5 foizga, yaʼni 13 ming nafarga kamaygan.
Oliy taʼlimga kirish boʻyicha davlat muassasalariga qabul koʻrsatkichi eng yuqori hududlar qatorida Navoiy viloyati 52,5 foiz bilan birinchi oʻrinni egallagan. Buxoro viloyatida bu koʻrsatkich 37,9 foiz, Jizzax viloyatida esa 35,9 foizni tashkil etgan.