Maktab darvozasiga yaqinlashgan muallim hayratlanib atrofga boqdi. Kirish joyining ikki tomonida turli rusumdagi mashinalar joy olgandi. Birma-bir sanab chiqdi, 21 ta! Bunisi Anvarniki, bunisi Azizniki... Ikkita yangi mashina kimga tegishli ekanini bilmadi. Xullas, bularning bari shu maktab o‘qituvchilarga tegishli. E’tibor qilmas ekan, kasbdoshlarining aksari yangi ulovda yurarkan. Hisoblab ko‘rsa, shu dargohda ishlovchilarning deyarli ellik foizida yengil mashina bor. “Muallimlar ham mashina minadigan vaqt kelibdi-ku”, deb qo‘ydi o‘ziga o‘zi: “shu kunlarga yetkazganingga shukr”.
Maktab ostonasiga qadam tashlarkan, ilk bor o‘qituvchi bo‘lib ishga kelgan yillari yodiga tushdi. Eh-ye, u vaqtlarni eslasa, yuragi orqaga tortadi. O‘shanda 1982 yil kuzi edi. Oliygohni bitirib, qishlog‘iga qaytgan yoshgina Niyozmuhammad Panjiyev quchog‘ida bir olam orzular bilan maktabga ishga kirdi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgani bois, ijodga, ayniqsa, she’riyatga qiziqishi yuqori edi. O‘zicha, boshqalardan o‘zgacha tarzda dars o‘tish, namunali bo‘lishga intilardi. Afsuski, bu ishtiyoqi uzoqqa cho‘zilmadi.
Dastlab hamkasblari davrasiga o‘tirib, suhbatiga quloq tutdi. Tajribali ustozlardan nimadir o‘rganaman degan edi. Ammo muallimlar u o‘ylaganidek dars mashg‘ulotlari haqida emas, turmush tarzi, turli muammolar haqida gaplashishardi. Birovi uyidagi yetishmovchilik, yana biri qarzi ko‘payib qolgani, boshqasi sog‘lig‘i haqida gurung berardi. Bu holat deyarli har kuni davom etardi. Yosh muallim bir-ikki yilda o‘zi ham dardlashadigan bo‘lib qoldi. Boisi, endi uning oilasi bor. O‘ziga yarasha tashvishi ortgandi. Lekin maoshi oydan oyga yetmay, qarzdor bo‘lib qolardi. Buyog‘i hali o‘quv yilidan oldin paxta terimi boshlanardi. Shu bois, dekabr oyining yarmiga qadar dalada sarsonu sargardon yurishga majbur edi. Oradan uch-to‘rt oy o‘tmasdan yana dalaga ishga borish kerak. Bu holatda ustozlar qachon dars o‘tadi, bolalar qachon o‘qiydi? Bu savollar javobsiz edi.
“Bir paytlar uch-to‘rt oylab maoshsiz ishladik, — deydi N.Panjiyev. — Topganimiz o‘zimizdan ortmay qoldi. Asta-sekin erkak o‘qituvchilar maktablarni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Boshqa iloj ham yo‘q edi. Sanoqliginalari qoldi. To‘g‘risi, ancha yillar ta’lim-tarbiya chetga surilib, faqat qishloq xo‘jaligi bilan ovora bo‘lib qoldik. Yig‘ilishlarda ham faqat paxta, chopiq, dala tozalash so‘ralardi. Maktab direktorlari ta’lim sifati emas, dala ishlarida faol ishtirok etmagani uchun intizomiy jazo olardi. Ba’zilar shu sabab ishdan haydaldi.
Iqtidorli, o‘z fani bilimdoni bo‘lgan o‘qituvchilarning bilim darajasiga emas, dala ishlaridagi ishtirokiga qarab baho berildi. Oqibatda yaxshi mutaxassislar sevimli kasbini tashlab ketdi. O‘sha paytlarda na o‘quv xonalariga, na shart-sharoitga e’tibor qaratildi. Qishda sinf xonalar sovuq, yozda issiq. Darsliklar yetishmasdi. Hech kim ta’lim sifati, samaradorlik haqida so‘ramadi. Hatto 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayramini ham paxta dalasida o‘tkazishardi.
Ochig‘i, o‘qituvchilik kasbi yildan yilga og‘irlashib bordi. Ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Ilgari bank plastik kartasiga tushgan oylik maoshimizni emin-erkin ishlata olmasdik. Bozorda terminal, ko‘chada hozirgidek bankomat yo‘q edi-da. Noiloj ish haqimizning 20 foizini berib, yana iltimos bilan naqd qilib olardik. Dardingni birov eshitmaydi. Mashina tugul, yangi kiyim olishga qurbimiz yetmasdi. Bugun o‘qituvchining yelkasiga oftob tegdi deya baralla aytish mumkin. Oyligi otning kallasidek. Har kuni bir muallim mashina oladi. Yangi uy-joy qurmoqda. Turmushi yaxshilandi. Oilasiga xotirjamlik qaytdi. Misol uchun, bizning maktabda hozir 15 o‘qituvchi ming dollar, 4 nafari 2 ming dollardan ziyod maosh olyapti. Essiz yoshligim, deyman. Bularga havasim keladi. Shuncha imkoniyat bor, endi faqat ishlash kerak.
Yana bir gap. Bir paytlar maktabda sanoqligina erkak o‘qituvchilar qolgandi. Bari turmush tashvishi bilan boshqa ishga o‘tib ketgandi. Yoshlarga: “O‘qituvchi bo‘lasanmi?” desangiz, teskari qarab ketardi. Shukr, bugun yigitlar o‘qituvchi bo‘lish orzusida oliygohlarda tahsil olmoqda. Maktablarda erkak muallimlar safi kengaymoqda”.
Niyozmuhammad muallim Mirishkor tumanidagi 20-maktabida 44 yildan buyon yoshlarga saboq berib keladi. Fidoyiligi bois, bir qator tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2017 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Ayni paytda o‘quvchilarning sevimli muallimi bo‘lish bilan birga jamoasining malakali ustozi sifatida yosh hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri