Ular sentyabr oyidan bosqichma-bosqich Buxoro, Qarshi, Samarqand, Qibray, Farg‘ona, Urganch shaharlari hamda Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazlari negizida tashkil yetish nazarda tutilgan.

Shuni takidlash joizki, Buxoro shahri Kasbiy ko‘nikmalar markazida yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar berish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Markaz pedagoglarining kasbiy mahorati respublika miqyosidagi natijalarda ham o‘z ifodasini topyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy kasbiy mahorat tanlovining respublika bosqichida Buxoro shahri Kasbiy ko‘nikmalar markazining sartaroshlik yo‘nalishi o‘quvchisi Alirizo Salomov va uning o‘qituvchisi Nozima Achilova, moda texnologiyalari yo‘nalishi o‘quvchisi Nilufar Salimova va o‘qituvchisi Sayram Ortiqova g‘olib bo‘ldi.

Buxoro viloyatining tanlovdagi umumiy natijasi ham e'tiborga molik. Respublika bosqichida viloyat vakillari 3 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza — jami 13 ta medalni qo‘lga kiritib, hududlar orasida medallar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.

Buxorolik yoshlar sartaroshlik, moda texnologiyasi — tikuvchilik, oshpazlik, kompyuter grafikasi, quruq qurilish va suvoq ishlari, yengil avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash hamda santexnika yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Jumladan, sartaroshlikda 1- va 2-o‘rinlar, moda texnologiyasi — tikuvchilikda 2- va 3-o‘rinlar, oshpazlikda 2-o‘rin, kompyuter grafikasida 2- va 3-o‘rinlar egallandi. Quruq qurilish va suvoq ishlarida ikki nafar ishtirokchi 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yengil avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishda 2-o‘rin, payvandlashda ikki nafar ishtirokchi 3-o‘rin, santexnikada esa 3-o‘rin qayd etildi.

Tanlovda ishtirok etgan 13 nafar buxorolik yoshning yuqori natijasi ularning puxta tayyorgarligi bilan bir qatorda, tajribali ustoz va murabbiylar mehnatining ham samarasi bo‘ldi.

Malakani baholash markazlarini tashkil etish esa kasbiy ko‘nikmalarni tan olishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan. Yangi tizim norasmiy va informal talim hamda amaliy tajriba asosida egallangan ko‘nikmalarni belgilangan mezonlar asosida baholash va tan olish imkonini kengaytiradi.

Bu esa fuqarolarning haqiqiy kasbiy salohiyatini tasdiqlash, malakasini rasmiylashtirish va mehnat bozoridagi imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

Milliy tanlovning yana bir muhim jihati shundaki, g‘oliblar va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish hamda ularni WorldSkills International xalqaro kasbiy mahorat musobaqasiga tayyorlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.