Bu favvoralar bilan shoʻxchan oʻynashayotgan, koʻngillarga xushnudlik ulashayotgan nasimi nayson — yangi Oʻzbekistondagi ulkan islohotlarning muattar shabadasi. Qadimiy inshootlar, koʻhna devorlar poyida qad rostlayotgan muhtasham majmualar esa biz intilayotgan Uchinchi Renessansning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.

Fargʻonaning fayzli saharida, moviy osmon ostida nur taratayotgan Margʻilon shahrida yana bir maʼrifat quyoshi charaqladi. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi hamda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilishi nafaqat fargʻonaliklar, balki butun islom olami, ilm-fan ahli uchun tarixiy shodiyonaga aylandi. Ushbu maskan oʻtmishning oltin halqalari bilan ertangi kunning yorqin ufqlarini bir-biriga bogʻlagan, ajdodlar ruhini avlodlar shijoati bilan tutashtirgan dargohdir.

Prezidentimizning mazkur tantanali marosimdagi har bir soʻzi, har bir fikri zimmamizga ulkan masʼuliyat va sharaf yukladi. Zero, maʼrifat ahli uchun bu kabi eʼtibor — ijodiy parvozlar va yangi ilmiy kashfiyotlar uchun bitmas-tuganmas kuch-quvvat manbai.

Mamlakatimiz hayotida tarixiy voqealar silsilasi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimida “Bugun biz orzu qilayotgan yangi Buxoriy, Termiziy, Fargʻoniy, Xorazmiy va Margʻinoniylar avlodi qayerdan yetishib chiqadi? Albatta, ular mana shunday maʼrifat, ilm va ziyo maskanlarida tarbiya topadi”, dedi. Bu soʻzlar biz, oliy taʼlim mutasaddilari va professor-oʻqituvchilar zimmasiga ulkan vazifa yuklaydi.

35 gektar maydonda barpo etilgan ushbu muhtasham majmua tarkibidagi Islom huquqshunosligi instituti nafaqat diniy, balki huquqiy va ijtimoiy fanlar rivoji uchun ham poydevor boʻladi.

Yillar davomida koʻnglimizning tub-tubida bir armonli savol bizni qiynab kelar edi: nima uchun dunyo xalqlari oʻzlarining afsonaviy qahramonlarini shunchalik eʼzozlaydilaru, biz jonli tariximizga, milliy mentalitetimiz timsoli boʻlgan qahramonlarimizga kelganda bir oz ortda qolmoqdamiz? Masalan, “Tarix otasi” deya eʼtirof etiladigan Gerodot haqida hamma biladi. Bugun Gretsiyadagi Akropolga borgan har bir sayyohga togʻ choʻqqisidagi ulkan xarsangni koʻrsatib, “Gerodot aynan shu yerda oʻtirib shogirdlariga dars bergan”, deyishadi. Bu shunchaki rivoyat boʻlsa-da, butun dunyo unga ishonadi, uni hurmat bilan ziyorat qiladi.

Xoʻsh, shunday ekan, nima uchun haqiqiy tarixiy voqealarga asoslangan, har bir jumlasidan milliy ­oʻzligimiz ufurib turadigan “Oʻtkan kunlar” asari qahramonlari — sadoqat va muhabbat timsoli boʻlgan Otabek va Kumushbibi yashagan Mirzakarim qutidor hovlisini ulugʻvor namunada barpo etmasligimiz kerak? Axir Otabek timsolida oʻzbek yigitining bukilmas qaddi va gʻururi, Kumushbibi siymosida esa oʻzbek qizining tengsiz ibosi va yuksak maʼnaviy qiyofasi mujassam-ku!

Uzoq yillar davomida konsepsiya ustida bosh qotirilgan, barchamizni oʻylantirib kelayotgan bu ezgu savollar bugun oʻzining amaliy javobini topdi. Prezidentimizning maʼrifat maskani — Fargʻonaga tashrifi arafasida aynan Margʻilonda milliy qadriyatlarimiz aks etgan bu kabi obidalarning qad rostlashi biz — olimlar va ziyolilarning koʻnglini togʻdek koʻtardi. Endi ushbu majmuaga kelgan har bir yosh nafaqat binolar mahobatini koʻradi, balki Abdulla Qodiriy tasvirlagan oʻsha samimiy hayotni, milliy axloq-odobimizning yuksak choʻqqisini his qiladi. Bu hovli shunchaki meʼmorchilik obidasi emas, balki oʻzligimizga, tariximiz va kelajak avlodlar tarbiyasiga sadoqatimiz ramzidir. Bu maskan Fargʻona davlat universiteti talabalari va yosh olimlari uchun ham chinakam amaliyot va tadqiqot maydoniga aylanishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, Fargʻona bugun barcha sohada oʻzining tajriba maktabiga ega boʻlib bormoqda. Rishton kulolchiligi, Qoʻqon hunarmandchiligi va Margʻilonning ipakchilik anʼanalari endi ilmiy asosda tadqiq etiladi. ­Prezidentimizning fargʻonalik ustoz sanʼatkorlar mahorat maktablarini tashkil etish boʻyicha tashabbuslari universitetimizning sanʼatshunoslik va madaniyat yoʻnalishlari uchun yangi ufqlar ochadi. Biz Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov kabi buyuk ovoz sohiblarining ­anʼanalarini davom ettiradigan yosh isteʼdod egalarini tarbiyalashda ushbu majmua imkoniyatlaridan keng foydalanamiz.

Margʻilon qadimdan “Maʼrifat ahlining vatani” deb atalgan. Bugun esa ushbu nom zamonaviy infratuzilma, turizm salohiyati va ilm-fan yutuqlari bilan boyitilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, AT parklar va taʼlim muassasalari Fargʻonaning qiyofasini tubdan oʻzgartirmoqda. Bu islohotlar zamirida xalqni rozi qilish maqsadi mujassam.

Biz — Fargʻona davlat universiteti jamoasi ­Prezidentimizning nutqidan kelib chiqib qator vazifalarni oʻzimiz uchun belgilab oldik. Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari va boshqa huquqiy merosini zamonaviy huquqshunoslik bilan bogʻlagan holda tadqiq etish, majmuaning turizm salohiyatini oshirish uchun gid-tarjimonlar tayyorlash va hudud tarixini ilmiy asoslab berish shular jumlasidan.

Tashrif viloyatimiz uchun yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Biz, ziyolilar ushbu ezgu ishlarning faol ishtirokchisi boʻlib, yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishda bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori