Zarhal yuritilgan kumushdan tayyorlangan ushbu nafis buyumlar amaliy vazifasi bilan birga egasining ijtimoiy mavqei va qudratini ham namoyon etgan.
Mazkur artefaktlar mintaqada shakllangan yuksak metalsozlik va zargarlik anʼanalarining yorqin
namunasidir. Oʻsha davrda ot nafaqat transport vositasi, balki harbiy kuch,
siyosiy nufuz va saroy marosimlarining muhim ramzi boʻlgan. Shu sababli ot
jabduqlari koʻpincha qimmatbaho metallardan tayyorlanib, murakkab naqshlar
bilan bezatilgan.
— Ushbu bezaklar
zarhallangan kumushdan ishlangan boʻlib, ularning yuzasiga oʻyma va naqsh
solish texnikasi qoʻllangan, — deydi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov. — Metall ustalari kumush yuzasiga nafis
islimiy va girih uslubidagi naqshlarni oʻyib, soʻng oltin qoplama bilan bezab,
buyumlarga hashamat bagʻishlagan. Har bir detal taxminan 7,5 santimetr
diametrga ega boʻlib, ot jabduqlarining turli qismiga — jilov, yugan yoki
tasmalarga mahkamlangan.
XIV asrda Markaziy
Osiyo davlatlari harbiy otliq qoʻshinlari bilan mashhur boʻlgan. Ayniqsa, bu
davrda shakllangan harbiy anʼanalar keyinchalik temuriylar davrida yanada
takomillashgan. Ot jabduqlarini bezash sanʼati esa saroy ustaxonalari va
zargarlik markazlarida rivojlangan. Bunday buyumlar koʻpincha hukmdorlar,
amirlar yoki yuqori martabali lashkarboshilarga tegishli boʻlgan.
Bugun ushbu noyob
bezaklar Buyuk Britaniyadagi mashhur kolleksiyadan olib kelinib, Islom
sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda. Majmuada koʻplab bunday noyob va asl
nusxadagi artefaktlar bilan tanishish mumkin. “Ular Markaziy Osiyo
hunarmandchiligi, xususan, oʻrta asr metall sanʼati naqadar yuksak darajada
rivojlanganini koʻrsatib beruvchi muhim tarixiy dalildir”, deyiladi markaz
xabarida.
Laylo ABDUQAHHOROVA