Mazkur harakatlar natijasida madaniyat va sanʼat sohasi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilyapti, jamiyatda maʼnaviy muhit yuksalayotir, ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, milliy madaniyatning raqobatbardoshligi ortmoqda. Shu bilan birga, tarixiy merosni asrash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish orqali madaniy turizm kengayib, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga ham sezilarli hissa qoʻshmoqda.
Teatr sanʼati
shunchaki sahnadagi tomosha emas, balki insoniyatning oʻzini anglash vositasi
va yuksak maʼnaviyat maskanidir. Unda hayotiy voqealar, insoniy tuygʻular va
jamiyatdagi dolzarb masalalar jonli ijro orqali tomoshabin qalbiga yetkaziladi.
Kino,
televideniye yoki internetdan farqli oʻlaroq, teatrda aktyor va tomoshabin
oʻrtasida bevosita ruhiy aloqa oʻrnatiladi. Tomosha davomida yuzaga keladigan
energiya almashinuvi insonni chuqur mulohaza yuritishga, yaxshilikni
yomonlikdan ajratishga chorlaydi. Shu bois, teatr asrlar davomida oʻz
jozibasini yoʻqotmay, maʼnaviy poklanish va tarbiya oʻchogʻi boʻlib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimizda teatr sanʼatiga qaratilayotgan eʼtibor va
gʻamxoʻrlik natijasida
sohaning rivojlanish surʼati sezilarli darajada oshdi. Yangi tashabbuslar, zamonaviy
yondashuvlar va tizimli islohotlar nafaqat ichki imkoniyatlarni kengaytirmoqda,
balki xalqaro maydonda ham sohaning mavqeini mustahkamlayotir.
Davlatimiz
rahbarining 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi
ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha taraqqiyotida yangi davrni boshlab
berdi.
Ushbu hujjat
asosida “milliy qahramon” va “inson qadri uchun” mavzularida spektakllar
yaratish, dramaturg va rejissyorlar uchun maxsus mukofotlar joriy etish,
taʼlim va amaliyot uygʻunligini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni
qoʻllab-quvvatlash, teatr jamoalari faoliyatini reyting asosida baholash,
nodavlat teatrlarni ragʻbatlantirish, hududlarda gastrol va madaniy
xizmatlarni kengaytirish kabi koʻplab ustuvor vazifalar belgilandi.
Buning samarasini
yurtimiz teatrlarida qator jiddiy mavzularda yuksak saviyali spektakllar
sahnalashtirilayotganida koʻrmoqdamiz.
2026-yilning
18-19-aprel kunlari Oʻzbekiston davlat drama teatrida premyerasi boʻlib oʻtgan,
buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bebaho adabiy merosi —
“Layli va Majnun” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl ana shunday muhim
madaniy voqelik boʻldi.
Bugungi
globallashuv davrida turli begona gʻoya va madaniy taʼsirlar kuchayib borayotgan
bir sharoitda Navoiy merosi yosh avlodning maʼnaviy dunyosini boyituvchi,
milliy oʻzlikni asrashga xizmat qiluvchi bebaho manba sifatida alohida ahamiyat
kasb etadi. Bu meros insonni yuzaki koʻngilochar narsalardan koʻra chuqurroq
mushohada yuritishga va hayotning mazmuni haqida teran oʻylashga undaydi.
Mumtoz
adabiyotimiz durdonalarining teatr sahnasiga olib chiqilishi nafaqat madaniy
merosni saqlash, balki uni xalqchil tilda qayta jonlantirish vositasidir.
Sahnadagi har bir chiqish orqali xalqimizning necha asrlik qadriyatlari, milliy
oʻzligi va maʼnaviy ildizlari zamonaviy avlod uchun yangidan kashf etiladi.
Gʻoya muallifi va
adabiy maslahatchi — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton, inssenirovka
muallifi — Ikrom Iskandar, sahnalashtirish badiiy rahbari — Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Olimjon Salimov, sahnalashtiruvchi rejissyor
Asqar Xolmoʻminov kabi professional ijodkorlar mehnati mahsuli boʻlgan ushbu
asar jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.
“Layli va Majnun”
dostoni shunchaki ikki yoshning fojiaviy muhabbati haqidagi qissa emas, balki
inson ruhining yuksalishi va maʼnaviy kamolot bosqichlarini yoritib beruvchi
yuksak falsafiy asardir.
Unda Qaysning
Majnunga aylanish jarayoni — insonning oʻz nafsini jilovlashi, dunyoviy
manfaatlardan voz kechib, ilohiy ishq va mutlaq haqiqatga intilishi ramziy
tilda bayon etilgan. Majnunning sahrodagi uzlatda yashashi uning ichki
olamidagi hayvoniy sifatlarni yengib, komil inson darajasiga koʻtarilganidan
dalolat beradi.
Asar insonni sadoqat,
hayo va qatʼiyat kabi olijanob fazilatlar ruhida tarbiyalaydi. Layli
siymosidagi iffat va sabr, Majnun obrazidagi cheksiz fidoyilik va ahdga
sodiqlik har bir davr kishisi uchun oʻziga xos axloq maktabi boʻlib xizmat
qiladi.
Navoiy bu doston
orqali insonning haqiqiy qiymati tashqi koʻrinishi yoki ijtimoiy kelib chiqishi
bilan emas, balki qalbining pokligi va ezgu gʻoyalar yoʻlidagi ruhiy matonati
bilan oʻlchanishini uqtiradi.
Spektaklning
oʻziga xos tomoni unda Alisher Navoiy obrazining roviy sifatida ishtirok
etishidir. Bu, bir tomondan, tomoshabinlarga Navoiy bobomizning ichki
kechinmalarini koʻrsatib berish imkonini yaratsa, ikkinchi tomondan, sahna
imkoniyatlari yetmaydigan muhim nuqtalarga roviy orqali alohida eʼtibor
qaratishga xizmat qilgan. Spektaklda Navoiy tilidan uning turkiy til qudrati va
bu tilda yuksak asar yaratish ishtiyoqi haqidagi mashhur baytlari yangraydi.
Bu orqali
mutafakkir bobomizning nafaqat ishq kuychisi, balki milliy tilimiz va
davlatchiligimiz fidoyisi boʻlgani yana bir bor namoyon etiladi. Spektaklni
koʻrgan tomoshabin uning ayni shu jihatlariga eʼtibor qaratishi joiz.
Mazkur spektakl
tomoshabindan muayyan maʼnaviy tayyorgarlikni talab etadi. Zero, asarni Navoiy
ijodidagi ramziylik hamda tasavvufiy kechinmalarni anglamay turib tomosha
qilgan inson uni Shekspir asarlari ruhida yaratilgan fojiali sevgi qissasi
sifatida qabul qilishi mumkin. Aslida, bu asar inson ruhining yuksaklikka
intilishi, ilohiy ishq va komillik ifodasi sifatida talqin etilgan.
Mazkur spektaklni Shekspirning
“Romeo va Julyetta” fojiasiga qiyoslash mumkin, biroq ularning mohiyati
oʻrtasida ulkan tafovut mavjud. Shekspir tragediyalarida insoniy taqdirlar real
hayotiy chizgilar va ehtiroslar fonida tasvirlansa, Navoiy dostonlarida
falsafiy mushohada va komil inson gʻoyasi ustuvor. Bu asarlar shunchaki sevgi
qissasi emas, balki ramziy maʼnolar silsilasi orqali inson ruhini poklikka,
maʼnaviy yuksaklikka chorlovchi bir daʼvatdir.
Rejissyor ilohiy
ishq haqidagi doston — “Layli va Majnun”ni sahnalashtirar ekan, uning
sahnalarini bejiz “Romeo va Julyetta”ga qiyosan qurmagan. Spektakldagi
qahramonlarning niqoblarda chiqishi, Romeoning Julyettaga talpingani kabi
Qaysning temir konstruksiya yuqorisidagi Layliga talpinishi, ibn Salom va
Tibalt kabi qahramonlarning qiyosiy olinishi kabilar Navoiy dostonining nafaqat
Sharq afsonasi, balki umuminsoniy qadriyatlar ifodasi ekanini ham anglatadi.
Navoiy dahosi va
yuksak badiiyatini sahnaga koʻchirish oson ish emas. Unga mos sahnaviy ifoda
vositalarini topish ijodkorlardan katta mahorat talab etadi. Sintetik sanʼat
boʻlmish teatrda har bir komponentning oʻz oʻrnida va yuksak saviyada
qoʻllanishi, oʻzaro uygʻunligi juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sahna ochilganda
uning koʻndalangiga joylashtirilgan, har yerida narvonlari mavjud hamda
yuqorisida ishtirokchilarning ijrosi uchun hozirlangan, yuzaga ega boʻlgan
ikkita temir konstruksiya sahnani ikkiga ajratib turganini koʻramiz. Ichkarida
esa tomoshabinga gʻira-shira koʻrinadigan tarzda ishq kuychilari oʻtiribdi.
Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan artist Munojot Teshaboyeva hamda artistlar Zarifa
Alimqulova, Nodir Begmurodov, Yunus Asqarovdan iborat bu guruh ijrosidagi hazin
qoʻshiqlar, yuraklarni sel qilguvchi nolalar spektaklga ruh bagʻishlagan
boʻlib, dostonning tub mohiyatini ochishga xizmat qilgan. Umuman, rejissyorning
kompozitor Ayepbergen Otegenov bilan hamkorligi samarali boʻlgan deyish mumkin.
Spektaklda
jaranglagan musiqalarda nafaqat sharqona, balki Yevropa musiqasi bilan uygʻun
kompozitsiyalar ham borki, ular tomoshabinning tasavvurini cheksizliklarga olib
ketadi. Sahnaning ortiqcha bezaklarsiz, faqat gʻildirakli ikki qavatli
temirlardan iborat ekani ham koʻrsatilajak voqealarning bir hudud, bir davr
yoki bir mintaqaga oid emasligini, balki azalu abad afsonasi ekanini
jonlantirishga imkon bergan.
Sahnalashtiruvchi
rassom Mirjalol Xoliqov hamda liboslar boʻyicha rassom Raʼno Xayriddinovaning
spektakl badiiy yechimi borasidagi ishlari ham tomoshabin eʼtiborini tortadi.
Ssenografiyadagi
minimalizm eʼtiborni ortiqcha narsalardan saqlab, asosan voqealarga,
qahramonlar ruhiyatidagi holatlarga qaratishga yordam beradi. Bunda birgina
temir qurilma turli funksiyalarda namoyon boʻlib, spektaklning ramziyligini
yanada oshirgan. Ayniqsa, spektakl soʻnggida ushbu qurilmaning ikki sevishgan
tobuti vazifasini bajarishi hamda ularning qadrini bilmagan barchaning bu
tobut tagidan galma-gal oʻtib, goʻyoki ularni qabrga olib ketayotgan holatning
ifodalanishi juda taʼsirli boʻlib, spektaklning badiiy-gʻoyaviy jihatini
ochuvchi muhim nuqtadir.
Spektaklda tomoshabinlarning eʼtiborini tortuvchi asosiy vosita —
aktyorlar ijrosi. Oʻzbekiston xalq artisti Aziza Begmatova, Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan artistlar Ilhom Berdiyev, Madina Toʻxtayeva, Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Egamberdi Rahimov, shuningdek, Sirojiddin
Sattorov, Nodir Muhammadjonov, Bekzod Zokirjonov, Husniya Toʻramurotova,
Buoysha Ibrohimova, Poʻlat Normatov, Yunus Asqarov, Shukurjon Soʻfiyev kabi
isteʼdodli aktyorlar tomonidan ijro etilgan rollar spektaklning badiiy
taʼsirchanligi yanada oshishiga xizmat qilgan. Har bir aktyorning obrazga
chuqur kirib borishi, sahnadagi tabiiy harakatlari va his-tuygʻularni ishonarli
ifodalashi eʼtirofga loyiq.
Ushbu spektakl
premyerasi oʻzbek teatr sanʼatining kelajagiga yuksak umidni jonlantirdi.
Zero, spektakl zabardast rejissyor Bahodir Yoʻldoshevning hammaslagi rassom
Georgiy Brim bilan tandemdagi koʻplab ishlari, jumladan, Alisher Navoiyning
“Saddi Iskandariy” dostoni asosida (Shuhrat Rizayev inssenirovkasi) sahnalashtirilgan
“Iskandar” spektaklini teatr muxlislari yodiga soldi. Har ikkala spektaklda
ham tasavvufiy falsafa, inson umri va uning mazmuni borasidagi mushohada yorqin
namoyon boʻladi.
Shuningdek, Asqar Xolmoʻminov ayni spektakl orqali oʻzbek teatrining rejissyorlik
anʼanalarini tiklaganday boʻldi. Shu oʻrinda bunday xulosalar tasodifiy
emasligi va teatr sanʼati rivoji uchun yetuk rejissyorlar yetishtirib berish
muhim ekanini anglab, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida
rejissyorlarni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganini taʼkidlash
joiz.
Bu borada
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Olimjon Salimov, Oʻzbekiston xalq
artisti Valijon Umarovning talaba yoshlarga saboq berish uchun institutga jalb
etilgani taʼkidlangan ezgu maqsadlarning ifodasi deyish mumkin.
Teatr sahnasidagi
mumtoz obrazlar jamiyatda olijanob fazilatlar va yuksak estetik did tantanasiga
xizmat qiladi. Ushbu spektakl tomoshabin uchun chinakam maʼnaviy ozuqa va
milliy gʻurur manbai boʻlib qolgusidir.
Yana taʼkidlash
joizki, bugungi murakkab va tezkor axborot oqimlari davrida teatr sanʼati
insonni ichki sukunatga, tafakkur va mushohadaga chorlaydigan noyob makon
sifatida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, mumtoz merosimizni sahna talqinida namoyish etish orqali yosh
avlod ongida milliy oʻzlikni mustahkamlash, yuksak maʼnaviy qadriyatlar ruhida
tarbiyalash imkoniyati kengaymoqda. “Layli va Majnun” kabi asarlar sahnada
jonlanar ekan, ular nafaqat estetik zavq bagʻishlaydi, balki inson qalbida
ezgulik, sadoqat va poklik kabi tuygʻularni uygʻotib, jamiyat maʼnaviy
immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu sahna asarini
koʻrgan har bir tomoshabin Navoiyni oʻqigan boʻlsa, tasavvurlari yanada
teranlashadi, bordiyu chuqur oʻrganmagan boʻlsa, uni oʻrganishga ishtiyoqi
oshadi. Pirovardida esa u ham teatrga, ham adabiyotga oshno boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan, teatr jamoalari zimmasiga yanada katta
masʼuliyat yuklanadi. Har bir sahna asari tomoshabinga nafaqat zavq, balki
fikr, savol va ichki oʻzgarish olib kelishi lozim. “Layli va Majnun” spektakli
ana shunday asarlar sirasiga kirib, tomoshabinni oʻz ruhiy olamiga nazar
tashlashga undaydi.
Nodirbek
SAYFULLAYEV,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va
madaniyat
instituti rektori, professor